47 proyektor, 100 dizayner va bitta gʻoya
🔴 Islom sivilizatsiyasi markazi binosidagi koʻpchilikni hayratga solayotgan 3D mepping-shou tajribasi haqida haqiqatlar ochiqlandi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida hozircha tajriba sifatida namoyish etilayotgan 3D mepping-shou – bu tarixiy yoki maʼrifiy gʻoyani yetkazish uchun yaratilgan zamonaviy texnologiyali sahna asari. Rossiyaning “Sila Sveta” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha – 47 ta “Barco” 45 000 yorugʻlik oqimiga ega proyektorlar, 25 daqiqalik ijodiy ish, taxminan 100 nafar ijodiy-texnik jamoa va 50 nafar dizaynerning mehnati natijasidir. Ushbu shou texnologik murakkablik va maʼnaviy mazmunni uygʻunlashtirishga qaratilgan boʻlib, hozircha tajriba bosqichida boʻlsa-da, xalqaro va mahalliy auditoriyada sezilarli rezonans uygʻotmoqda.
Gʻoyaning tugʻilishi
“Sila Sveta” kompaniyasining hammuassisi va kreativ direktori Aleksandr Usning taʼrificha, bu loyiha “Markaziy Osiyodagi eng katta shoulardan biri” boʻladi. Unga koʻra, bu gʻoya shunchaki yoritilgan devorlar yoki effektli proyeksiyalar yigʻindisi emas, balki Oʻzbekiston tarixini yangi vizual shaklda hikoya qiluvchi badiiy yoʻl.
– Biz bu shou ustida yarim yil davomida ishladik. Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va ularning ilmiy jamoasi bizga tarixiy manbalar, buyuk olimlar, shaharlar haqidagi chuqur maʼlumotlarni jamlashga katta koʻmak koʻrsatdi. Bu biz uchun juda hayajonli ish boʻldi. Oʻzbekiston sivilizatsiyasi, uning olimlari va faylasuflari haqida oʻrganish – butun jamoamiz uchun bir sarguzashtga aylandi, – deydi Us.
Markazda tarixni yaratgan insonlar
Mepping-shouning markaziy gʻoyasi Oʻzbekistonni tarix davomida buyuk sivilizatsiya darajasiga olib chiqqan insonlarni yodga olishdir. Bu shouda voqealar emas, balki insonlar – allomalar, shoirlar, hukmdorlar, olimlar diqqat markaziga chiqarilgan. Ibn Sino, Xorazmiy, Imom Buxoriy, Ulugʻbek Mirzo, Amir Temur kabi siymolar bu yorugʻlik hikoyasining markazida turadi.
“Biz Yevropa qarashlariga yaqin odamlarmiz, lekin aslida koʻplab narsa aynan shu yerdan, Oʻzbekistondan boshlanganini bilib hayratda qoldik. Masalan, arifmetika, yulduzlarni oʻrganish, tibbiyot, hatto yoqilgʻi sohalarining ildizi shu yerda yotadi. Biz uchun bu ishda koʻplab narsa qaytadan kashf etilgandek boʻldi. Shu sababli biz bu ishni katta zavq bilan qildik. Bizning maqsad - ilm ahli uchun ham, yosh bolalar uchun ham birdek taʼsirli boʻlgan jonli tomosha yaratish”, – deydi Aleksandr.
Shouning ramziy maʼnosi
Shouning eng muhim ramzi – Qurʼonning ochilish sahnasi. Bu sahna orqali tarix va zamon oʻrtasidagi uzviylik ifodalanadi. Proyeksiya paytida markaz devorlari goʻyoki shaffoflashadi, ichkariga nur kiradi – va muqaddas kitob “chiqib kelayotgandek” tasvirlanadi.
“Bu nafaqat texnik goʻzallik, balki chuqur maʼno – ilm va maʼrifatning yangi davrga kirib borishini ifodalaydi,” – deydi Aleksandr Us.
Bu shouda nur – soʻz, bino – sahifa va tarix – jonli obrazga aylanadi. Har bir proyeksiya, har bir musiqiy ohang, har bir rang – oʻzbek xalqining boy madaniyatiga bitilgan izhor.
Islom sivilizatsiyasi markazining devorlari endi oddiy bino emas – ular oʻtgan asrlarning ovozi, kelajak avlodlarga yoʻllangan nurli merosdir.
MAʼLUMOT UChUN: Rossiyaning “Sila Sveta” kompaniyasi dunyo miqyosida yirik yorugʻlik shoularida tajriba orttirgan ijodiy guruh sanaladi. Ammo bu loyiha ular uchun ham oʻziga xos sinov boʻldi. Chunki bu safar texnologiya tarix va maʼnaviyat bilan uygʻunlashishi kerak edi.
“Eng qiyin narsa – tarixiylik, badiiylik va texnologiyani bir tanu bir jon qilish edi. Ammo biz bunga erishdik. Endi har bir mehmon bu tarixni oʻz koʻzi bilan koʻrib, yuragi bilan his qilishi mumkin”, – deydi “Sila Sveta” kompaniyasi art-direktori Asya Degtyaryova.
Shouda jonli musiqa asosiy rol oʻynaydi. Milliy cholgʻu asboblarida ijro etilgan kuylar raqamli texnologiyalar yordamida yangi shaklga keltirilgan. Har bir portal uchun alohida ovoz va ritm tanlangan - bu hududning ruhini ifodalaydi. Professional diktorlarning ovozlari esa tarixiy hikoyalarga badiiy kuch beradi.
Mepping-shou hozircha Xorazm portalida tajriba tarzida namoyish etilmoqda. Bu joy tasodifan tanlanmagan – Xorazm qadimdan ilm, sanʼat va madaniyat markazi boʻlib kelgan.
Asya Degtyaryovaning aytishicha, loyiha hali yakuniy bosqichda emas, u yanada takomillashtiriladi: “Biz hali toʻxtamaymiz. Har bir nur, har bir tovush mukammal boʻlmaguncha davom etamiz. Chunki bu shunchaki shou emas, bu xalqning yuragi, nurning tili bilan soʻzlayotgan tarixdir”.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi 3D mepping-shou tomoshabinni nafaqat hayratga soladi, balki chuqur oʻylashga, oʻz ildizlarini his qilishga undaydi.
Shou yakunida esa tomoshabin bir narsani chuqur anglaydi: bu yurt – maʼrifatning beshigi, ilmning manbai, nurning vatani.
Bu shou bizga tarixni unutmaslik – nurli kelajak sari eng toʻgʻri yoʻl ekanligini eslatib turadi.
Loyiha mualliflari bu tajriba kelgusida kengayib, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi shaharlar orqali butun mamlakat miqyosida namoyish etilishini ham maqsad qilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
