O‘zbekistondagi megaloyihada maxsus Restavratsiya bo‘limi tashkil etiladi

O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qizg‘in bahs-munozaralar, keskin tanqidiy va tahliliy munosabatlarga boy o‘tgan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida markazda Restavratsiya bo‘limi tashkil etilishi maʼlum qilindi.

 

 

Bu masʼuliyatli loyiha bo‘yicha Rossiya Davlat Ermitaji muzeyi bo‘lim boshlig‘i Igor Malkiyel o‘z taqdimotini namoyish etdi. Qayd etilishicha, Ermitaj muzeyida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga oid eksponatlarni markaz ekspozitsiyasiga olib kelish va shu bilan birga Markazda maxsus yirik laboratoriya tashkil etilishi kutilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining juda katta va o‘ta muhim tashabbusi bo‘lgan O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini boyitish kabi masʼuliyatli vazifada hamkorlik qilayotganimdan mamnunman. Davlat rahbarining bu ulkan tashabbusi ayni paytda dunyo olimlari eʼtiborida va chin dildan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ana shunday yuksak loyihada ishtirok etishimizda bizga bildirilgan ishonch uchun avval Prezident Shavkat Mirziyoyevga va hamkorlik doirasida ishimizni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatingizga, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, xodimlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bunday ulkan loyihada ishtirok etib, ishonchni oqlash bugungi kunda asosiy maqsadimiz va bu borada chin dildan harakat qilyapmiz.

Shu o‘rinda aytish joizki, Ermitajning laboratoriyalarni tashkil etishda yuz yildan ortiq tajribasi bor. Menimcha, bularning barchasi aynan O‘zbekistonda bo‘lishi juda muhim. Taklif etilgan restavratorlar bo‘lgan, ammo bu borada o‘z mutaxassislari bo‘lishi muhimroq. Biz laboratoriyaning tuzilishini biroz o‘zgartirishni taklif qildik, chunki restavratsiya bo‘limining asosiy qismi tadqiqot bo‘limi bo‘lishini rejalashtirmoqdamiz. Bu laboratoriyada fiziklar, kimyogarlar, iqlimshunos va mikrobiologlar faoliyat yuritadi.

Dastlabki davrda, albatta, tezkor tahlillar uchun jihozlar bo‘lishi kerak, chunki tahlil qiladigan jihozlar hozircha qimmatroq, lekin keyingi bosqichda ularga ham o‘tish mumkin. Jami to‘qqizta laboratoriya bo‘ladi. Bular orasida fiksatsiya uchun fotolaboratoriya, skanerlash va modellashtirish imkoniyatiga ega 3D markaz ham bor. Bu yerda restavratorlar virtual restavratsiya va rekonstruksiya bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonda mavjud deyarli barcha materiallar ustida ish olib boriladi. Jumladan, gilam va matolar, kitob va qo‘lyozmalar, tosh va haykallar, metall va tangalar hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ashyolar restavratsiya qilinadi. Biz yo‘l xaritasini tuzdik va takliflar kiritdik. Endi Islom sivilizatsiyasi markazi tanlovi asosida keyingi harakatlar belgilanadi.

 

 

Tabiiyki, maslahatlarga ehtiyoj bo‘ladi. Zarurat tug‘ilsa, Ermitaj onlayn va oflayn tarzda maslahat berib, jarayonda ishtirok etishi mumkin. Bu juda muhim, chunki O‘zbekistonda ko‘plab arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazilmoqda va ulardan olingan ashyolarni aynan shu restavratsiya markazida tiklash imkoniyati paydo bo‘ladi. Agar biz taklif qilgan ko‘rinishda qurilsa, Markazdagi  Restavratsiya bo‘limi maydoni taxminan ming kvadrat metrni tashkil etadi”, deydi Rossiya Davlat Ermitaji muzeyi bo‘lim boshlig‘i Igor Malkiyel.