600 yil avval Amir Temur davlatining ijtimoiy siyosatidan voqif etadigan vaqf
🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida XIV asrning ijtimoiy tizim sirlari ochiladi!

Sharq tarixida baʼzi hujjatlar borki, ular nafaqat davlat yoki qurilish ishlariga, balki butun bir maʼnaviy tizim va madaniy falsafaga asos solganligi bilan ahamiyatlidir. Ana shunday nodir yodgorliklardan biri — Amir Temur nomi bilan bogʻliq vaqf hujjati hisoblanadi.
Hujjat hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalari fondida saqlanib kelgan va bu noyob manba Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Ikkinchi Renessans” boʻlimida namoyish etilishi kutilyapti. U XIV–XV asrlarga oid boʻlib, fors tilida suls xatida qora siyoh bilan Samarqand qogʻoziga yozilgan. Bu hujjat nafaqat huquqiy, balki maʼnaviy va madaniy qadriyatlar uygʻunligini ifodalaydi.
Maʼnaviy hujjatning tarixiy mohiyati
Vaqf hujjati Amir Temurning Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasiga boʻlgan yuksak ehtiromi va jamiyat taraqqiyotidagi maʼnaviy yondashuvini yoritadi. Unda ziyoratgohga qarashli yerlar, ariqlar, buloqlar hamda ulardan foydalanish tartibi aniq koʻrsatilgan.
“Temuriylar davrida vaqf tizimi nafaqat diniy, balki ijtimoiy boshqaruvning asosiy mexanizmlaridan biri boʻlgan. Madrasalar, xonaqohlar, kutubxonalar ana shu vaqf mablagʻlari hisobiga faoliyat yuritgan”, deydi tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madrahimov.
Tadqiqotlarda keltirilishicha, vaqf hujjatlarida suv taʼminoti, ariqlarni tozalash, ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, yoʻllarni obod qilish kabi vazifalar yozma ravishda mustahkamlangan. Bu — davlat boshqaruvi va maʼnaviy hayotning bir butun tizim sifatida ishlaganining yaqqol isbotidir.
Bunyodkorlik gʻoyasi – Temur ruhining asosi
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, Amir Temur 1397 yilda Yassi shahrida Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi qurilishini boshlagan:
“Bir gumbaz qursinlar — u keng va baland boʻlsin, devorlari sirli gʻisht va metall bezaklar bilan ziynatlansin, gumbaz ustiga naqshlar bitilsin”, deya koʻrsatma bergan.
Bu satrlar buyuk sarkardaning nafaqat qurilish, balki maʼnaviy va estetik tafakkur sohasidagi yetuk darajasini namoyon qiladi. Amir Temurning eʼtiroficha, imorat faqat toshdan emas — eʼtiqod, ilm va maʼnaviy qadriyatdan quriladi.
Merosning abadiy sabogʻi
Amir Temur vaqf hujjati — faqat tarixiy yodgorlik emas. U davlat barqarorligi, maʼrifat va xalq xizmati gʻoyasining yozma manifestidir.
Bu hujjat Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida nafaqat eksponat sifatida, balki insonning eʼtiqodi va bunyodkorlik ruhini ulugʻlovchi muqaddas ramz sifatida namoyon boʻlmoqda.
Laylo Abdukaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma