“Bu yerdagi goʻzallik, salobat va professionallik meni hayratga soldi” – kuvaytlik kolleksioner



 

Mahmud Abdulxoliq an-Nuriy, kolleksioner (Kuvayt):

 

— Umrim davomida AQSh, Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Misr kabi davlatlardagi koʻplab muzeylarda boʻlganman. Biroq bu yerdagi goʻzallik, salobat va yuksak darajadagi professionallik meni chin maʼnoda hayratga soldi hamda chuqur taassurot qoldirdi. Bunday mukammal tashkil etilgan madaniy maskanni dunyoda kamdan-kam uchratish mumkin. 


Oʻzbekiston va Kuvaytni asrlar davomida bogʻlab turgan samimiy doʻstlik va birodarlik rishtalari bor. Men bu munosabat ramzi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga oʻz shaxsiy kolleksiyam asosida tayyorlangan ikki kitobni sovgʻa qildim. Ushbu nashrlarda islom tarixi va madaniyatining ilk davrlaridan to mamluklar sulolasi oxirigacha boʻlgan oraliqni qamrab olgan oltin va kumush tangalar toʻplami aks etgan. Ishonchim komilki, bu kitoblar ushbu goʻzal va ilmiy jihatdan yuksak darajada tashkil etilgan kutubxona fondini yanada boyitadi.
Kolleksiyamdagi ayrim tangalar Samarqand, Buxoro va Toshkent bilan bogʻliq boʻlib, ular tarixiy jihatdan nodir va bebaho namuna hisoblanadi.


Men bir muhim jihatni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman: bunday yuksak saviyadagi muzey va uning tarkibidagi boy kutubxona — tarix davomida barcha sinovlarni yengib, oʻz maʼnaviyati va madaniyatini asrab kelgan oʻzbek xalqi qudratining yorqin ifodasidir. Moʻgʻullar Samarqand va Buxoroni vayron etgan davrda ham bu xalq oʻz ichki irodasi va bilimga boʻlgan intilishi bilan bu shaharlarni yanada goʻzal va obod holda qayta tiklay olgan.


Shu bois, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi — Oʻzbekistonning maʼnaviy uygʻonishi, ilm va madaniyatga boʻlgan chuqur hurmatining amaliy ifodasidir.