Davlatchiligimizning maʼnaviy ustunlari

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimida oʻziga xos badiiy-falsafiy kompozitsiya — “Davlatchilik ustunlari” joylashgan. Ushbu konseptual ansambl Oʻzbekiston hududida davlat gʻoyasi, boshqaruv madaniyati va siyosiy tafakkurning tarixiy shakllanishini ramziy tarzda aks ettiradi. Har bir ustun maʼlum bir davrni ifodalaydi: qadimiy sivilizatsiyalardan tortib, zamonaviy mustaqil Oʻzbekistongacha boʻlgan davlatchilik evolyutsiyasi izchil va bosqichma-bosqich koʻrsatib beriladi.
1-USTUN
Birinchi ustun — Oʻzbekiston hududidagi eng qadimiy maʼnaviy qatlamlarni, zardushtiylik davrini va «Avesto» taʼlimotini ifodalaydi. Toshda oʻyilgan naqshlar, Budda haykali tasviri va yoritilgan vitrina ichida joylashgan «Avesto» nusxasi orqali bu davr gavdalanadi.
Zardushtiylik insonni ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal orqali kamolot sari yetaklashni targʻib etgan. Shu bois bu ustun davlatchilikning maʼnaviy poydevori sifatida talqin qilinadi. U nur va soflik ramzlari orqali ezgulik gʻoyasini ifodalaydi. «Avesto»dan keltirilgan mashhur hikmat — “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” — butun kompozitsiyaning boshlangʻich gʻoyaviy kalitidir.
2-USTUN
Ikkinchi ustun — turkiy xalqlar davlatchiligi shakllangan bosqichni yoritadi. U Sugʻd, Baqtriya, Xorazm, Choch va Fargʻona kabi qadimiy sivilizatsiyalarni oʻzida mujassam etadi. Pastki qismida joylashgan vitrinada Toʻnyuquq bitiktoshi nusxasi oʻrnatilgan boʻlib, u yozuv madaniyati va siyosiy tafakkurning yuksalishini bildiradi.
Ustun yuzasida Bilga Xoqonning soʻzlari bitilgan:
“Turkiy elim, oʻzligingga qaytsang, yanada yuksalasan.”
Bu hikmat milliy oʻzlik va birlikning ramziga aylangan. Ustun dizayni qadimiy tosh bitiklar ruhida yaratilgan boʻlib, xotira, til va yozuvning abadiyligini yodga soladi.
3-USTUN
Uchinchi ustun — davlat boshqaruvi, ilm va madaniyat uygʻunligi bosqichini aks ettiradi. Bu davr Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar kabi davlatlarning shakllanishi, siyosiy tafakkur va adolat gʻoyalarining yuksalgan davridir.
Ustunda Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asaridan iqtibos yozilgan:
“Kimni davlat tugʻi etsa baxtiyor, halol siyosatni qilgay ixtiyor.”
Bu fikr davlat barqarorligining asosi halollik va adolat ekanini ifodalaydi. Ustun tarkibidagi interaktiv ilova orqali qadimgi turkiy va forsiy davlatlarning boshqaruv tizimi, ijtimoiy tuzilmasi va siyosiy qadriyatlari bilan tanishish mumkin.
4-USTUN
Toʻrtinchi ustun — Amir Temur davlati va oʻrta asr davrlarini yoritadi. U Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Temuriylar, Shayboniylar va Boburiylar davrlaridagi boshqaruv, diplomatiya hamda madaniyatning yuksak namunalarini ifodalaydi.
Ustun yuqori qismida “Temur tuzuklari” uchun maxsus vitrina joylashgan. Pastki sensorli ekran orqali markazga tashrif buyurganlar Amir Temur davridagi siyosiy tuzum, adolat tamoyili va davlat boshqaruvi tizimi bilan tanishadilar.
Amir Temur — “Kuch — adolatda”
Bu fikr ustun mazmunining asosini tashkil etadi. U adolatli boshqaruv va qonun ustuvorligi tamoyillarini oʻzida mujassam etib, oʻzbek davlatchiligining tarixiy tayanchiga aylanadi.
5-USTUN
Soʻnggi ustun — zamonaviy Oʻzbekiston davlatchiligini ifodalaydi. Uning arxitekturasida Toshkentdagi sobiq «Panorama» (1964) va “Congress Hall” (2019) binolaridan ilhom olingan. Shaffof metall panjaralar va oltin-oq panellar — ochiqlik, yangilanish va demokratik qadriyatlar ramzidir.
Ichki qismda Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi joylashgan. Bu mamlakatimizda qonun ustuvorligi, huquqiy davlat va xalq irodasiga asoslangan boshqaruv tizimining ifodasidir.
Ustunda Konstitutsiyadan iqtibos yozilgan:
“Oʻzbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.”
Bu ustun mustaqillik davrining eng oliy ramzidir — xalq irodasi, inson huquqlari va adolat ustuvorligiga asoslangan yangi davlatchilik bosqichi.
“Davlatchilik ustunlari” majmuasi — Oʻzbekiston tarixining bosqichma-bosqich taraqqiyotini ezgu gʻoyalardan zamonaviy demokratik qadriyatlargacha uzluksiz zanjir sifatida ifoda etadi.
Bu kompozitsiya orqali tashrif buyuruvchi inson oʻz xalqining siyosiy tafakkuri, adolatga intilishi va maʼnaviy yuksalish yoʻlini bir qarashda his etadi. Shu tarzda, “Davlatchilik ustunlari” davlat barqarorligining maʼnaviy ramzi sifatida oʻz oʻrnini egallaydi.
“Har bir ustun oʻz davrining meʼmorchiligi, madaniy muhiti, sivilizatsiyasi va kashfiyotlarini ifodalaydi. Ularning ichki boʻshliqlarida esa Oʻzbekiston davlatchiligining besh muhim bosqichiga oid asosiy siyosiy, ijtimoiy va madaniy manbalar namoyish etiladi — qoʻlyozmalar, faksimilelar yoki mulyajlar shaklida. Ushbu ekspozitsiya oʻzbek davlatchiligining uzluksiz tarixiy merosini, qadimgi yozma manbalardan to zamonaviy konstitutsiyaviy tamoyillargacha boʻlgan evolyutsion jarayonini jonli tarzda koʻrsatadi” — dedi markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma