“Buyuk merosning ilmiy va maʼnaviy asoslari toʻplangan markaz” – Eron vaziri






Eron Islom Respublikasining Sanoat, togʻ-kon va savdo vaziri Said Muhammad Atobak boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Eronning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy ham ishtirok etdi.

 

Mehmonlar markazning barcha ekspozitsiya — Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori boʻlimlari bilan batafsil tanishdilar. Ular markazning ilmiy, madaniy va maʼnaviy jihatlariga, namoyish etilgan noyob qoʻlyozmalar, tarixiy artefaktlar va zamonaviy raqamli ekspozitsiyalarga yuqori baho berdilar.



 

Tashrif davomida mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon olami uchun iftixorli ilmiy-maʼnaviy maskan ekanini taʼkidladilar. Eron Islom Respublikasining Sanoat, togʻ-kon va savdo vaziri Said Muhammad Atobak ushbu tashrifdan mamnunligini bildirib, markazni barpo etish tashabbusi va gʻoyasi muallifi sifatida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

 

— “Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston tarixi va madaniyatining yorqin ifodasi, balki butun musulmon olamining ilmiy va maʼnaviy merosini jamlagan muhim maskan sifatida yuksak bahoga loyiq. Eronlik vatandoshlarimizni ham bu yerga tashrif buyurib, Islom tamaddunining boy tarixi bilan tanishishga chorlayman”, — dedi Said Muhammad Atobak.



 

Eronning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy oʻz nutqida quyidagilarni taʼkidladi:

 

“Men uchun bugungi tashrif katta sharafdir. Eron elchisi sifatida Islom sivilizatsiyasi markaziga kelib, Oʻzbekiston xalqi va hukumatining ulkan saʼy-harakatlari hamda samarali tashabbuslariga guvoh boʻldim. Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqadagi xalqlarning, musulmon jahonining ilmiy va madaniy salohiyatini namoyon etadi.


Markaz ekspozitsiyalarida tarix, ilm va maʼnaviyat chuqur uygʻunlashgan boʻlib, bu yerga tashrif buyuruvchi har bir inson oʻz ildizlarini va madaniyatining buyukligini his etadi.”

 

Tashrif yakunida Eron delegatsiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etdi.