Toshkent Markaziy Osiyo xalqlari ilmiy muloqoti maydoniga aylandi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida davom etayotgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress dasturidan tarix, madaniyat, adabiyot, kino, raqamli texnologiya va diniy-maʼrifiy sohalarni qamrab olgan qator muhim uchrashuv va forumlar oʻrin olgan.

 

Masalan, Markaziy Osiyo tarixchilari II forumida mintaqaning umumiy tarixiy ildizlari, manbashunoslik va arxeologiya sohasidagi qoʻshma tadqiqotlar, moddiy va maʼnaviy merosni oʻrganish masalalari muhokama qilindi.

 

“Ulugʻ oʻtmish – ulugʻ kelajak” rassomlar uchrashuvida esa qardosh xalqlar badiiy merosining oʻxshash jihatlari, zamonaviy sanʼat tendensiyalari va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha dolzarb fikrlar almashildi.












 

“Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” muloqotida tarjima maktabini tiklash, adabiy aloqalarni kuchaytirish va yosh yozuvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi.

 

Kino forumida hujjatli va tarixiy filmlarda madaniy qadriyatlarni targʻib qilish, sohada mintaqaviy hamkorlik koʻlamini kengaytirish yuzasidan takliflar oʻrtaga tashlandi.

 

“Islom qadriyatlarini asrab-avaylash” forumida diniy-maʼrifiy merosni saqlash, zamonaviy diniy taʼlimni takomillashtirish va yoshlarda bagʻrikenglikni mustahkamlash masalalari koʻtarildi.

 

“Yoshlar va raqamli davr” shoʻʼba yigʻilishida esa sunʼiy intellekt texnologiyasini madaniy merosni raqamlashtirishda qoʻllash, yoshlar innovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash va raqamli gumanitar loyihalarni ilgari surishga oid takliflar bildirildi.

 

Xalqaro kongress Markaziy Osiyo xalqlarining maʼnaviy birdamligi, hamjihatligi va ilmiy hamkorligini yuqori bosqichga olib chiqish yoʻlida muhim bosqi vazifasini bajarishi shubhasiz.