O‘zbekistondagi megaloyiha bolalarni noodatiy innovatsion maydonda qarshi oladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining kontenti nafaqat kattalar, balki yoshlar va bolalarni ham jalb qilishga qaratilgan loyihalar bilan boyitish doirasida ishlar qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazida olimlar, mutaxassislar bilan bo‘layotgan muhokama yig‘ilishlari, qizg‘in bahs-munozaralar, keskin tanqidiy va tahliliy munosabatlarning barchasi aynan davlat rahbari tomonidan mazkur yo‘nalishda belgilab bergan vazifa va topshiriqlar ijrosiga qaratilgan. Kuni kecha Ilmiy kengashning ana shunday ruhda o‘tgan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida markaz ekspozitsiyalarida yoshlar va bolalarni ham qiziqarli, ham ta’limiy interaktiv, innovatsion kontentlar bilan Islom sivilizatsiyasi markaziga chorlaydigan keng maydon tashkil etilayotgan ma’lum qilindi.
Dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" kompaniyasi direktori va prodyuseri Salim Ahmad (Buyuk Britaniya) O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining kontentini boyitishda aynan bolalarga mo‘ljallangan loyiha ustida ish olib bormoqda. Ushbu loyiha doirasida Markazning bolalar uchun ham zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ma’naviy-ma’rifiy maskan bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Salim Ahmad, dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" kompaniyasi direktori va prodyuseri (Buyuk Britaniya):
"Bizning kompaniyaga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining kontentini nafaqat kattalar, balki yoshlar va bolalarni ham jalb qilishga oid innovatsion loyihalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim. O‘zbekiston Prezidentining bu e’tibori bugungi kunda yoshlar, bolalarni zamon talablari doirasida ilmga, bilimga, ma’rifatga chorlashga muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, mazkur megaloyiha ekspozitsiyalarini boyitish doirasidagi o‘ta zarur kontentlar tashabbusi ham aynan O‘zbekiston Prezidentining g‘oyalari asosida amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda bu megaloyihaning aynan bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan kontentini yaratish uchun kompaniyamizning ishtiroki qo‘llab-quvvatlanganidan minnatdormiz.
Asosiy yo‘nalishimiz musulmon sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan. Biz ko‘rgazmalar, kitoblar va filmlar yaratish ustida ishlamoqdamiz. Shu sababli, asosan kitoblar, filmlar va shunga o‘xshash multimedia mahsulotlari yaratish bilan shug‘ullanmoqdamiz. Biz dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritganmiz va bu ishlar hali ham davom etmoqda. Loyihalarimiz orqali butun dunyo bo‘ylab 500 milliondan ortiq odamni jalb qilganmiz.
Yoshlar va bolalar uchun loyihalar yaratayotganimizda, ularni ham qiziqarli, ham ta’limiy qilishga harakat qilamiz. Bu o‘yin-kulgi va ta’limni uyg‘unlashtirish demakdir. Bizning loyihalarimiz bolalarni ko‘proq jalb qiladi, chunki biz nafaqat ularni xursand qilishni, balki bilimlarini oshirishni ham maqsad qilib qo‘yganmiz.
Navbatdagi loyihamiz O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ichida bolalar ko‘rgazmasini yaratish bo‘ladi. Shuningdek, ko‘rgazmaning bir nusxasini O‘zbekiston bo‘ylab, keyinchalik esa xalqaro miqyosda sayyor ko‘rgazma sifatida namoyish etish uchun tayyorlayapmiz. Bundan tashqari, O‘zbekistonning dunyoga ta’sir ko‘rsatgan ixtirolari haqida kitob yaratamiz. Ko‘rgazma maydoni 850 kvadrat metrni tashkil etadi. Tashrif vaqti 60 daqiqadan 120 daqiqagacha bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar avval 5-6 daqiqalik yuqori sifatli qisqa metrajli filmni tomosha qilishadi. So‘ngra ekran ochiladi va ular ko‘rgazma ichiga kirishadi.
Bolalar ko‘rgazmasidagi barcha materiallar faqat Markazning Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Biz faqat tasdiqlangan kontent va tasvirlardan foydalanamiz. Biroq bizda ko‘plab qo‘shimcha savollar tug‘iladi va bizga yordam kerak bo‘ladi. Masalan, Madam Tyusso uslubidagi mum modellarni yasashda uning turishi, kiyinishi va ko‘rinishini aks ettirish haqida maslahat so‘raymiz.
Bolalar uchun interaktiv ko‘rgazma ikki narsani: tarix va fanni uyg‘unlashtiradi. Fan juda muhim ahamiyatga ega. Biz bolalarning O‘zbekiston tarixi, fani va ixtirolaridan ilhomlanishlarini istaymiz. Ko‘rgazmada 34 ta bo‘lim bo‘ladi. Bular interaktiv va qiziqarli eksponatlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, Farg‘oniy, Ibn Sinoning qo‘lyozmalarini jonlantirishga harakat qilamiz. Buni qiziqarli va amaliy usulda amalga oshiramiz. Masalan, nilometr. Unda haqiqiy suv bor, shuning uchun bolalar tizimning qanday ishlashini tushunishlari mumkin. Shu orqali bolalar uning ishlash tartibi va boshqa funksiyalarini ko‘rishlari mumkin.
Shuningdek, O‘zbekistonning dunyoga ta’sir ko‘rsatgan ixtirolari haqida bitta kitob yaratamiz va unda ixtirolarning dunyo ilmlarida qanchalik muhimligini ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Biz zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanamiz. Shuningdek, imo-ishora bilan boshqarish ham bo‘ladi. Qo‘l harakatlari bilan boshqariladigan intellektual sensorlardan foydalanamiz. Tarixiy voqealarga asoslangan o‘yinchoqlar ham ishlab chiqaramiz. Jumladan, bolalarning sevimli o‘yini “LEGO”ni ham. Bundan tashqari, bolalar uyda bajarishi mumkin bo‘lgan ilmiy tajribalar uchun jihozlar ham bo‘ladi.
Shunday qilib, muhokamalardan keyin loyiha maslahatchilari bilan birgalikda ko‘rgazmada namoyish etiladigan tarixiy shaxslardan iborat loyihaning 19 tasini tanlab oldik. Ularning ba’zilari kirish hikoyalari, ba’zilari filmlar va ba’zilari o‘yinlar bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, bu loyiha 3 tilda – o‘zbek, ingliz va rus tillarida amalga oshiriladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
