“Tarixning zamonaviy talqini”: Tojikiston delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazini olqishladi

 


Tojikiston koʻngillilar tashkilotlari assotsiatsiyasi raisi Zarnigor Rajabzoda Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifidan olgan katta taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning taʼkidlashicha, markazda tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun tarzda namoyish etilishi haqiqiy ilmiy-maʼrifiy yondoshuv namunasidir.

 

Zarnigor Rajabzodaning fikricha, markaz oʻzbek xalqi tarixi bilan bir qatorda Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston kabi qardosh davlatlar sivilizatsiyasiga oid qimmatli maʼlumotlarni ham oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Bu holat Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ildizlari va mushtarak tarixiy merosini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

 

“Muzey eksponatlari orasida adabiyot, ilm-fan va davlat boshqaruvi sohasida iz qoldirgan tojik arboblari haqidagi maʼlumotlarni koʻrib, chin dildan quvondim. Bu bizning umumiy tarixiy manbalari­miz, madaniy aloqalarimiz va qardoshlik rishtalarimizni yanada mustahkamlaydi”, — deydi Zarnigor Rajabzoda.

 

Shuningdek, u Toshkentda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yoshlarining yigʻilishida yoshlar siyosati, hamkorlik va tajriba almashish masalalarining muhokama qilinayotganini yuqori baholadi.

 

“Har bir delegatsiya oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqda, ammo maqsad umumiy — doʻstlikni mustahkamlash va tarixiy merosni kelajak avlodga toʻgʻri yetkazish. Raqamli texnologiyalar esa bu jarayonni yanada samarali qiladi”, — deya qoʻshimcha qildi u.