Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi prezidenti: “Toshkentdagi kongress – Markaziy Osiyo hamjihatligida yangi sahifa”


Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi prezidenti, akademik Isa Apker oʻgʻli Gabibbeyli Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressini Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim tarixiy voqea sifatida baholadi.
Akademik oʻz bayonotida kongressning ahamiyatini quyidagicha taʼkidladi:
– Ushbu xalqaro kongress XXI asrning yangi tarixiy bosqichida xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasidagi integratsiyani yanada kengaytiradi. Asosiy mavzular — madaniy meros va maʼrifatparvarlik — qadimdan xalqlarni birlashtirgan, yaqinlashtirgan va oʻzaro anglashuvga yoʻl ochgan ulkan qadriyatlardir.
Gabibbeyliga koʻra, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlarining boy madaniy-tarixiy merosini, maʼrifatparvarlik anʼanalarini kongress doirasida alohida muhokama qilinishi kelgusi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bermoqda.
U Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ham yuqori baholadi:
– Bu Markaz — zamonaviy meʼmorchilik va Sharq anʼanalarining uygʻun namunasi, haqiqiy meʼmoriy durdona. U Oʻzbekistonning rivojlanish salohiyati va madaniy-maʼrifiy yuksalishini yaqqol namoyon etadi. Bu yerda koʻrganlarimiz tarix uchun qoʻyilgan mustahkam poydevor, kelajakning boshlangʻich nuqtasi hisoblanadi.
Akademik fikriga koʻra, kongress Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon oʻrtasidagi birlik, hamjihatlik va doʻstlikni mustahkamlab, yangi taraqqiyot bosqichlarini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma