“Shavkat Mirziyoyev tashabbusi xalqaro miqyosda ibrat namunasi” – BMT ekspertining samimiy soʻzlari

BMT tuzilmalari tomonidan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan kuzatuv jarayonlari doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan nufuzli tashkilotning Giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) vakillari, shuningdek, Nigeriya Federativ Respublikasi va Maldiv Respublikasi ekspertlari Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldilar.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning ekspozitsiyalari, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan koʻrgazmalar, shuningdek, Oʻzbekiston tarixining turli davrlari va yuksalish bosqichlarini yoritib beruvchi noyob manbalar bilan tanishdi. Nigeriya Federativ Respublikasining Davlat boshqaruvi va korrupsiyaga qarshi islohotlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi Onemovo Jane Onvumere tashrif taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, Markazning ilmiy-maʼrifiy ahamiyatini alohida taʼkidladi:

– Bu markazga tashrif biz uchun nihoyatda maʼlumotlarga boy boʻldi. Binoning oʻzi chiroyli, zamonaviy va oʻziga xos ruhga ega. Oʻzbekiston tarixining koʻplab davrlari va yuksalish bosqichlari juda taʼsirli tarzda namoyish etilgan. Markaz nafaqat oʻtmishni yoritadi, balki bugungi Oʻzbekistongacha boʻlgan taraqqiyot manzarasini ham ochib beradi.
Uning soʻzlariga koʻra, Markazning eng hayratlanarli jihatlaridan biri — unda nafaqat oʻtmish, balki Oʻzbekistonning kelajak rejalari, strategik yoʻnalishlari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari ham oʻz ifodasini topganidir.
– Bu yerda Islom tarixi bilan bir qatorda oʻzbek xalqining boy madaniyati, turmush tarzi, maʼnaviy merosi ham oʻziga xos tarzda aks ettirilgan. Bu tashrif davomida juda koʻp yangi maʼlumotlar oldim va ayrim gʻoyalarni albatta oʻz yurtim — Nigeriyaga olib borib, odamlar bilan boʻlishmoqchiman, – deydi u.
Onvumere xonim oʻz soʻzida Markazning madaniyatlararo muloqotga qoʻshayotgan hissasini ham eʼtirof etdi:
– Men diniy eʼtiqodim boʻyicha musulmon emasman, ammo aynan shu tashrif orqali islomni yanada chuqurroq anglay boshladim. Bu Markaz insonlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
U Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu ilmiy-maʼrifiy majmua nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa va jahon uchun muhim loyihaga aylanganini alohida qayd etdi:
– Markaz haqiqatan ham yuksak darajada barpo etilgan. Oʻzbekiston Prezidentini va bu loyihani qoʻllab-quvvatlagan butun xalqni samimiy muborakbod etaman. Bu tashabbus butun dunyo uchun ibrat boʻla oladi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazdagi zamonaviy ekspozitsiyalar, 3D tasvirlar, interfaol loyihalar hamda islom olamiga mansub nodir qoʻlyozmalar bilan yaqindan tanishdilar.
BMT ekspertlari Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyatini, xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini va madaniy merosni targʻib qilishdagi oʻrnini yuksak baholadilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma