“Har bir detalda milliy gʻurur bor” — Sinxua professori Markaz haqida kutilmagan fikr bildirdi

 

Sinxua universiteti olimlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida “tarix ichida yurgandek” his qilganini taʼkidlab, Markazni Sharqning yangi ilmiy-maʼrifiy moʻʼjizasi sifatida baholadilar.

 

 

 

Xitoyning Sinxua universiteti delegatsiyasi — Xavfsizlik fanlari professori Du Peng va Xavfsizlik fanlari instituti xodimi Peng Xiaohui Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

 

Professor Du Peng oʻz fikrlarini quyidagicha bayon etdi:

 

“Bu joy juda ulugʻvor. Har bir detal ortida tarixingizga nisbatan chuqur hurmat va milliy gʻurur mujassam. Markazni koʻrib, Xitoy va Oʻzbekistonni asrlar davomida bogʻlab turgan Ipak yoʻlini yana bir bor his qildim. Bunday ilmiy-maʼrifiy maskan ikki xalq oʻrtasidagi madaniy va texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.” 

 

U, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazni insoniyatning tarixiy merosini asrash, oʻrganish va jahon ilm-faniga taqdim etishdagi ulkan qadam sifatida baholadi. Professorga koʻra, Markaz nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo va jahon tadqiqotchilari uchun muhim akademik manbaga aylanadi.

 

Sinxua universiteti vakili Peng Xiaohui Markazda tarixiy jarayonlarni raqamlashtirish, interfaol yechimlar va vizual texnologiyalardan foydalanish alohida ajralib turayotganini taʼkidladi:

 

“Bu majmua tarixni hujjat sifatida emas, balki jonli namoyon etadi. Ipak yoʻlida bir vaqtlar Sharq va Gʻarbni bogʻlagan ulkan ruhiyat bu yerda yana jonli ravishda his etiladi,” — dedi u.

 

U, shuningdek, Markaz ekspozitsiyalarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniy merosni asrash va targʻib qilish siyosati amaliy natijalar bilan namoyon boʻlayotganini qayd etdi.

 

Mehmonlar Markazdagi nodir qoʻlyozmalar, Qurʼon nusxalari va ilmiy arxivlarni koʻzdan kechirib, ularning ahamiyati va saqlanish darajasini yuqori baholadilar.

 

 

“Bu yerdagi har bir eksponat, har bir rang va yorugʻlik madaniyatga boʻlgan ehtirom bilan taqdim etilgan,” — dyeya taʼkidladi Peng Xiaohui.

 

Tashrif yakunida Xitoy delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazini “Sharq sivilizatsiyasi merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlarda namoyon etayotgan, mintaqada oʻxshashi yoʻq innovatsion ilmiy-maʼrifiy maskan” deb baholadi.

 

Tomonlar kelgusida tarixiy tadqiqotlar boʻyicha qoʻshma loyihalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvi, raqamli ekspozitsiyalar va zamonaviy taʼlim texnologiyalari boʻyicha qoʻshma tashabbuslar yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.