Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

 

 

 

Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Tashqi ishlar vaziri Van I janoblarini qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mehmon Oʻzbekistonga amaliy tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, uning vazifalari va ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi.

 

Van I janoblari, xususan, markaz foyesidagi 14 ta ravoqda joylashtirilgan allomalar va tarixiy shaxslarga bagʻishlangan kompozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi. Ekspozitsiyaning ilmiy qismida Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino kabi mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissalari haqidagi maʼlumotlar, xususan «Al-Jabr val-Muqobala» asari, algoritm tushunchasining paydo boʻlishi va lotin raqamlarining shakllanish tarixi Van I tomonidan yuqori baholandi.

 

 

 

 

 

 

Oliy martabali mehmon Islom davrigacha oid ekspozitsiyada Baqtriya, Sugʻd, Xorazm, Kushon kabi qadimiy sivilizatsiyalar, ularning Xitoy bilan ilmiy-madaniy aloqalari, Ipak yoʻli tarixi boʻyicha taqdim etilgan materiallarni katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi. Uzoq tarixiy hamkorlikning ilk bosqichi sifatida Fargʻona otlari, beda urugʻi va uzumdonlarning Xitoyga olib ketilgani haqidagi maʼlumotlar mehmonda ayniqsa kuchli taassurot qoldirdi.