Saudiya elchisi Oʻzbekiston Prezidenti tashabbuslarini olqishladi

Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonni Markaz direktori, Firdavs Abduxoliqov samimiy kutib oldi.

 

 

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Markaz hamda Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan nufuzli ilmiy muassasalar — Er-Riyaddagi Podshoh Faysal Islom tadqiqotlari markazi, shuningdek Podshoh Salmon nomidagi Arab tili majmuasi bilan qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.

 

“Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarining izchil rivojlanayotganini qayd etish lozim. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv siyosati muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki davlat oʻrtasida islom ilm-fani, madaniyati va maʼnaviy merosini oʻrganish yoʻnalishlarida hamkorlik yanada kuchayishiga ishonch bildiraman. Hamkorligimiz avvalida qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish muhim ekani maʼlum. Shuningdek, ulamolar va tadqiqotchilar oʻrtasida oʻzaro tashriflar tashkil etish, qoʻshma konferensiyalar oʻtkazish maqsadga muvofiq deb oʻylayman. Arab tili, islom ilmlari va manbashunoslik boʻyicha iqtidorli yoshlar uchun maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqish taklifini ham ilgari suramiz. Shu bilan birga, qoʻlyozmalar va islomiy meros sohasida tajriba almashish oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildiramiz. 


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi buyuk gʻoya va tashabbus haqiqatan ham maqtovga loyiq. Men avvalo ushbu buyuk loyiha muallifi Prezident janobi oliylarini samimiy qutlab, ushbu ezgu ishlarni amalga oshirayotganlari hamda dunyo xalqlarini tinchlik va oʻzaro hamjihatlikka chorlayotganlari uchun minnatdorlik bildiraman. Muzey zallariga alohida eʼtibor qaratilgani, dunyoda yagona nusxada tayyorlangan bezaklar bilan bezatilgani va islom dinining har bir jihati hurmat bilan namoyon etilgani juda yoqdi, Markaz islom merosini jahon miqyosida targʻib qilishda muhim oʻrin tutadi. Biz kelgusida hamkorligimiz yanada kengayishiga ishonamiz,”  — deya taʼkidladi elchi Yusuf al-Utaybiy.

 

 

 

Shuningdek, elchi muzeyning birinchi renesans boʻlimi hamda  Qurʼon zalidagi ekspozitsiyalar, zallarninig oʻziga xos dizayni va islom merosiga boʻlgan chuqur hurmat har bir detalda namoyon ekanini alohida taʼkidladi.

 

Yusuf al-Utaybiy Markaz ekspozitsiyalarida zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va tarixiy eksponatlarning uygʻun tarzda taqdim etilganini yuqori baholab, mazkur markazni mintaqada muhim ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida eʼtirof etdi. Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish va kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha muvofiqlashgan dasturlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.