Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: yangi formatdagi hamdoʻstlik

Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda. Bu — oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
2025-yil 13-15 noyabr kunlari poytaxt Toshkent yana muhim tarixiy voqealarga mezbonlik qildi. Birinchidan, Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Kun tartibida turgan qator dolzarb masalalarning va kelajakdagi rejalarning muhokamasi va qabul qilingan qarorlar bilan bir qatorda yigʻilishda Ozarbayjon Respublikasi Maslahat kengashining toʻlaqonli aʼzoligiga qabul qilindi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz yagona tashkilotda birlashdi. Ushbu hududda birinchi navbatda transport yoʻlaklarini rivojlantirish, Yaqin Sharq hamda Yevropa bozorlariga chiqish uchun transport yoʻlaklarini rivojlantirish imkoniyatlari kengaydi.
Tarixi, madaniyati, dini, maʼrifiy merosi mushtarak boʻlgan ushbu davlatlar hamdoʻstligi albatta mintaqada tinchlikni barqarorlashtirish va hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon respublikasi rahbarlarining sammiti kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Yetakchisining tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy madaniy-maʼrifiy meros, umumiy kelajak” xalqaro kongressi oʻtkazildi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Markaziy Osiyo Xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan kongress ishida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondan 300 ga yaqin ilm-fan, taʼlim, madaniyat, din, adabiyot va sanʼat namoyandalari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kongress ishtirokchilariga yoʻllagan qutlovi tadbir ishtirokchilarini toʻlqinlantirib yubordi. Unda jumladan shunday deyilgandi:
“Bugungi murakkab davrda, dunyoda ziddiyat va mojarolar kuchayib borayotgan bir paytda, tarixdan saboq olish, tinchlik va barqarorlikni asrash, barcha sohalarda ilm va maʼrifatga tayanish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish — eng dolzarb vazifalarimizdan biri boʻlib qolmoqda. Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash, gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bugungi forum ilmiy va madaniy muloqot uchun samarali maydonga aylanadi”.
Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vaziri Odil Karimlining aytishicha:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro kongressdagi maʼruzasi mintaqamiz mamlakatlari uchun tinchlik, oʻzaro hurmat ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati ilm-maʼrifatning bugungi hayotimizdagi oʻrnini taʼkidlovchi kuchli va ruhlantiruvchi eslatma boʻldi. Uning maʼnaviy merosni asrab-avaylash va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga urgʻu berishi Ozarbayjonning rasmiy pozitsiyasiga toʻliq mos keladi. Xalqaro kongress mamlakatlarimiz ilmiy va madaniy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishini yana bir bor tasdiqladi. Ishonchim komilki, forum natijalari qoʻshma tashabbuslarga, gumanitar aloqalarni mustahkamlashga yangicha surʼat bagʻishladi”.
Kongress xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillarini, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar va sanʼat arboblarini yagona platformaga chorladi.
“Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi tarixiy voqeadir, - deydi Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Arxeologiya va antropologiya instituti rahbari Farhat Guliyev.
- Bu yerda umumiy madaniyatimiz chuqur ilm-fan va taʼlimga asoslanganligini koʻrdik. Men Oʻzbekiston Prezidentiga har doim tan berib kelaman. Uning tashabbusi bilan butun turkiy dunyoda yangi Uygʻonish davri boshlanmoqda. Hozir bizning umumiy maqsadimiz – bu markaz orqali yoshlarni integratsiyalash, oʻzbek, ozarbayjon, qozoq, turkman, tojik va qirgʻiz yoshlari oʻzlarini yagona madaniy makon va yagona mafkuraning bir qismi deb bilishlari uchun. Qoraxoniylar davridan to Saljuqiylargacha boʻlgan buyuk merosimizni oʻrganishda hamkorlik qilishga, hissa qoʻshishga tayyormiz. Markazning maqsadlari juda ezgu va biz ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz”.
Uch kun davom etgan ushbu nufuzli anjumanda 30 dan ortiq tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, shoʻʼba yigʻilishlari, koʻrgazmalar, namoyishlar, taqdimotlar oʻtkazildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishuv, yalpi hamda seksiyalarda oʻtkazilgan yigʻilishlarda yangragan fikrlar hamda takliflar qardosh respublikalar ziyolilari vakillaridagi umumiy madaniy-maʼrifiy meros, umumiy tarixga daxldorlik tuygʻularini yanada mustahkamladi, samimiy fikr almashinuvlar, kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan ilmiy-amaliy rejalar tuzishga keng imkoniyat yaratdi. Tadbir ishtirokchilarining fikrlari buni yaqqol tasdiqlaydi.
“Ushbu kongress qadimdan Markaziy Osiyoning buyuk sanʼat va madaniyat arboblarini ilhomlantirgan va birlashtirgan buyuk umumiy maʼnaviy merosimizni butun dunyoga eslatish uchun chinakam noyob va tarixiy imkoniyat boʻlganiga chin dildan ishonaman, - dedi Qozogʻiston Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Asqar Jumadildayev.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida taʼkidlaganidek, mintaqamiz hamisha jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan va madaniyatining muhim markazi boʻlib kelgan. Bugungi kunda ana shu bebaho madaniy anʼanalarni asrab-avaylash, xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini izchil mustahkamlash yoʻlida kuchlarimizni birlashtirish zarurligini davrning oʻzi taqozo etayotir”.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo: yagona maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida bildirilgan fikrlar yuksak eʼtirofga molik, - deydi Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon.
– Unda mintaqamizning asosiy qadriyatlari – tinchlik, hamjihatlik, bagʻrikenglik, sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash masalalari yaqqol aks etlgan. 300 dan ortiq olim, tadqiqotchi va madaniyat arboblarini jamlagan kongress umumiy maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash borasidagi mushtarak muhokamalar uchun muhim maydon boʻldi. Ishonchim komilki, forum natijalari mintaqamiz mamlakatlari oʻrtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, yangi loyihalar ishlab chiqish, taʼlim sohasidagi umumiy tashabbuslarni yanada ilgari surish uchun xizmat qiladi”.
15 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvida qatnashayotgan Prezidentlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho maʼnaviy durdonasi - Usmon Mushafi saqlanayotgan Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi renessans, Yangi Oʻzbekiston ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida ushbu markaz Islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrab-avaylash va targʻib qilishga bagʻishlangan noyob manbalar, ilmiy tadqiqot va taʼlim yoʻnalishlarini bir joyga jamlagan ilk majmua ekanligi yana bir bor taʼkidlandi. Qardosh mamlakatlar yetakchilari mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, maʼnaviy-maʼrifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targʻib qilish borasidagi Oʻzbekistonning keng koʻlamli saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi. Majmua zamonaviy tadqiqot markazi boʻlib xizmat qilishiga, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ilmiy va madaniy hamkorlik uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirildi.
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xalqlarimiz diniy va milliy qadriyatlariga qaratgan yuksak eʼtibori va va sadoqati timsoli boʻldi, - dedi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev.
– Bugun islomofobiya dunyo miqyosida tizimli tus olayotgan bir paytda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi dinimizning chinakam maʼnoda ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik, insonparvarlik gʻoyalarini yaqqol namoyon etadi”.
“Hozir xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosiga tayangan holda mintaqaviy oʻzlikni mustahkamlash juda muhim, - dedi Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev.
- Islom sivilizatsiyasi - ulkan, nodir, ilmiy, turistik va etnomadaniy loyihadir. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ochilgan ushbu markaz Toshkentda muhim ilmiy tadqiqotlar uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.
Shu kuni Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Prezidentlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan taʼsis etilgan “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ham ishtirok etdilar.
Ushbu xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida katta yutuqlarga erishgan yurtimiz va xorijiy ijodkorlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Hayʼat qaroriga koʻra, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev “Adabiyot”, Tojikiston xalq shoiri Davlat Safarzoda “Madaniyat”, M.Avezov nomidagi Qozogʻiston Milliy drama teatri aktyori Yerkebulan Dayirov “Teatr va kino”, Ozarbayjon xalq artisti Olim Qosimov “Musiqa va raqs”, Turkmaniston xalq artisti Babasari Annamiradov “Tasviriy va amaliy sanʼat”, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi xalqaro markaz direktori oʻrinbosari, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Dilfuza Egamberdiyeva “Fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar” nominatsiyalarida tanlovning ilk gʻoliblari boʻldilar.
Yetakchilar huzurida laureatlarga mukofot statuetkasi, diplom hamda 10 ming dollarlik pul mukofoti topshirildi. Davlat rahbarlari sovrindorlar bilan suratga tushdilar.
Markaziy Osiyoning davlatlari va Ozarbayjon oʻzining qadimiy tarixi, betakror madaniyati va boy maʼrifiy merosi bilan dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallaydi. Bu haqiqat Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti va Xalqaro kongress davomida bir necha bor taʼkidlandi.
“Men bu kongressni insoniyat sivilizatsiyasidagi chinakam muhim voqea deb bilaman, - dedi Qozogʻiston Milliy Qizlar Pedagogika Universiteti Seyfulla nomidagi ilmiy kutubxona direktori oʻrinbosari Lapo Petr.
- Oʻrta asr Yevropasi qadimgi dunyo haqidagi bilimlarni aynan shu yerdan, Markaziy Osiyodan olgan. Shu bois islom madaniyatimiz va sivilizatsiyamizning gʻoyalari butun dunyoda toʻgʻri tushunilishi uchun uni targʻib qilish bugungi kunda juda muhim. Oʻzbekiston Prezidentining madaniyat, sanʼat, adabiyot va umuman, butun islom olami rivojiga yangicha turtki bergan bu tashabbusi menda, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi. Ishonamanki, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati xalqlarning bir-birini yaxshiroq tushunishiga yordam beradi va shu orqali butun insoniyatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadi”.
“Markaziy Osiyo: umumiy madaniy-maʼrifiy meros, umumiy kelajak” xalqaro forumi mintaqa mamlakatlarining birdamligi, umumiy qadriyatlarini mustahkamlash va kelajak avlodlar uchun buyuk kelajak yaratish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Salkam 100 million aholiga ega boʻlgan mintaqa xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotgani Prezidentimizning keng koʻlamli tashabbusi, saʼy-harakatlarining amaliy natijasi boʻldi. Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon miqyosda ilm-fan, madaniyat va maʼrifat, adabiyot va sanʼat, fan-taʼlim va informatsion texnologiyalar vakillari ishtirokida bu qadar yirik anjuman ilk bor oʻtkazildi. Anjuman nihoyasida Kongress ishtirokchilari tomonidan maxsus deklaratsiya qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi eshiklari nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijiy olimlar, mutaxassislar ham uchun doimo ochiq boʻlishi, bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish, oʻzaro hamkorlik uchun barcha sharoitlar yaratilishini taʼkidlagan edilar. Bugun ana shu fikrlar roʻyobini koʻryapmiz.
Ishonch bilan aytish mumkinki, dunyoda oʻzaro qarama-qarshiliklar, turli diniy, milliy, siyosiy ziddiyatlar hamon davom etayotgan bir paytda mintaqamizda bircha jabhalarda hamkorlik va birdamlikning qaror topishi mamlakatlarimiz taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kuni kecha oʻz ishini yakunlagan kongress ham ana shu hamkorlik va hamjihatlik ifodasi boʻldi.
Firdavs Abduxoliqov,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma