Tarixiy merosni qanday targʻib etish kerak? Markaziy Osiyo mediasi yechim topmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi doirasida madaniy-maʼrifiy media yoʻnalishi ham keng qamrovli muhokamalar oʻtkazildi. Shoʻʼba yigʻilishida milliy qadriyatlarni ekran orqali targʻib etish, hujjatli va maʼrifiy loyihalarning jamiyat ongiga taʼsiri, raqamli jurnalistika tendensiyalari, interaktiv formatlar hamda tarixiy merosni zamonaviy mediatexnologiyalar orqali namoyish etishning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjondan media mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda madaniy-maʼrifiy telekanallarning jamiyat maʼnaviy yuksalishi va axborot maydonidagi masʼuliyati haqida fikr yuritildi. Shu bilan birga, “Sevimli” telekanali faoliyati misolida Oʻzbekistonda ilmiy-maʼrifiy telekontentni rivojlantirishga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
Shuningdek, shoʻʼba yigʻilishida Qozogʻistonning “Abay” telekanali direktori Erkin Muxamedjanov, Turkmaniston “Nesil” gazetasi masʼul kotibi Orazmurad Muradov, Ozarbayjon “Report.az” axborot agentligi direktori Fuad Huseynaliyev va “Sevimli” telekanali bosh direktori Jaloliddin Safoyev maʼruzalar bilan qatnashdilar.
Qozogʻistonning “Abay” telekanali direktori Erkin Muxamedjanov Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifdan katta taassurot qolganini taʼkidladi:
“VII asrda yozilgan Qurʼon nusxasining Markaz muzeyi Qurʼon zalidan oʻrin olishining oʻzi ulkan tarixiy voqea. Markazning zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ekspozitsiyalari olimlar, jurnalistlar va sayyohlar uchun beqiyos manbadir,” — dedi u.

Ozarbayjonlik ekspert Fuad Huseynaliyev ham Markazni jahon ilm-fan jamoatchiligi uchun muhim tadqiqot maydoni sifatida eʼtirof etdi:
“Bu yerda insoniyat tarixi va islom sivilizatsiyasi bir butun konsepsiyada namoyish etilgan. Hazrati Usmon mushafi — markazning eng noyob eksponatlaridan biri. Zamonaviy infografika va interaktiv yechimlar markazni xalqaro maydonda yanada jozibador qiladi”, — dedi u.
“Sevimli” telekanali bosh direktori Jaloliddin Safoyev esa OAVning maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlardagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi:
“Tarixiy merosni xalq ongiga toʻgʻri va xolis yetkazish — OAVning ustuvor vazifasidir. Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi mintaqa mamlakatlarini birlashtiruvchi muhim madaniy diplomatiya qadami hisoblanadi,” — deb taʼkidladi u.
Tojikiston hukumati qoshidagi Televideniye va radio komiteti muharriri Zuhriddin Umarov ham bugungi axborot davrida televideniyening oʻrni juda ahamiyatli va dolzarbligi haqida toʻxtaldi:
Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida juda noyob loyiha. Markaz muzeyidagi boʻlimlar, xususan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari va hozirgi yangi Oʻzbekiston qoʻlga kiritayotgan yutuqlarning ham qadimiy, ham bugungi zamonga uygʻunlashtirilgan holda koʻrsatilgani ulkan taassurot qoldirdi. Muzeyda bugungi kunda keng foydalanilayotgan sunʼiy intellektdan manfaatli foydalanilgani alohida tahsinga sazovor. Albatta, sunʼiy intellektning ayrim salbiy tomonlari haqida ham koʻp gapirilyapti. Ammo markazga kelib sunʼiy intellektdan manfaatli foydalanishimizligini bevosita guvohi boʻldik. Oʻylaymanki, Toshkentda mintaqani birlashtirgan xalqaro kongress keyingi hamkorliklarimizni mustahkamlashga yana oʻzining ulkan hissasini qoʻshadi.
Shuningdek, mintaqaviy media hamkorligi kengayib, Islom sivilizatsiyasi markazi media muloqotining yangi doʻstlik koʻprigiga aylanganini qayd etildi.
Yigʻilish yakunlariga koʻra quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha takliflar ilgari surildi:
• mintaqada madaniy-maʼrifiy telekanallar faoliyatini takomillashtirish;
• hujjatli filmlar va tarixiy-maʼrifiy loyihalarni rivojlantirish;
• interaktiv formatlar va raqamli media platformalarda qoʻshma dasturlar tayyorlash;
• Markaziy Osiyo va Ozarbayjon media tashkilotlari oʻrtasida tajriba va kontent almashinuvini kengaytirish.
Shoʻʼba muhokamalari natijasida madaniy-maʼrifiy media sohasidagi mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining madaniy diplomatiyadagi roli ochiq-oydin namoyon boʻldi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma