Islom sivilizatsiyasi markazi va Bojxona instituti: madaniy merosni asrash boʻyicha amaliy hamkorlik kuchayadi

Oʻzbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining boy fondi, restavratsiya laboratoriyasi va zamonaviy ilmiy-uslubiy muzey amaliyoti bilan nafaqat tadqiqotchilar, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun ham muhim hamkorlik maydoniga aylanib bormoqda. 

 

 

Bojxona institutida Markaz xodimlari ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasidagi madaniy boyliklarni saqlab qolish masalalari” mavzusida amaliy uchrashuv oʻtkazildi. Tadbir Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi Memorandum hamda 2025 yil 31 iyulda tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

 

Uchrashuvni Bojxona instituti boshligʻi, polkovnik Miraʼzam Xamrayev ochib berdi. U oʻz chiqishida bojxona tizimi xodimlari uchun madaniy merosni asrash, uning noqonuniy aylanishining oldini olish va tarixiy yodgorliklarni toʻgʻri baholash boʻyicha amaliy koʻnikmalarning ahamiyatini alohida taʼkidladi. Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan bu tadbirda Markazning yaratilish tarixi, eksponatlarning olib kelinishi, ularning restavratsiya va jihozlanishiga oid muhim maʼlumotlar berildi. 

 

 

“Bu bilim va tajriba kursantlarimiz uchun kelgusidagi amaliy faoliyatda juda foydali boʻlishiga ishonaman”, dedi M. Xamrayev.

 

Tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Muzey va eksponatlarni ilmiy tadqiq etish” boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, bosh muhofiz Elyor Mullajanov hamda oliy toifali restavrator Gulnoza Matchanova maʼruzalar bilan ishtirok etdilar. 

 

 

Uchrashuvda Markazning barpo etilishi va bugungi faoliyatiga doir videorolik ham namoyish etildi. Shuningdek, Markaz tomonidan aktyor Ben Kingsli ishtirokida tayyorlangan “Maʼrifat aks-sadosi” maxsus filmi ham ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

 

Uchrashuvning asosiy qismi madaniy meros obʼektlarining haqiqiyligini aniqlash va ularni ilmiy ekspertiza qilish masalalariga bagʻishlandi.

 

Mutaxassislar qoʻlyozmalar, tasviriy sanʼat namunalari, metall va kulolchilik buyumlari, tarixiy toʻqimachilik artefaktlarini aniqlash va himoya qilishdagi asosiy mezonlar haqida amaliy misollar asosida tushuntirish berdilar.

 

 

Tadbirda 300 dan ortiq kursant va 100 dan ziyod professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi. Ular Markaz mutaxassislariga oʻz savollarini berishdi hamda real eksponatlar asosida amaliy tavsiyalar oldilar.

 

Uchrashuv yakunida Bojxona instituti va Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, restavratsiya, ekspertiza, muzeyshunoslik va madaniy merosni muhofaza qilish masalalari boʻyicha qoʻshma seminar va treninglarni muntazam yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.