"Ikkinchi Renessans" ekspozitsiyasida Amir Temur faoliyati immersiv shou asosida namoyish etiladi
Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev boshchiligida oʻtgan yigʻilishda "Ikkinchi Renessans" ekspozitsiyasining pasporti atroflicha muhokama qilindi. Unda qaysi loyihalar doirasida qanday eksponatlar joylashtirilishi, ularga kimlar jalb qilinishi va tegishli texnik topshiriqlar yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamada ishtirok etgan olimlar, ayniqsa, ekspozitsiyaning ilmiy asoslanganligi, tarixiy ishonchliligi va estetik jihatdan taʼsirchan boʻlishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladilar. Har bir sektor mazmunan mukammal boʻlishi, ayniqsa yosh avlodga ilhom bagʻishlashi lozimligi qayd etildi.
Yigʻilishda ekspozitsiyaning eʼtiborli jihati sifatida Amir Temur va Mirzo Ulugʻbek sektorlariga alohida eʼtibor qaratildi. Olimlar bu boʻlimlarda qanday noyob eksponatlar joylashtirilishi, ularning mazmuni va taʼsiri borasida oʻz taklif va mulohazalarini bildirdilar. Xususan, Amir Temur sektorida uning tugʻilishi, davlat boshqaruvidagi strategik tafakkuri, harbiy yurishlari va shaxsiyati chuqur yoritilishi taklif qilindi. Mirzo Ulugʻbek sektorida esa ilm-fan, astronomiya va madaniyatga qoʻshgan hissasi zamonaviy texnologiyalar yordamida namoyish etilishi zarurligi taʼkidlandi.
Muhokama davomida ekspozitsiyada namoyish etilishi rejalashtirilgan eksponatlar roʻyxati olimlarga taqdim etildi. Ular bu roʻyxat yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirib, qanday qoʻshimchalar kiritish va nimalarni qoʻshish zarurligini koʻrsatib oʻtdilar. Shuningdek, ayrim eksponatlar uchun bir nechta variantlar taqdim etildi, olimlar esa ularning qaysi biri ekspozitsiyaning umumiy konsepsiyasiga mos kelishini tavsiya qildilar.
Yigʻilishda immersiv shou konsepsiyasi ham koʻrib chiqildi. Asosiy taklif sifatida Amir Temurning tugʻilishi jarayonini maxsus sahnalashtirish orqali tomoshabinda chuqur taʼsir qoldiradigan dramatik chiqish namoyish etilishi taklif qilindi. Bu orqali ekspozitsiyaning emotsional kuchi oshirilishi, tarixga boʻlgan qiziqish kuchaytirilishi maqsad qilingan.
Shuningdek, Sharqshunoslik institutida mavjud boʻlgan juda koʻplab qoʻlyozmalar orasidan eng nodir va mazmunli nusxalar saralab olinib, ekspozitsiyada namoyish etilishi yuzasidan topshiriq berildi. Bunda qoʻlyozmalarning ilmiy, madaniy va estetik qimmati inobatga olinadi.
Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Omonilla Boʻriyevning taʼkidlashicha, ekspozitsiyada Amir Temurning tugʻilishini texnik tomondan kuchli koʻrsatilishi kerak.
"Oʻz vaqtida Sohibqiron haqida juda koʻp tarixiy asarlar yozilgan. Ularga Amir Temurning tugʻilishidan boshlab turib to vafotiga qadar maʼlumotlar berilgan. Birinchi eng muhim maʼlumot Amir Temurning tugʻilishi paytidagi sayyoralarning holati haqida yozilgan. Oʻsha paytda olam tuzilishida sayyoralarning quyosh tizimidagi joylashishi haqida yozilgan. Oʻsha paytda ikkita sayyoraning tutashishi yuz bergan. Ikkita sayyoraning yaqinlashishini “Qiron” deyiladi arab tilida. Yaʼni ikkita sayyoraning yaqinlashishi bu gʻayri oddiy holat. Oʻsha paytda tugʻilgan chaqaloq Sohibqiron boʻladi. Bu soʻz oʻsha yerdan kelib chiqqan. Amir Temurning ismining oldiga Sohibqiron qoʻyilishi uning ismi bilan bogʻliq. Ekspozitsiyada Amir Temurning tugʻilishini texnik tomondan kuchli koʻrsatilishi kerak", — deydi Omonilla Boʻriyev.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
