Aleksandr Basanskiy: “Islom sivilizatsiyasi markazi — dunyo moʻʼjizalaridan biri”

 


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda nafaqat tarixiy bilimlar maskani, balki zamonaviy tafakkur, madaniy yangilanish va ilmiy izlanishlar uygʻunlashgan noyob makon sifatida xalqaro eʼtiborni qoʻlga kiritmoqda. Markazga tashrif buyuruvchi xorijiy rasmiylar, olimlar va tadqiqotchilar bu yerda namoyish etilgan boy merosning qadimiyligi, ilmiy yondashuvning takomillashgani va ekspozitsiyalardagi zamonaviy muzey texnologiyalarini yuqori baholashmoqda.

 

 

Rossiya Federatsiyasi Magadan viloyati Dumasi raisining birinchi oʻrinbosari Aleksandr Basanskiy markaz faoliyati bilan yaqindan tanisharkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi bilan amalga oshirilgan ishlar shubhasiz dunyoning moʻʼjizalaridan biri boʻlishi kerak, deya eʼtirof etdi.

 

– Bu yerda amalga oshirilgan ishlar shubhasiz dunyoning moʻʼjizalaridan biri boʻlishi kerak. Faqat sanʼat asari sifatida emas, balki tarixga, xalqga va ajdodlarga hurmat ramzi sifatida chuqur ehtiromga loyiq. Koʻrib turibmizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev markazni bunyod etishda turli sivilizatsiyalarga katta hurmat va eʼtibor bilan yondashgan. Bu maskanda tarixiy davrlar, xalqlar va madaniyatlar oʻzaro bogʻliqligi yuksak darajada aks etgan. Insoniyat uygʻonishlari qaysi qadriyatlar asosida shakllangani bu yerda juda ravshan koʻrinadi. Bu — buyuk meros va yuksak qadriyatdir, – deydi A.Basankiy.

 

Shuningdek, tashrif davomida qadimiy qoʻlyozmalar, noyob eksponatlar, islom ilmi rivojiga oid arxivlar, shuningdek, zamonaviy interaktiv loyihalar taqdim etildi.


Rossiya Federatsiyasi Dumasi vakili markazning maʼrifiy va ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlikka yaratilgan keng imkoniyatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, ilmiy almashinuv va madaniy loyihalar doirasida kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirdi.