Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyoga tarix va madaniyatni asrashning yangi yoʻlini koʻrsatmoqda – YeI va Markaziy Osiyoning 100 dan ortiq mutaxassislari eʼtirofi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan va butun musulmon olamida katta qiziqish uygʻotayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi global miqyosda ham maʼrifat, ilmiy tadqiqot va sivilizatsiyalararo muloqotning yangi ramzi sifatida keng eʼtirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib mazkur markazning jahon ilm-fani va islom madaniyati rivojidagi oʻrnini alohida taʼkidlagani bejiz emas — bu maskan zamonaviy innovatsiyalar bilan qariyb 3000 yillik ilmiy-maʼnaviy merosni birlashtirgan beqiyos majmua sifatida xalqaro doirada tobora katta eʼtibor qozonmoqda.
Markaz nafaqat tarixiy qoʻlyozmalarni saqlovchi ilmiy xazina, balki islom dunyosi rivojining yangi intellektual platformasi, madaniy diplomatiya markazi va turizm salohiyatini oshiruvchi strategik makon sifatida oʻz nufuzini kengaytirmoqda.
Toshkentda oʻtkazilgan “Ipak yoʻlida turizm” xalqaro yarmarkasi doirasida Yevropa Ittifoqi (YeI) va Markaziy Osiyodan mamlakatimizga tashrif buyurgan 100 dan ortiq turizm sohasi mutaxassislari ham Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolariga tashrif davomida Markazning konseptual ekspozitsiyalari, strategik maqsadlari, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari va xalqaro hamkorlik dasturlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Jaime Mayaki, “UN Tourism” xalqaro turizm tashkiloti direktori:
– Islom sivilizatsiyasi markazi – haqiqatan ham noyob maskan. U shunchaki muzey emas, balki islom tarixi va sivilizatsiyasi merosini oʻrganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot va madaniy platforma. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan bu markaz nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosida ham muhim ahamiyatga ega.
Markazning koʻp qirraliligi uni oʻziga xos qiladi: bu yerga sayyohlar bilan birga olimlar va islomshunoslikka qiziqqan mutaxassislar ham kelishi tabiiy. Ayniqsa, Ipak yoʻli tarixi bilan bogʻliq artefaktlarning jamlanishi – barcha davlatlar uchun bebaho meros. Shu bois Ipak yoʻli, islomshunoslik va Markaziy Osiyo madaniyatiga qiziqqan har bir inson uchun bu joy alohida manzil boʻla oladi. Markaz ilmiy yondashuv, tarixiy manzara va zamonaviy multimedia yechimlarini oʻzida uygʻunlashtirgani bilan ajralib turadi. Toʻgʻrisi, bu yer menga juda kuchli taassurot qoldirdi.
Koʻplab mamlakatlarda boʻlganman, ammo bunday markazni birinchi marta koʻrdim. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston aynan shu loyiha orqali xalqaro miqyosda yanada katta eʼtibor qozonadi. Bu tashabbus bilan Oʻzbekistonni chin dildan tabriklayman.
Markaz musulmon olami uchun ham ulkan ahamiyatga ega. Islom haqida toʻgʻri va ijobiy tasavvurni berishda bu joy muhim rol oʻynaydi. Ilmiy-tadqiqot faoliyati esa olimlar uchun katta imkoniyat yaratadi: ular bu yerda islomning turli xalqlar va madaniyatlarga koʻrsatgan ijobiy taʼsirini chuqur oʻrganishi mumkin.
Markaz boʻlimlarida tarixiy jarayonlar zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt asosida ishlangan vizual materiallar orqali jonli va aniq namoyish etilgan. “Oʻtmish–bugun–kelajak” konsepsiyasining uygʻunligi markazning eng katta yutugʻi, deb hisoblayman.

Delegatsiya aʼzosi, Yevropa kurortlar assotsiatsiyasining vitse-prezidenti Martin Plachi esa Markazdagi multimediali tizimlarni yuqori baholab, tarixni raqamli va interfaol shaklda talqin qilish bugungi avlod uchun juda muhim ekanini taʼkidladi.
– Bu mening Oʻzbekistonga, xususan, Toshkentga ilk bor kelishim. Sizning nihoyatda goʻzal muzeyingizni koʻzdan kechirdik. Ammo “goʻzal” soʻzi bu joy uchun yetarli emas, muzey haqiqatan ham hayratlanarli darajada ajoyib.
Markaz muzeyi ekspozitsiyalaridagi multimediali proyeksiyalardan juda katta taassurot oldim. Bugungi yosh avlod tarixni ham raqamli va jonli tarzda koʻrishni istaydi. Bu yerda aynan shunday yondashuv qoʻllanilgan: tarix shunchalik original va zamonaviy shaklda namoyish etilganki, oʻzingizni goʻyo oʻsha davr ichida yurgandek his qilasiz. Menimcha, Prezidentingizning bu tashabbusi juda katta yutuq. Sizlarni chin dildan tabriklayman.

Mona Bjorklund, Yevropa Komissiyasining Mobil va transport masalalari boʻyicha bosh direksiyasi direktori:
– Bu markaz menda nihoyatda katta taassurot qoldirdi. Bu yerga tashrif buyurish imkoniyati berilganidan chin dildan minnatdorman. Markaz Markaziy Osiyoning buyuk tarixini, Oʻzbekistonning va Ipak yoʻlining merosini juda yorqin va zamonaviy shaklda namoyon etadi. Har bir mehmon bu yerda nafaqat tarixni koʻradi, balki uni his qiladi. Meni ayniqsa ekspozitsiyalarning zamonaviyligi va interaktivligi hayratga soldi, bu juda noyob va esda qolarli tajriba boʻldi.
Avval Markaz haqida eshitmagan edim, delegatsiya tarkibida tashrifimizdan oldin u haqida oʻqib chiqdim va shu orqali dastlabki maʼlumotlarga ega boʻldim. Ammo oʻzim koʻrganlarim kutganimdan ancha ulkan va taʼsirli boʻlib chiqdi.
YeI va Markaziy Osiyodan tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari Markazning xalqaro hamkorlikka ochiqligi, ilmiy almashinuv va qoʻshma loyihalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyoga tarix va madaniyatning yangi yoʻlini koʻrsatadigan maʼrifiy maskan boʻlishini eʼtirof etishdi.
Delegatsiya vakillariga koʻra, kelgusida IHT, BMT Turizm tashkiloti, ICESCO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma tadqiqotlar, maʼrifiy dasturlar va ilmiy almashinuvlar yoʻlga qoʻyiladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma