30 dan ortiq davlatning xalqaro huquq ekspertlari Toshkentda betakror tarix sahifalariga noodatiy sayohat qildi
Dunyoning 34 davlati, xususan, Marokash, Latviya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi boshqa qator davlatlar vakillari ishtirokida zamonaviy chaqiriqlar sharoitida qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro konferensiya doirasida huquq mutaxassislari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi beqiyos ilmiy-maʼrifiy makon – Islom sivilizatsiyasi markazida tarix bilan yuzlashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tashkil etilganining 3 yillik yubileyiga bagʻishlangan “Zamonaviy chaqiriqlar sharoitida qonun ustuvorligini taʼminlash: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qatnashchilari Oʻzbekistondagi mega loyiha – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi.
Huquq ekspertlari tashrif davomida Markazning ilmiy, madaniy va maʼnaviy boyliklari bilan yaqindan tanishdilar.
Nigor Qalandarli, yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori (Ozarbayjon):
– Mazkur maskan Sharqning chuqur madaniy ildizlari, islom sivilizatsiyasining boy merosi va mintaqaning koʻp asrlik tarixini uygʻunlashtirgan noyob ilmiy-maʼrifiy markazligiga guvoh boʻldim. Bu yerga birinchilardan boʻlib tashrif buyurish katta mamnuniyat ulashdi.
Markaz muzeyidagi nafis freskalar, badiiy tasvirlar va tarixiy sahnalar eramizdan avvalgi davr va bugungi kun madaniyatining oʻziga xos uygʻunlashgan bir koʻrinishi. Bu borada yaratilgan atmosfera insonni tarixning chuqur qatlamlariga sayohat qilgandek his uygʻotadi.
Meni eng koʻp hayajonga solgani bu ekspozitsiyadagi Kaʼba yopinchigʻidir. Ilgari Makka va Kaʼbada boʻlganman. Bu yerda Kaʼba yopinchigʻini koʻrib, yana oʻsha sof va ilohiy hisni tuydim. Bu tuygʻu hech narsaga qiyoslanmaydi. Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etganlardan minnatdorman — ular menga shu ilohiy ruhiyatni yana bir bor his qilish imkonini berdi.
Markazda Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi maʼnaviy koʻprik sifatidagi ahamiyati ham beqiyos, tarixning turli bosqichlari, madaniy qatlamlar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar uygʻunlashib, keng miqyosdagi xalqaro auditoriyaga xizmat qilmoqda.
Tashrif chogʻida delegatsiya aʼzolariga Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikistonning qadimiy hududlari, bu hududlarda shakllangan yuksak madaniyat va tarixiy meros namunalari ham koʻrsatildi.
Nigor Qalandarlining fikriga koʻra, bu yondashuv umumiy turkiy tariximizning yana bir yorqin isboti.
Markazning yoshlar tarbiyasidagi oʻrniga ham alohida urgʻu berib, bu yerga kelgan har bir yosh tarixni koʻradi, his qiladi va oʻzligini anglashini va bu kelajak avlod uchun bebaho merosligini taʼkidladi.
– Bu markazni bir marta koʻrish bilan cheklanib boʻlmaydi. Men boshqa davlatlardagi hamkasblarimga ham albatta tavsiya qilaman. Oʻzim ham oilam bilan yana bir bor kelib, bu yerning boy merosi bilan yana tanishishni istayman, – dedi ozarbayjonlik huquqshunos tashrif yakunida xulosalarini bildirarkan.
Delegatsiya aʼzolari ushbu tashrifdan mamnunligini bildirib, Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga muvaffaqiyat tilashdi.


Xadicha Elmadmad, Marokashning Kasablanka Universiteti yuridik fanlari doktori, professor:
— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgani haqida eshitib, bu yerga kelganimdan juda mamnun boʻldim.
Markaz ichida meni eng kuchli hayajonga solgan jihat — Kaʼba yopinchigʻi namoyish etilgan ekpozitsiya boʻldi. Goʻyo Kaʼbaning oʻzi shu yerga koʻchib kelgandek tuyuldi. Bu juda taʼsirli. Kaʼbani ziyorat qilish imkoniga ega boʻlmaganlar hech boʻlmaganda bu yerga kelib, uning muqaddasligini his qilishi mumkin. Markazdagi bu yondashuv eng ezgu ishlardan biri.
Aytishim mumkinki, hozir marokashliklar Oʻzbekistonni kashf etmoqda — koʻpchilik sayyoh sifatida kelishni boshlagan. Men ham aprel oyida kelishni rejalashtirgan edim. Ayniqsa, Imom Buxoriy va uning “Sahih” asarlari mamlakatimizda katta hurmat bilan oʻrganiladi. Shu sababli Buxoriy maqbarasi va sizning Markaz kabi muqaddas joylarga tashrif buyurish biz uchun alohida qadriyatdir.
Bu yerga kelgan tajribamni nafaqat ilmiy faoliyatimda, balki oilam bilan suhbatlarimda ham albatta boʻlishaman. Bu tashrif men uchun unutilmas boʻldi. Sizlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Gulnar Baxtiyor qizi, Qozogʻiston Respublikasi Huquqiy statistika qoʻmitasi katta prokurori:
— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi fikrlarim nihoyatda ijobiy. Butun Oʻrta Osiyo madaniyatini yagona formatda, bitta muzeyda jamlab, chuqur transformatsiya asosida taqdim etish — bu, shubhasiz, betakror gʻoya. Bu — haqiqiy geniylik namunasi, bu gapni qoʻrqmay ishlataman. Markazda namoyish etilgan har bir artefakt alohida hurmatga loyiq.
Muzey ekspozitsiyasidagi tanga kolleksiyalariga alohida toʻxtalmoqchiman. Qozogʻiston tarixining besh jildlik nashrida qayd etilishicha, qadimiy tangalar va ilk valyuta tizimining shakllanishi mamlakat suverenitetining muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, bu yerda asrlar davomida muayyan hududning iqtisodiy va madaniy rivojiga oid oʻziga xos jihatlar juda aniq aks ettirilgan.
Markazdagi ekspozitsiyalar izchil va ravshan yoritilgan. Albatta, tarixni qayta yaratib boʻlmaydi — u takrorlanmaydi. Ammo arxeologik topilmalar, qazishmalar, ilmiy tadqiqotlar orqali biz uning boʻlaklarini mozaika singari yigʻib boramiz. Shu bois, hozir bu yerda namoyish etilgan eksponatlar Oʻzbekistonning butun sivilizatsion merosini bir makonda uygʻunlashtirishga qaratilgan ulkan urinishdir. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan bu markaz menda juda katta taassurot qoldirdi. Haqiqatdan hayratdaman.
Muzeyning ishlash tamoyili, yaʼni tarixiy artefaktlar va zamonaviy texnologiyalarning uygʻunlashuvi — alohida eʼtirofga loyiq. Eksponatlar nafaqat koʻrgazma sifatida qoʻyilgan, balki integratsiya va digital talqin orqali jonlantirilgan. Sunʼiy intellekt qoʻllanilganini ham payqadim. Zamonaviy texnik imkoniyatlarning qadimiy tarix bilan bunday chiroyli uygʻunlashuvi — juda goʻzal yechim.
Muzey inson tafakkurida chuqur silkinish uygʻotadi: koʻpincha ikkinchi darajali deb hisoblagan narsalar aslida birinchi darajali qadriyatga aylanadi. Vaqt oʻtishi bilan qarashlarimiz oʻzgaradi.
Biz bir vaqtning oʻzida Gʻarbga ham, Sharqqa ham murojaat qilamiz. Ammo baribir biz sharqona madaniy meros egalarimiz. Vazifamiz bu merosni toʻgʻri talqin qilish va avloddan avlodga yetkazishdir.
Bu muzey haqida cheksiz gapirish mumkin. Ochigʻini aytsam, men juda chuqur taassurot oldim. Hatto bunday ulkan muzey mavjudligini tasavvur qilmagan edim. Balki uni Ermitaj bilan solishtirish mumkin. Albatta, bu toʻliq taqqoslash emas, lekin bu Markazdan olgan taassurotim shunga yaqin — juda katta va hayratli. Bu imkoniyatni berganingiz uchun rahmat.

Gʻolibjon Sanavarzoda, yuridik fanlari doktori (Tojikiston):
— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan chuqur hayratda qoldim. Bu markazning har bir boʻlimida nafaqat islom tarixiga, balki butun Oʻrta Osiyo mamlakatlarining shakllanishi va rivojlanish jarayoniga oid alohida, batafsil va tizimli maʼlumotlar berilgan. Bu yondashuv — tarixni hududlar boʻyicha izchil koʻrsatish — meni juda hayratlantirdi.
Eng yoqqan jihatlardan biri — bu yerda Saudiya Arabistonidan, Makkadan olib kelingan noyob kolleksiyalarning mavjudligi. Ular orasida juda kam uchraydigan, katta maʼnaviy ahamiyatga ega eksponatlar ham bor.
Bundan tashqari, markazning zamonaviy raqamlashtirishga asoslangan yondashuvi meni yanada hayratga soldi. Tarixiy nodir yodgorliklar, meʼmoriy manbalar va qadimiy nashrlarning namoyish etilishi va shu bilan birga kontentlarning raqamli formatda ham jonlantirilgan. Intellektual texnologiyalar qoʻllanilgani, tarixiy jarayonlarning interaktiv tarzda taqdim etilgani — juda katta innovatsiya. Bu ilmiylik va zamonaviylikning ajoyib uygʻunligi.
Shuni ishonch bilan ayta olaman: men juda mamnunman. Bu yerda jamlangan boylik — faqat Oʻzbekistonga emas, balki butun Oʻrta Osiyoga, hatto global miqyosdagi ilmiy va maʼnaviy jamoatchilikka tegishli merosdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markazni yaratishda, uni bugungi darajaga yetkazishda mehnat qilgan barcha insonlarga chin dildan rahmat aytaman.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma