IHT Bosh kotibi oʻrinbosari: “Bu markaz islomning asl qiyofasini dunyoga koʻrsatadi”

 

 

Islom hamkorlik tashkiloti delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi asosida bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini mintaqadagi eng innovatsion va maʼrifatli ilmiy-madaniy maskanlardan biri sifatida baholadilar.


Davlatimiz rahbarining nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar tashkilotining minbaridan turib Oʻzbekistonda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida aytgan fikrlari xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotmoqda.

 


Shuningdek, bugungi kunda yurtimizning boy tarixiy merosi va zamonaviy madaniy yangilanishini uygʻun tarzda namoyon etuvchi Oʻzbekistondagi ushbu mega loyiha maʼrifiy maydon sifatida xalqaro delegatsiyalarni hayratga solmoqda.


Markazga tashrif buyurayotgan xalqaro delegatsiyalar, olimlar va madaniy soha vakillari mamlakatimizning ilmiy salohiyati, islom dunyosiga qoʻshgan ulkan ishtiroki va intellektual taraqqiyotini yaqindan koʻrish imkoniga ega boʻlmoqda.


Mamlakatimizda oʻtkazilgan “Ipak yoʻlida turizm” xalqaro yarmarkasida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Islom hamkorlik tashkiloti delagatsiyasi ham ana shular jumlasidan.


Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya aʼzolariga Markazning bunyod etilishi, ekspozitsiyalarning yaratilish gʻoyasi haqida maʼlumot berarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi ushbu mega loyihaning ilmiy yoʻnalishlari va maʼrifiy missiyasini batafsil gapirib berdi.

 


Firdavs Abduxoliqov taʼkidlaganidek, Markaz nafaqat tarixiy merosni namoyish etadigan muzey, balki jahon miqyosidagi ilmiy-tarixiy tadqiqotlar, madaniy almashinuv va maʼrifiy hamkorlik uchun ochiq innovatsion platforma hisoblanadi.


Islom hamkorlik tashkiloti delegatsiyasi aʼzolariga shuningdek, Markazning asosiy konseptual dasturlari, kelgusi rejalari va yirik xalqaro loyihalar haqida ham alohida maʼlumot taqdim etildi.


Nufuzli tashkilot vakillari Markaz bilan tanishish jarayonida ushbu maskanda islom sivilizatsiyasi tarixining zamonaviy uslubda yoritilgani, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining yetuk allomalari merosi noanʼanaviy tarzda namoyishga tayyorlangani, Oʻzbekistonda shakllangan qadimiy ilmiy maktablar haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston boʻlimlarida yurtimizning taraqqiyot islohotlari haqidagi ekspozitsiyalardan chuqur taassurot oldilar.

 


Delegatsiya vakillarida katta qiziqish uygʻotgan jihatlardan biri bu ekspozitsiyalarda tarixiy merosning taqdim etilishidagi innovatsion yondashuv boʻldi. Shuningdek, 3000 yillik tarixni oʻzida mujassam etgan muzey ekspozitsiyasida dunyoga mashhur buyuk allomalarning yurtimizda tugʻilganidan tortib hanuzgacha xalqaro hamjamiyatda alohida eʼtirof etilayotgan ilmiy, maʼnaviy, maʼrifiy merosi aynan Oʻzbekistonga tegishli ekanligi hayratlantirdi.


Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya vakillariga qoʻshimcha maʼlumot berarkan, muzey nafaqat sayyohlar, balki yosh avlod uchun ham muhim maʼrifiy maskan boʻlishi maqsad qilinganini taʼkidladi. Delegatsiya aʼzolarini hayratlantirgan ulugʻ allomalarimiz haqidagi ekspozitsiyalarga ham toʻxtalarkan, bu Oʻzbekiston eng betakror madaniy, ilmiy merosga ega davlatligining yaqqol isboti ekanligini qayd etdi.

 


Islom Hamkorlik Tashkilotining iqtisodiy masalalar boʻyicha Bosh kotib oʻrinbosari Ahmad Sangendo bu maskanni Islom hamkorligi hududidagi eng ilgʻor madaniy markazlardan biri sifatida baholadi. Uning qayd etishicha, Oʻzbekistonning boy ilmiy merosini xalqaro maydonga olib chiqish jahon turizm salohiyatini oshirish va maʼrifiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.

 

– Biz Islom sivilizatsiyasining bu ulugʻ, buyuk va monumental maskanida – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimizdan juda mamnunmiz. Ushbu markaz barpo etilib, unda islomning asl tarixi, ilm- fan merosi va buyuk yutuqlari hujjatlashtirilgani uchun Oʻzbekiston Prezidenti, hukumati va xalqiga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Bu markaz nafaqat tarixni qayta jonlantiradi, balki yosh avlodga oʻz ildizlarini anglash, dinini qadrlash, islomning asl mohiyati — tinchlik, taraqqiyot, ilm- fan va izlanish dini ekanini chuqur tushunish imkonini beradi. Yoshlarni bilimga, yangilik yaratishga, mamlakati, musulmon olami va butun insoniyat taraqqiyotiga hissa qoʻshishga undaydi. Markaz juda puxta, mukammal va zamonaviy tarzda bunyod etilgan. Bu yerda minglab tarixiy dalillar, eksponatlar mujassam boʻlib, ularning barchasi yuksak saviyada namoyish etilgan. Ushbu gʻoyani ilgari surgan insonlardan, xususan, Oʻzbekiston Prezidentidan va markaz jamoasidan minnatdormiz. Bu maskan islomning asl qiyofasini jahon hamjamiyatiga koʻrsatadigan buyuk ilm-maʼrifat markaziga aylanishiga umid qilamiz. Bu markaz faqat musulmon olamiga emas, balki butun insoniyatga ochiq. Markaz nafaqat Oʻzbekistonning, balki turli mintaqa va xalqlarning tarixiy taraqqiyoti, ular oʻrtasidagi aloqalar va madaniyatlararo muloqot jarayonini yoritib beradi. Uning ahamiyati shundaki, bu yerga kelgan har bir kishi islom tarixi, ilm-fani va madaniy merosi haqida ishonchli, haqqoniy va boy manbalarga ega boʻladi.


Islom hamkorlik tashkiloti tarkibiga 57 ta davlat kiradi. Tashkilot aʼzo mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikning yorqin namunasi boʻlib, biz ushbu markaz bilan faol hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Jumladan, tarixiy tadqiqotlarni rivojlantirish, IHT davlatlari olimlarini Oʻzbekistonga taklif qilish, oʻzbekistonlik tadqiqotchilar bilan qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasi haqidagi toʻgʻri bilimlarni keng yoyish kabi yoʻnalishlardagi ishlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga doim tayyormiz. Biz islomning asl mohiyati – tinchlik, taraqqiyot va birlik gʻoyalarini dunyoga yetkazish yoʻlida harakatdamiz. IHT ushbu markaz faoliyatini targʻib qilish, aʼzo davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun bor kuchini sarflaydi, – deydi Ahmad Sangendo.


Delegatsiya aʼzolari Qurʼon zalida namoyish etilgan Usmon Mushafi va 114 ta noyob Qurʼon nusxalarining joylashuvini katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Shuningdek, ular milliy qadriyatlar, jumladan, tarixdagi eng qadimiy shaxmat donachalaridan biri namoyish etilgan ekspozitsiyani yuksak baholadilar.

 


Adama Ndiaye, delegatsiya aʼzosi, Senegalning turizmni rivojlantirish agentligi rahbari:

 

– Ochigʻi, men Markazning bunday darajada ulkan va chiroyliligini tasavvur ham qilmagandim. Bu nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun islom olamining katta yodgorligi. Ilm-fan uchun ham bebaho manba. Chunki biz universitetda talabalarga dars beramiz va islom tarixining ildizlarini, uning asosiy bosqichlarini bilish biz uchun juda muhim. Koʻpincha dunyoning ayrim hududlarida islom goʻyoki ziddiyatli, mojaroli sivilizatsiya sifatida talqin qilinadi. Ammo bugungi tashrif bizga islomning asl mohiyatini yanada aniq koʻrsatdi: islom – tinchlik dini, ilm-fan dini. Bu diniy meros iqtisod, tibbiyot, astronomiya, falsafa, texnologiya kabi sohalarni rivojlantirishga undagan. Bu yerda taqdim etilgan barcha tarixiy, ilmiy va maʼnaviy boyliklar butun dunyo ilmiy jamoatchiligiga yetkazilishi lozim, deb oʻylayman. Menimcha, bizning har birimiz oʻz davlatimizning vakili boʻlish bilan birga, IHT – Islom Hamkorlik Tashkiloti aʼzolarimiz. Biz ushbu ulkan hamjamiyat doirasida davlatlar oʻrtasida ilm-fan rivojiga qanday hissa qoʻsha olishimiz haqida oʻylashimiz kerak. Bu juda katta imkoniyat, juda keng maydon. Prezidentingiz tashabbusi va gʻoyasi mahsuli boʻlgan ushbu Markaz muzeyi oʻz ichiga jamlagan maʼrifat, tarix, ilm, madaniyat va taraqqiyot gʻoyalari orqali davlatlarimizni yaqinlashtirishda ham muhim rol oʻynay oladi. Bizda noyob imkoniyat bor: insonlar oʻrtasidagi masofani qisqartirish, koʻproq bogʻlanish, bir-birimizdan oʻrganish. Natijada bu yerda – Oʻzbekistonda mavjud ilm-fan, tarix, qadriyat va meros butun dunyoga tarqaladi va dunyo bilib oladi: islomning haqiqiy qadriyatlari aynan mana shu yerda, Oʻzbekistonda amalda namoyon boʻlyapti.

 


Tashrif yakunida Islom hamkorlik tashkiloti va Markaz oʻrtasida kelgusi rejalar, turizm, maʼrifiy almashinuv va ilmiy loyihalar yoʻnalishida hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari haqida fikr almashildi.