Muhammad Jalud: "Xorazmiy zamonaviy texnologiyalarning asoschisi"

 

 

 

Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Prezidenti Muhammad Jalud Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. U “Oʻzbekiston — muqaddas zamin, ulugʻ xalq” deya eʼtirof etdi.


Oʻzbekiston sport diplomatiyasini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakat nufuzini yuksaltirish yoʻlida izchil ish olib bormoqda. Shu doirada Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) Prezidenti Muhammad Jalud ayni paytda yurtimizda boʻlib turibdi. 

 

Bugun Muhammad Jalud mamlakatimizning muhim maʼnaviy-maʼrifiy maskanlaridan biri – Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzey ekspozitsiyalari, undagi kontentlar, zamonaviy multimedia yechimlar, tarixiy manbalar asosida yaratilgan interaktiv boʻlimlar, qadimiy qoʻlyozmalar va raqamlashtirilgan manbalar bilan tanishdi.  

 

 

 

Markaz boʻylab sayohatdan soʻng IWF Prezidenti oʻz taassurotlarini quyidagicha bayon qildi:

 

“Ikki yil avval bu yerga qurilish boshlanganda kelgan edim. Bugun esa hayratda qoldim — hayotimda bunday ulkan va mazmunli muzeyni koʻrmaganman. Bu maskan insonni ming yillar oldingi davrlarga olib ketadi. Sunʼiy intellekt asosidagi ekspozitsiyalar va interaktiv sahnalar oʻtmishga haqiqiy sayohat hissini beradi.

 

Bu yer ajdodlarimizni yodga oladigan muqaddas makon. Amir Temur, Xorazmiy kabi buyuk zotlar faqat oʻzbek xalqi emas, butun insoniyat uchun beqiyos meros qoldirgan. Algebraning asoschisi — Xorazmiy boʻlmasa, bugungi texnologiyalar ham boʻlmas edi. Shu bois men uchun Oʻzbekiston — muqaddas zamin, bu ulugʻ xalq”.

 

 

Muhammad Jalud, shuningdek, bunday maskan uchun Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentga minnatdorlik bildirdi.