Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Oʻzbekistonning eng muhim ilmiy-maʼrifiy markazlaridan biri — Islom sivilizatsiyasi markazi muntazam ravishda xalqaro delegatsiyalar eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi yuqori martabali delegatsiya ham Markazga tashrif buyurib, bu yerda jamlangan ilmiy meros, zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya aʼzolari Markazning “Islomdan avvalgi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori”, “Qurʼoni Karim zali” boʻlimlaridagi nodir arxeologik topilmalar, raqamlashtirilgan qoʻlyozmalar, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan koʻrgazmalarni katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi.
Ayniqsa, miloddan avvalgi I–II ming yilliklarga oid nodir artefaktlar, yosh avlod uchun moʻljallangan interaktiv oʻquv zonalari hamda Markazning asosiy bebaho yodgorligi — Usmon Qurʼoni delegatsiya tarkibida katta taassurot qoldirdi.
Tashrif yakunida Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Men bir necha yildan beri Oʻzbekistonda bunday ulkan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilayotgani haqida eshitib yurganman. Taxminan olti oy avval bino tashqi koʻrinishini koʻrganimda ham hayratga tushgan edim. Ammo hozir bu yerning ichki mazmunini koʻrib, oʻsha taassurotlarim yanada chuqurlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaz haqidagi fikrlarini oʻqib qoldim: “Markazning asosiy vazifasi — Islomning haqiqiy gumanistik va maʼrifiy mohiyatini koʻrsatishdir.” Bu juda chuqur va dolzarb yondashuv. Bugun bu fikrning nechogʻli toʻgʻri ekani oʻz tasdigʻini topdi.
Hali Markaz rasmiy ochilmagan boʻlishiga qaramay, uni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlganimdan minnatdorman. Rostini aytsam, hayotimda bundan ajoyibroq ilmiy-maʼrifiy majmuani koʻrmaganman.
Bu yerda zamonaviy texnologiyalar bilan klassik muzey sanʼati juda uygʻunlashgan. Ayniqsa, bolalar uchun yaratilgan interaktiv vositalar alohida eʼtiborga loyiq — bu bugungi avlod tarbiyasi uchun nihoyatda muhim.
Meni ayniqsa “Islomdan avvalgi davr” boʻlimi qiziqtirdi. Chunki oʻsha davrlarga oid topilmalarni saqlash va namoyish qilish juda murakkab ish. Biroq bu yerda miloddan avvalgi ming yilliklarga oid eksponatlar bor. Insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlari juda puxta yoritilgan.
Shuningdek, men uchun shaxsan qadrli boʻlgan mavzu — Amir Temur va Temuriylar davri. Oʻzbekistonda shu davrga oid juda koʻp yodgorliklarni koʻrganman va ularni oʻzim alohida oʻrganib kelaman.
Albatta, Markazning durdonasi — Usmon Qurʼoni. Bu Qurʼonning bir necha yil davomida Ufa shahrida saqlangani bizning tariximizning bir boʻlagi. Turkiston xalqlari murojaat qilganidan soʻng, biz uni tarixiy adolat yuzasidan oʻz joyiga qaytardik. 1920 yillar boshlaridan boshlab Toshkentga koʻchirilgan bu bebaho nusxa bugun Markazning eng ulugʻ yodgorligidir.
Tashrif davomida muzey direktori bilan ilmiy va madaniy hamkorlik boʻyicha kelishuv tuzishga kelishdik. Markaz ochilgach, biz amaliy hamkorlikni boshlaymiz. Boshqirdistondan muzey mutaxassislarini yuboramiz, tajriba almashamiz — chunki har qanday katta muzey avvalo ilmiy markazdir.
Ochigʻi, men bugun koʻrganlarimdan xulosa qildim: Toshkentda haqiqiy turistik durdona paydo boʻlgan. Oʻzbekistonga kelgan har bir inson aynan shu Markazni koʻrishi shart. Hatto 2–3 kunlik safar boʻlsa ham, kamida bir kunni shu yerga bagʻishlash kerak. Chunki bunday maskanlar odamning tafakkurini oʻzgartiradi, yoshlar uchun esa ulkan maktabdir.”
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma