Rossiya delegatsiyasi: “Bu yerda tarix qalb bilan his qilinadi”

 

 

Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi, zamonaviy ekspozitsiyalar va interaktiv texnologiyalar uygʻunlashgan Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi eng nufuzli ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biri sifatida xalqaro mehmonlarni qabul qilishda davom etmoqda. Navbatdagi tashrif egasi — Rossiya Federatsiyasi Hukumat Raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya boʻldi.

 

Denis Manturov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskanni koʻzdan kechirar ekan, markazning konsepsiyasi, zamonaviy talqindagi ekspozitsiyalari va tarixiy merosni ilmiy asosda namoyish etish uslubidan chuqur taassurot olganini bildirdi. Delegatsiya aʼzolari Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyalari, shuningdek “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” boʻlimi bilan tanishib, har bir boʻlimdagi ilmiy izchillik va texnologik yechimlarni yuqori baholadilar.

 

 

 

Tashrif davomida delegatsiya markazning yoshlarni ilmiy izlanishga jalb qiluvchi taʼlimiy loyihalari, raqamli arxivlar va interaktiv platformalarning xalqaro darajadagi ishlanganiga alohida eʼtibor qaratdi.

 

Delegatsiya aʼzosi Aleksandr Pavlovich Semyonov markaz haqida shunday fikr bildirdi:

 

“Bunday markazga tashrif buyurgach, inson oʻzi bilan bir boʻlak tarixni olib ketadi. Bu shunchaki eslab qoladigan sahifalar emas — qalbda yashaydigan tuygʻular. Bunday markazni yaratish — yangi tarix yaratishdir.”

 

 

 

Tashrif yakunida Rossiya delegatsiyasi markaz faoliyatini yuksak baholab, uning ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishlari ikki davlat oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.