Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi delegatsiyasi Oʻzbekistonning yangi maʼrifiy uygʻonish timsoliga aylangan Islom sivilizatsiyasi markazida

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan va milliy merosni zamonaviy talqin bilan uygʻunlashtirgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro delegatsiyalar uchun Markaziy Osiyodagi eng yirik maʼrifiy maskanga aylanib ulgurdi. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan Xitoy madaniyat kunlari doirasidagi tadbirlar munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Lu Yingchuan boshchiligidagi delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

 

 


Tashrif davomida mehmonlarga markazning konsepsiyasi, ekspozitsiyalar tuzilishi va Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllangan zamonaviy muzey standartlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Delegatsiya aʼzolari Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans boʻlimlari hamda “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyasini koʻrib, markazning tarixiy jarayonlarni izchil, ilmiy asosda va global auditoriyaga mos formatda taqdim etish imkoniyatlarini yuqori baholadilar.
  
Lu Yingchuan markazni Oʻzbekistonning ilmiy-maʼrifiy salohiyatini namoyish etuvchi muhim maydon sifatida eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, markazda raqamlashtirilgan manbalar, interaktiv texnologiyalar, jonli maketlar va zamonaviy ekspozitsiya dizayni tarixni faqat koʻrsatibgina qolmay, balki uni his qilish, tushunish va chuqur anglash imkonini yaratadi.

 

 

 

“Bu markaz xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi noyob ilmiy-koʻprikdir. U nafaqat tarix va madaniyatni bogʻlab, balki xalqlarni birlashtiruvchi, ular oʻrtasida yangi hamkorlik va doʻstlik koʻpriklarini yaratishga xizmat qiladi. Biz uchun esa ushbu tashrif nafaqat boy tajriba, balki kelajak uchun yangi ilhom manbai, madaniy muloqot va hamkorlik yoʻlida muhim qadamdadir" - dedi Lu Yingchuan

 

Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, markazning yoshlar bilan ishlash dasturlari, taʼlimiy loyihalari va xalqaro ilmiy hamkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlarini alohida qayd etdilar. Ularning fikricha, markaz ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
 


Tashrif yakunida delegatsiya vakillari Oʻzbekiston bilan madaniyat, tarixiy merosni tadqiq etish, qoʻlyozmalar almashinuvi va ilmiy-metodik hamkorlik yoʻnalishlarida amaliy loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi esa oʻz navbatida, Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllangan ochiqlik va xalqaro hamkorlik siyosati doirasida xalqlar oʻrtasidagi madaniy koʻpriklarni mustahkamlashni davom ettirishini maʼlum qildi.