Ikki ming yillik tabassum: Surxondaryodan topilgan Kushon shahzodasi haykali

 

 

Dalvarzintepadan topilgan Kushon shahzodasining nodir haykali nafaqat sanʼat namunasi, balki davr hokimiyati, ideal inson qiyofasi va maʼnaviy dunyoqarashning badiiy ifodasidir. Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan ushbu arxeologik topilma mintaqaning ilk davlatchilik va badiiy tafakkur tarixini yoritadi.

 

Islomdan oldingi Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan Kushonlar davlati sanʼatiga oid nodir yodgorliklar orasida Kushon shahzodasining bosh qismi haykali alohida ahamiyat kasb etadi. Milodiy I–II asrlarga mansub ushbu noyob arxeologik topilma bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan munosib oʻrin olgan.


Arxeologik va sanʼatshunoslik tahlillarga koʻra, haykal Kushonlar sulolasi hukmronligi davrida yaratilgan boʻlib, u davr badiiy tafakkuri, hokimiyat ramzlari va ideal inson qiyofasini oʻzida mujassam etgan. Bu topilma 1967-1968 yillarda Surxondaryo viloyatida joylashgan Dalvarzintepa arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar chogʻida topilgan. Tadqiqotlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Sanʼatshunoslik institutining akademik Galina Pugachenkova rahbarligidagi “Oʻzbekiston sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi” tomonidan amalga oshirilgan.


Kushon shahzodasi haykalda yosh va navqiron yigit qiyofasida tasvirlangan. Uning yuzida davrga xos ideallashtirilgan, sokin va oʻychan ifoda aks etgan. Shahzodaning boshida tangachalar bilan bezatilgan konussimon bosh kiyimi tasvirlangan boʻlib, bu uning yuqori ijtimoiy maqomga — shoh oilasi vakili ekaniga ishora qiladi.


Mutaxassislarning taʼkidlashicha, haykal topilgan majmua buddaviylikka oid muqaddas inshootning “Shohlar zali” deb ataluvchi qismiga mansub. Ushbu hududda Budda, Devata hamda dunyoviy obrazlarga oid qator haykallar va ularning parchalari aniqlangan. Bu esa Kushonlar davrida diniy va dunyoviy sanʼat oʻzaro uygʻun holda rivojlanganini koʻrsatadi.


Haykal sirtida saqlanib qolgan oq, zargʻaldoq va qora rang izlari uning dastlab polixrom, yaʼni rang-barang boʻyalgan holda boʻlganini tasdiqlaydi. Xususan, bosh kiyimi qora rangda, bezak tangachalari oltin suvi bilan qoplangan, shahzodaning yuzi esa och qizil tusda boʻyalgan. Bu holat Kushon davri haykaltaroshligida polixromiya anʼanasi keng tarqalganidan dalolat beradi.


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yetakchi ilmiy xodimi Anvar Matniyozov ushbu haykalning badiiy qiymati haqida quyidagilarni taʼkidlaydi:

 

“Bu haykal sanʼat nuqtai nazaridan juda nozik va yuksak mahorat bilan ishlangan. Ayniqsa, Kushon shahzodasining yuzidagi sokin ifoda eʼtiborni tortadi. Mutaxassislar uni sanʼat tarixida mashhur boʻlgan “nim tabassum” fenomeni bilan qiyoslaydilar. Bu haykaltarosh insonning ichki ruhiy holatini tashqi qiyofa orqali ifoda etishda yuksak darajaga erishganini koʻrsatadi”.


Shuningdek, Kushon shohlariga oid tangalarda, jumladan, Vasishka I davri tangalarida kuloh kiygan shoh qiyofalarining tasvirlanishi mazkur haykal obrazi bilan uslubiy uygʻunlikni namoyon etadi. Bu esa haykal nafaqat yakka sanʼat asari, balki davr davlatchilik ramzlarining badiiy ifodasi ekanini koʻrsatadi.


Kushon shahzodasining bosh haykali orqali Markaziy Osiyoda shakllangan ilk davlatchilik anʼanalari, hokimiyat timsollari va badiiy tafakkur tarixi haqida qimmatli ilmiy xulosalar chiqarish mumkin. Bugun ushbu nodir yodgorlik Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilib, mintaqaning ilk sivilizatsion bosqichlarini keng jamoatchilikka ilmiy asosda taqdim etmoqda.