Tarixni “oʻynab” oʻrganish mumkin
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida interaktiv oʻyinlar orqali buyuk allomalar merosi va ilmiy kashfiyotlar yangi formatda namoyon etilmoqda. Markaz muzeyining “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dagi interaktiv oʻyinlar tarixni jonli tajribaga aylantirib, yoshlarni ilm va milliy meros bilan yaqinlashtirmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yurtimizning qariyb 3000 yillik boy tarixini oʻzida mujassam etgan noyob ilmiy-madaniy maskan hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasining muhim qismlaridan biri uzunligi taxminan 260 metr, balandligi 8 metr boʻlgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dir.
Bu ekspozitsiyasining eng muhim jihatlaridan biri — tarixni jonli, tushunarli va taʼsirchan tarzda yetkazishga qaratilgan interaktiv yechimlardir. Ayniqsa, yosh avlodni ilm-maʼrifat va milliy tarix bilan bevosita muloqotga chorlash maqsadida muzeyda interaktiv oʻyinlar keng joriy etilgan. Bu yondashuv muzeyni oddiy tomosha maskani emas, balki faol oʻquv-tadqiqot muhitiga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, “Birinchi Renessans davri” boʻlimida joylashgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da Abu Ali ibn Sino merosiga bagʻishlangan maxsus interaktiv oʻyin ishlab chiqilgan. U tarixiy manbalar va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar asosida yaratilgan boʻlib, tomoshabinlarga oʻsha davrda amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari, qoʻllanilgan asboblar hamda muolaja jarayonlarini virtual tarzda bajarib koʻrish imkonini beradi. Natijada, tashrif buyuruvchi oʻzini goʻyo tarixiy operatsiya jarayonida bevosita ishtirok etayotgandek his qiladi.
Markaz katta ilmiy xodimi Obid Tangirov interaktiv oʻyinlar mazmuni haqida quyidagilarni taʼkidladi:
“Ushbu interaktiv oʻyinlar buyuk allomalarimiz — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy va boshqa koʻplab mutafakkirlarimizning ilmiy merosiga bagʻishlangan. Oʻyinlar savol-javob va test shaklida ishlab chiqilgan boʻlib, tashrif buyuruvchilarga ularning ilmiy faoliyati va kashfiyotlari haqidagi bilimlarini sinab koʻrish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, oʻquvchilar va talabalar uchun tarixiy jarayonlarni qiziqarli va samarali oʻrganishga xizmat qiladi”.
Interaktiv oʻyinlarning yana bir muhim jihati — ular faqat yoshlar uchun emas, balki keng auditoriya, jumladan, sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasiga qiziquvchi tomoshabinlar uchun ham moʻljallanganidir. Masalan, dorivor oʻsimliklarga bagʻishlangan interaktiv oʻyinlar orqali tashrif buyuruvchilar oʻsimliklarning shifobaxsh xususiyatlari, ularning qoʻllanilishi va tarixi bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Markazga dunyoning turli mamlakatlaridan mehmonlar tashrif buyurishini inobatga olgan holda, interaktiv oʻyinlar oʻzbek, rus, ingliz, arab va xitoy tillarida taqdim etilgan. Bu esa har bir tomoshabinga oʻziga qulay tilda tarixiy bilimlarni oʻzlashtirish imkonini beradi.
Umuman olganda, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da joylashgan interaktiv oʻyinlar ekspozitsiyaga alohida mazmun va “jon” bagʻishlaydi. Ular yoshlarni muzeyga jalb etish bilan birga, tarixni oʻrganish jarayonini qiziqarli, samarali va esda qolarli tajribaga aylantirib, milliy ilmiy-madaniy merosni zamonaviy shaklda targʻib etishga xizmat qilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma