Beruniyning ming yil oldin yasagan globusi qayta tiklandi


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining eng asosiy missiyalaridan biri bu yoʻqolgan merosni qaytarishdir. Bizgacha yetib kelmagan Beruniy globusini qayta tiklash ana shu vazifaning amaliy ifodasi boʻldi. Bugun Beruniyning yoʻqolgan merosi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy asosda qayta tiklandi.
Inson tafakkuri taraqqiyotida Yer shaklini anglash va uni ilmiy asosda tasvirlash sivilizatsiya tarixida muhim burilish nuqtasi hisoblanadi. Bu yoʻnalishda jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlardan biri — Abu Rayhon Beruniydir. Uning geografiya, astronomiya va matematika sohalaridagi ilmiy merosi bugungi kunda ham insoniyat uchun qimmatli ilmiy manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, Beruniy 995 yilda Xorazmning yirik ilmiy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan Kat shahrida yashagan davrida globus yaratgan. Bu ish nafaqat Sharq, balki butun jahon kartografiyasi tarixida ulkan ilmiy yutuq sifatida baholanadi. Chunki Beruniy yasagan globus nazariy tasavvur emas, balki aniq hisob-kitoblar, geodeziya va astronomiyaga oid maʼlumotlar asosida ishlab chiqilgan amaliy ilmiy asbob edi.
Qadimgi dunyoda Yerning sharsimonligi haqidagi ilk ilmiy tasavvurlar yunon olimi Klavdiy Ptolemey asarlarida uchraydi. Keyinchalik XV asrda Martin Bexaym tomonidan Yevropada globus yaratilgan. Biroq Beruniyning ustun jihati shundaki, u bu ilmiy anʼanalarni chuqur tahlil qilib, oʻz davri uchun mutlaqo yangi — matematik geografiya tamoyillari asosida diametri taxminan 5 metrga yaqin boʻlgan globus yaratishga muvaffaq boʻlgan. Afsuski, bu noyob ilmiy asbob bizgacha yetib kelmagan.
Abu Rayhon Beruniy Yerning sharsimon ekanini oʻz asarlarida bir necha bor ochiq va ravshan bayon qiladi hamda buni ilmiy dalillar bilan isbotlaydi. Xususan, u “Hindiston” asarida shunday yozadi:
“Kechasi quyosh koʻrinmay qolishining sababi uning Yerdan uzoqlashib ketishidan emas. U Yerning dumaloqligi tufayli bizga koʻrinmay qoladi… Buning sababi Yerning yumaloq boʻlganidandir”.
Olim “Qonuni Masʼudiy” asarida esa Yerning umumiy shakli sharga oʻxshash ekanini, togʻlar va botiqlar esa butun Yerga nisbatan juda kichik ekanini qiyosiy misollar orqali tushuntiradi. Uning taʼkidlashicha, agar Yer mutlaqo tekis boʻlganida, tabiiy muvozanat buzilib, butun quruqlikni suv bosgan boʻlar edi.
Beruniy globus yasashdan aniq ilmiy maqsad koʻzlagan. U globusga geografik obʼektlarni joylashtirib, aholi maskanlari orasidagi masofalar asosida geografik uzunlik va kengliklarni hisoblashni rejalashtirgan. Bu haqda u “Geodeziya” asarida shunday yozadi:
“Men Ptolemeyning «Geografiya» asarini va Sharq olimlarining ishlarini qiyoslab oʻrgandim… Masofalarni sayohatchilarning maʼlumotlari asosida aniqladim, maʼlumotlarni qiyoslab tekshirdim. Bu maqsad uchun kuchni ham, pulni ham ayamadim”.
Ana shu tarixiy meros bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida amaliy mazmun kasb etmoqda. Markazda Beruniy ilmiy merosiga asoslangan holda uning globusi qayta tiklandi.
Bu haqda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov shunday deydi:
“Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekistonning koʻp ming yillik boy tarixini yagona konsepsiya asosida namoyon etayotgan noyob majmua hisoblanadi. Beruniy asarlarida oʻz davrida mavjud boʻlgan 600 ga yaqin shaharning koordinatalari keltirilgan. Bugun xorijiy hamkorlar bilan birgalikda shu maʼlumotlar asosida Beruniy globusi qayta tiklanib, unga 150 ta shahar joylashtirildi. Bu — bizgacha yetib kelmagan buyuk ilmiy merosni qayta hayotga qaytarishdir”.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz mohiyatiga koʻra dunyoda analogi yoʻq ilmiy-maʼrifiy makon sifatida shakllanmoqda. Markazda namoyish etilayotgan Beruniy globusi nafaqat buyuk allomaning ilmiy merosini, balki oʻzbek zaminidan yetishib chiqqan mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan oʻrnini yaqqol namoyon etadi. Bu esa, ayniqsa, yosh avlodni oʻz xalqining buyuk tarixi bilan faxrlanishga va ulugʻ ilmiy anʼanalarga munosib boʻlish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma