Interaktiv xarita, qoʻlyozmalar va avatar bilan Amir Temur saltanatiga tarixiy sayohatga tayyormisiz?

 

 

Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimida tashkil etilgan “Amir Temur sektori” mehmonlarni buyuk Sohibqiron davriga olib kiradi. Interaktiv xarita, nodir qoʻlyozmalar, meʼmoriy maketlar va sunʼiy intellekt asosida yaratilgan avatar ekspozitsiyani yanada jonli qiladi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Amir Temur hayoti, davlatchilik faoliyati va temuriylar davriga oid boy tarixiy merosni qamrab olgan maxsus “Amir Temur sektori” tashkil etilgan. Ushbu sektor buyuk Sohibqironning siyosiy, harbiy, maʼnaviy va maʼrifiy faoliyatini ilmiy asosda, zamonaviy ekspozitsiya va interaktiv texnologiyalar orqali yoritib berishga qaratilgan.

 

Ekspozitsiyaning markaziy qismi — maxsus tach-panelga joylashtirilgan Amir Temur saltanatining interaktiv xaritasi hisoblanadi. Unda 1370 yilda Amir Temurning taxtga chiqishidan boshlab, shayboniylar davlati tashkil topishiga qadar boʻlgan tarixiy jarayonlar dinamik konturlar yordamida aks ettiriladi. Xarita orqali temuriylar davridagi yirik shaharlar, strategik ahamiyatga ega hududlar, savdo yoʻllari va madaniy markazlar haqida batafsil maʼlumot olish mumkin. Bu ekspozitsiya tarixiy voqealarni faqat koʻrish emas, balki ularni anglash va his qilish imkonini ham beradi.

 

Markaz ekspozitsiyasida Amir Temur haqida Yevropada yaratilgan ilmiy, tarixiy va adabiy asarlar alohida oʻrin egallaydi. Sohibqiron haqida asarlar yozish uning hayotligi davridayoq boshlangan. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur saltanatiga sayohat kundaligi” asari shular jumlasidandir. Bu asar Amir Temur hayotligi davrida yozila boshlangan va uning vafotidan koʻp oʻtmay Yevropada nashr etilgan. Shuningdek, Marsel Brion, Edgar Allan Po, Iogann Shiltberger kabi tarixchi va yozuvchilarning asarlari ham ekspozitsiyada namoyish qilingan boʻlib, ular Yevropa jamoatchiligining Amir Temur shaxsiga boʻlgan qiziqishini yaqqol koʻrsatadi. Jami 10 dan ortiq nodir tarixiy nashrlar ushbu boʻlimdan oʻrin olgan.

 

Ekspozitsiyaning muhim qismlaridan biri — “Temur tuzuklari” qoʻlyozmasi. Manbalarga koʻra, mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilgan. Boburiylar davrida qayta koʻchirilib, keng hududlarga tarqatilgan. Asarning turli nusxalari mavjud boʻlib, uning forsiy qoʻlyozmalari Xorazm va Qoʻqonda turkiy tilga qayta tarjima qilingan. Ekspozitsiyada “Temur tuzuklari”ning faksimil nusxalari, turli tarjimalari va elektron variantlari bilan tanishish mumkin.

 

Markazda Amir Temur davriga oid yorliq va vaqf hujjatlari ham namoyish etilmoqda. Bizgacha yetib kelgan bunday hujjatlar Sohibqironning ijtimoiy-iqtisodiy va diniy siyosatini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. Ular orasida Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan, Abu Muslim avlodlariga berilgan turkiy tildagi vaqfnoma alohida ahamiyatga ega. Ekspozitsiyada ushbu hujjatning nusxasi taqdim etilgan.

 

Umar Aqto tomonidan koʻchirilgan ulkan Qurʼoni karim va parchasi

 

Amir Temur davri maʼnaviy merosining eng nodir namunalaridan biri — xattot Umar Aqto tomonidan Samarqandda 1400-yillarda koʻchirilgan ulkan Qurʼoni karim hisoblanadi. Bu Qurʼon XXI asr boshlariga qadar Yer yuzidagi eng katta qoʻlyozma Qurʼon sifatida eʼtirof etilgan. Bugungi kunda uning ayrim sahifalari Britaniya va Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida saqlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazida esa mazkur Qurʼon sahifalarining nusxalari namoyish etilmoqda.


Shuningdek, xattot Najmiddin Fayoziy tomonidan qayta tiklangan Amir Temur Qurʼoni ham ekspozitsiyadan oʻrin olgan. Bu ish Amir Temur davri xattotlik sanʼati va maʼnaviy merosini qayta jonlantirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholanadi.

 

Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasidagi yozishmalardan nusxa

 

Ekspozitsiyada Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasidagi yozishmalar nusxalari, shuningdek, Ispaniya elchisi Klavixo esdaliklarining sovgʻabop nashri ham joy olgan. Klavixo oʻz xotiralarida Amir Temurni adolatli hukmdor, ilm-maʼrifat homiysi sifatida tasvirlaydi. Ushbu nashrlar Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU hamkorligida tayyorlangan.

 

Bibixonim mum haykali

 

Sektorning diqqatga sazovor eksponatlaridan yana biri — Bibixonim mum haykalidir. Ikkinchi Renessans davrida “Osiyo ramzi” assotsiatsiyasi tomonidan tayyorlangan mazkur haykal buyuk Sohibqiron va uning zavjasi Bibixonimning tashqi qiyofasi, kiyinish uslubi va tarixi manbalar asosida yaratilgan. Kiyim dizaynida Klavixo esdaliklariga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Amir Temur davriga oid meʼmoriy yodgorliklar maketlari

 

Shu bilan birga, ekspozitsiyada Amir Temur davriga oid meʼmoriy yodgorliklar maketlari ham oʻrin olgan. Ular orasida Dorus-saodat majmuasi, Ahmad Yassaviy maqbarasi, Bibixonim masjidi, Goʻri Amir, Oqsaroy kabi inshootlarning qayta tiklangan maketlari mavjud.

 

Amir Temur avatari

 

Zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan maxsus ekran orqali mehmonlar Amir Temur avatari bilan toʻrt tilda — oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida sunʼiy intellekt yordamida muloqot qilish imkoniga ega. Bu ekspozitsiyani yanada jonli va interaktiv qiladi.

 

Ayni paytda 16 ta davlat hududida Amir Temur va temuriylar davriga oid obidalar aniqlangan. Ular qatorida Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, Hindistondagi Toj Mahal, Erondagi Gavharshodbegim masjidi, Afgʻonistondagi Moviy masjid kabi yodgorliklar bor. Ekspozitsiya uchun ularning ayrim maketlari va tarixiy eksponatlar nusxalari olib kelinmoqda.

 

Amir Temurning qiz evarasi Shodmalik Xotun tomonidan koʻchirilgan Qurʼon qoʻlyozmasi

 

Soʻnggi bir yil ichida Amir Temur va temuriylar davriga oid yangi qoʻlyozmalar ham aniqlandi. Jumladan, Istanbulda Amir Temurning qiz evarasi Shodmalik Xotun tomonidan koʻchirilgan Qurʼon qoʻlyozmasi mavjudligi maʼlum boʻldi. Ekspozitsiyada, shuningdek, Amir Temurning maʼrifatparvar hukmdor sifatida shakllanishida ustozlari va pirlarining oʻrni ham keng yoritildi.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin