Kaʼba eshigi kalitlari – Oʻzbekistonda!

 

 

Islom tarixidagi eng masʼuliyatli va muqaddas omonatlarning ikki nodir namunasi bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan. U tomoshabinni Makkai Mukarramadan boshlanib, butun islom tarixini qamrab olgan maʼnaviy sayohatga yetaklaydi.

 

Islom olamidagi eng ulugʻ va muqaddas maskan Kaʼba ibodat ramzi, butun musulmon ummati uchun ishonch va masʼuliyat timsolidir. Ana shu ulugʻ maskanning eshigini ochuvchi kalit esa asrlar davomida oʻziga xos muqaddas buyum sifatida eʼzozlanib kelinadi. Kaʼba eshigi kaliti oddiy metall buyum emas,  u tarix, eʼtiqod va omonat tushunchasini mujassam etgan noyob ramzdir. Bugun ana shu noyob ramzning ikki namunasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyasida joylashtirilgan.

 

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam davridan buyon Kaʼba eshigi kalitini saqlash va Kaʼbaga qorovullik qilish sharafi Bani Shayba qabilasiga ishonib topshirilgan. Bu masʼuliyatli vazifa bir necha asrlar davomida avloddan-avlodga oʻtib, bugungi kunga qadar uzluksiz davom etib kelmoqda.


Kaʼbaga xizmat qilish va uni ochib-yopish vazifasi arab tilida “Sidana va hijoba” deb ataladi. Ushbu sharafli vazifa ilk bor Ismoil alayhissalom qoʻlida boʻlgan, keyinchalik esa Jurhum, Xuzoʼa qabilalari orqali Quraysh yetakchisi Qusay ibn Kilobga, undan esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davriga qadar yetib kelgan.

 

Hijriy sakkizinchi yilda Makka fath etilgach, Paygʻambarimiz Kaʼba kalitini vaqtincha olib, Kaʼbani ochib kirdilar. Ammo ular bu masalada adolat va omonatga sodiqlikni ustuvor deb bilib, Qurʼon oyatiga amal qilgan holda kalitni yana avvalgi egasiga – Usmon ibn Talha (r.a.)ga qaytarib berdilar. Bu voqea Qurʼoni karimdagi: “Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni oʻz egalariga topshirishga buyuradi…” (Niso surasi, 58-oyat) oyatining amaldagi yorqin namunasi boʻldi.

 

Kaʼba eshigi kalitlari oʻzining sanʼatkorona ishlanishi, zarhal bezaklari va Qurʼon oyatlari bilan bezatilgani bilan alohida ajralib turadi. Ular koʻpincha Kaʼbaning ochilish marosimlarida ishlatilgan boʻlib, diniy marosimlarning ajralmas qismi sanaladi. Har bir kalit oʻz davrining muhitini aks ettiradi.

 

Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyasida Kaʼba eshigi kalitlarining ikki noyob namunasi namoyish etilmoqda. Ushbu eksponatlar milodiy XIII asrga oid boʻlib, Mamluklar davrida yasalgan.

 

 

Abdurasul Yaxshiboyev, Markaz ilmiy xodimi:

 

“Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan Kaʼbaning ikki kaliti mamluklar davriga mansub boʻlib, misdan, jezdan yasalib, kumush bilan qadama usulida bezatilgan va Haj surasining 27-oyati oʻyib yozilgan. Ikkinchisi esa Toho surasining 14-oyati bilan bezatilgan. 


Ushbu kalitlarning uzunligi 17 va 17,5 santimetrni tashkil etadi. Kalitlar va undagi bitiklar – bu shunchaki muzey eksponatlari emas. Ular vaqt va makon chegaralarini oshib oʻtgan, islom tarixining jonli guvohlaridir.


Makkai Mukarramadan, Baytullohning qoq yuragidan keltirilgan bu tabarruk yodgorliklar endilikda Oʻzbekiston zaminida, Islom sivilizatsiyasi markazida turibdi. Bu esa bejiz emas. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarni tarbiyalagan yurtimizga boʻlgan yuksak ehtirom va ishonch ramzidir.”

 

 

Hozirgi kunda Kaʼba eshigi kaliti Bani Shayba avlodlari qoʻlida saqlanmoqda. Bugungi kundagi zamonaviy kalit sof oltindan yasalgan boʻlib, uzunligi qariyb 40 santimetrni tashkil etadi va maxsus ipak qutida saqlanadi. Ushbu quti har yili Kaʼba kisvasi tayyorlanadigan maxsus fabrikada yangilanadi.

 

Kaʼba eshigining hozirgi qulfi esa tarixiy anʼanalarga sodiq qolgan holda, 1891 yilda Usmoniy sultoni Abdulhamid tomonidan yasalgan qulf asosida 1979 yilda qayta ishlangan. Unda Saudiya Arabistoni qiroli Xolid ibn Abdulaziz nomi oʻyib yozilgan.

 

Bugun ushbu muqaddas buyum Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilar ekan, u tomoshabinni tarix sahifalariga, eʼtiqod, adolat va islom merosining teran maʼnaviy qatlamlariga yetaklaydi.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin