Qadimiy qoʻlyozmalarni “qutqarish” yoʻllari muhokama qilindi

 

 

Qadimiy qoʻlyozmalar qanday saqlanadi va ularni notoʻgʻri restavratsiya qilish nimalarga olib kelishi mumkin? Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilishga bagʻishlangan oʻquv seminarida soha mutaxassislari bu boradagi ilgʻor tajribalar va dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xattotlik maktabi majlislar zalida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” mavzusida oʻtkazilgan oʻquv seminari mamlakatimizda asrlar davomida shakllangan boy qoʻlyozma merosini ilmiy asosda saqlash, ularning fizik holatini muhofaza qilish, shuningdek, restavratsiya va konservatsiya ishlarida zamonaviy yondashuvlarni qoʻllash masalalariga bagʻishlandi. 

 

Seminarda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining oʻrinbosari Gulnora Gʻaniyeva davlatimiz rahbarining mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan qarorlari ilmiy merosni asrab-avaylash, uni chuqur oʻrganish va jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishda muhim huquqiy asos boʻlayotganini taʼkidladi. 

 

Tadbir davomida qator dolzarb mavzularda maʼruzalar taqdim etildi. Xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi, xattot Habibulloh Solih qoʻlyozmalarni saqlashda kitobat anʼanalari ahamiyatiga toʻxtaldi. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona restavratori Shuhrat Poʻlatov notoʻgʻri amalga oshirilgan restavratsiya ishlari qadimiy manbalarga zarar yetkazishi mumkinligi haqida aniq misollar keltirdi. 

 

 

– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida noyob qoʻlyozmalardan bir qanchasi jamlangan. Bu qoʻlyozmalarning soni muttasil koʻpayib boradi. Kelgusida Markaziy Osiyoda ilmiy tadqiqot uchun asos boʻladigan manbalar yigʻilgan fondga aylanish ehtimoli katta, deb bilaman. Aynan shu vazifalarni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish muhim, – dedi Shuhrat Poʻlatov. 

 

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Bekzod Hojimetov Turkiya kutubxonalarida qoʻlyozmalarni saqlash, taʼmirlash va namoyish etish tajribasi haqida soʻz yuritib, xalqaro amaliyotda qoʻllanilayotgan ilgʻor usullar bilan oʻrtoqlashdi. 

 

 

Shuningdek, ushbu institut oʻqituvchisi Bashorat Xoʻjayeva biologik, kimyoviy va mexanik zararlanishlar hamda ularga qarshi kurash usullariga toʻxtaldi.

 

– Bugungi kunda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi katta loyihalarni amalga oshirmoqda. Xorijda saqlanayotgan artefaktlarning yurtimizga qaytarilishi va mavjudlarining restavratsiya qilinishi juda katta ishdir. Muloqotimiz ham aynan shu soha vakillari va talabalar, yosh tadqiqotchilar uchun juda muhim. Chunki bor tajribalarimizni oʻrtoqlashib, fikr almashishimiz natijasida shu sohada oʻsish kuzatiladi, – dedi Bekzod Hojimetov.

 

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qoʻlyozmalar boʻlimi boshligʻi Muhammadsiddiq Usmonov qoʻlyozmalarni nashrga tayyorlash, ilmiy tahrir qilish va chop etish jarayonlarining oʻziga xos jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.

 

 

Oʻzbekiston musulmonlar idorasi qadimiy manbalar restavratori Saidrahmat Ikramov esa qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilishda amaliy tajriba asosida fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Azimjon Gʻofurov mamlakatimiz fondlarida saqlanayotgan nodir manbalarning ilmiy qiymatiga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni Karim qoʻlyozmalari davlat reyestri” ning maxsus jildi haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra har bir jilddan mingta qoʻlyozma oʻrin oladi. 

 

 

Seminar yakunida ishtirokchilar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishib, ularga namoyish etilayotgan qoʻlyozmalar, tarixiy ashyolar va ilmiy konsepsiyalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Tadbir ishtirokchilari ushbu seminar qadimiy yozma manbalarni saqlash va tiklash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.