Rossiyalik biznes vakillari Islom sivilizatsiyasi markazida tarixga sayohat qildi
Rossiyalik mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazida qadimgi taqinchoqlar, nodir zargarlik buyumlari va raqamli rekonstruksiyalar orqali Markaziy Osiyo madaniyati sirlariga guvoh boʻldilar.
Tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurituvchi WRF Group (Novikov Group) kompaniyasi vakillari Markaz ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan islomdan oldingi davr madaniyati, Birinchi va Ikkinchi Renessans, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga bagʻishlangan ilmiy-maʼrifiy materiallar bilan yaqindan tanishdilar.
Ayniqsa, islomdan oldingi Markaziy Osiyo madaniyatiga oid eksponatlar — qimmatbaho taqinchoqlar, zargarlik buyumlari va badiiy bezaklar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ushbu eksponatlar orqali qadimgi jamiyatlarda estetik did, ijtimoiy maqom va maʼnaviy qarashlar qanday shakllanganini kuzatish mumkinligi taʼkidlandi.
Ekspozitsiyalarda namoyish etilgan oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan ishlangan taqinchoqlar nafaqat zeb-ziynat buyumlari, balki muayyan davr hokimiyati, urf-odatlari va ramziy tafakkurining badiiy ifodasi sifatida ham talqin etildi. Eksponatlarning ilmiy tavsifi va xronologik izchilligi mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Tashrif jarayonida raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan interaktiv namoyishlar, multimediaviy va vizual rekonstruksiyalar tarixiy jarayonlarni chuqurroq anglash imkonini berdi. Bu esa Markazda tarixiy merosni zamonaviy usullar orqali ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini namoyon etdi.
WRF Group (Novikov Group) vakillaridan biri oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, quyidagilarni taʼkidladi:
“Islomdan oldingi davrga oid qimmatbaho taqinchoqlar ekspozitsiyasi bizda katta taassurot qoldirdi. Bu buyumlar orqali qadimgi xalqlarning nafaqat boyligi, balki ularning dunyoqarashi, sanʼatga munosabati va maʼnaviy olami yaqqol namoyon boʻladi. Ekspozitsiyaning zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunligi tarixni jonli his etishga xizmat qiladi”.
Mehmonlar, shuningdek, Markazda islom sivilizatsiyasi tarixi islomdan oldingi madaniy meros bilan uzviy bogʻliq holda, yaxlit sivilizatsiyaviy jarayon sifatida yoritilayotganini alohida eʼtirof etdilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma