Xitoy olimlari Markazdagi ilmiy va madaniy loyihalardan hayratlandi

 

 

 

Xitoyning nufuzli ilmiy muassasasi vakillari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga yuksak baho berdi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti delegatsiyasining tashrifi boʻlib oʻtdi. 

 

Delegatsiyaga Institut direktori oʻrinbosari, janob Szin Chje rahbarlik qildi. Uning tarkibiga yetakchi ilmiy xodimlar, xususan, Markaziy Osiyo tillarini oʻrganish laboratoriyasi mudiri janob Chjan Nin ham kirdi.

 

Tashrif chogʻida janob Chjan Nin Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yuksak taassurot qoldirganini taʼkidladi.

 

— Oʻtgan yili Markaz hali toʻliq ish boshlamagan edi. Bugun esa bu yerda zamonaviy texnologiyalar yordamida oʻzbek madaniyatining mohiyati va uning qadriyat asoslari mazmunli hamda taʼsirchan tarzda namoyon etilmoqda, — dedi u.

 

 

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari ekspozitsiya boʻlimlarining mazmunan boyligi va ilmiy-tarixiy jihatdan puxta ishlanganiga eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, asosiy zalda Markaziy Osiyo va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk tarixiy shaxslar faoliyatining yoritilgani alohida qayd etildi.

 

Tashrif doirasida mehmonlar Markazda qoʻlyozma merosini oʻrganish, fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, gumanitar sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.

 

Mazkur tashrif Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy muloqot, madaniy merosni asrash va ommalashtirish, shuningdek, madaniyatlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatidagi oʻrni va ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.