Islom sivilizatsiyasi markazida tangalar Markaziy Osiyoning ikki yarim ming yillik sirlarini ochmoqda
Bir qarashda oddiy metall boʻlagiday tuyulgan tangalar aslida ming yillik davlatchilik tafakkuri va hokimiyat ramzlarini oʻzida saqlaydi. Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan islomdan oldingi davr tangalari Markaziy Osiyoning qariyb ikki yarim ming yillik siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotini moddiy dalillar orqali ochib beradi.
Islomdan oldingi davr Markaziy Osiyo tarixini oʻrganishda eng muhim va ishonchli manbalardan biri — numizmatik materiallar hisoblanadi.
Qadimiy tangalar orqali ming yillar avvalgi davlat tuzilmalari, iqtisodiy munosabatlar, hokimiyat ramzlari va jamiyat tafakkurini aniq dalillar asosida tiklash mumkin.
Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi hudud qadimdan pul muomalasi rivojlangan, savdo-sotiq hamda mintaqalararo aloqalar faol kechgan makon boʻlgan. Shu bois bu yerda zarb qilingan tangalar oddiy toʻlov vositasi emas, balki oʻz davrining davlatchilik anʼanalari, hokimiyat belgilarini ifodalovchi tarixiy hujjatlar sifatida ahamiyat kasb etadi.
Xorazm vohasi tangalari
Miloddan avvalgi II–I asrlardan to milodiy VIII asrgacha boʻlgan davrda Xorazm vohasida kumush va bronzadan turli xil tangalar zarb qilingan. Ushbu tangalarning old tomonida toj kiygan hukmdor tasviri, orqa tomonida esa otliq, sulolaviy tamgʻalar hamda qadimgi Xorazm yozuvida podshoning ismi va unvoni bitilgan.
Ilk bosqichda tangalarda yunon yozuvi qoʻllanilgan boʻlsa, keyinchalik oromiy negizli Xorazm yozuvi keng tarqalgan. Bu holat hududda yozuv madaniyati va boshqaruv tizimining bosqichma-bosqich rivojlanganini koʻrsatadi. Manbalarda, xususan, Abu Rayhon Beruniy asarlarida tilga olingan ayrim xorazmshohlar aynan shu tangalar orqali tarixiy shaxs sifatida qayd etilgan.
Tangalarda tasvirlangan podsho tojlarida ikki oʻrkachli tuya yoki afsonaviy qush tasvirlarining uchrashi esa Xorazm davlatchiligiga xos ramziy tafakkur, mustaqil mafkura va mahalliy anʼanalarning yorqin ifodasidir.
Kushon davri mis tangalari: Surxondaryo markaziy oʻrinda
Islomdan oldingi davr ekspozitsiyasida Kushon davriga oid mis tangalar alohida majmua sifatida taqdim etilgan. Milodiy I–III asrlarga mansub ushbu tangalar asosan Surxondaryo vohasidagi Dalvarzintepa, Ayritom, Kampirtepa kabi arxeologik yodgorliklardan topilgan.
Yer ostida uzoq asrlar saqlangan boʻlishiga qaramay, tangalarda hukmdorlar portretlari, Yunon va Baqtriya yozuvlari, buddaviy hamda hind xudolari obrazlari aniq koʻzga tashlanadi. Kudjula Kadfiz, Vima Kadfiz, Kanishka, Huvishka va Vasudev I davrlariga oid tangalar Kushon imperiyasida xalqaro savdo yoʻllari faol boʻlganini, diniy bagʻrikenglik va madaniyatlararo aloqalar yuksak darajada rivojlanganini yaqqol namoyon etadi.
Bu numizmatik topilmalar Surxondaryo hududi Kushonlar davrida muhim iqtisodiy, siyosiy va diniy markaz boʻlganini tasdiqlaydi.

Tangalarda mahalliy hukmdorlar oʻrtasidagi siyosiy uygʻunlik
VI–VIII asrlarga oid Choch va Gʻarbiy Turk hoqonligi tangalari islomdan oldingi davr siyosiy tizimining murakkab va koʻp qirrali tuzilishini yoritib beradi. Sugʻdiy yozuvli ushbu mis tangalarning bir qismi Choch vohasida, boshqa qismi esa Samarqandda zarb qilingan.
Tangalar orasida “jabgʻu”, “Tun jabgʻu-hoqon”, “Choch tegini” kabi unvonlar bitilgan qoʻshaloq portretli namunalar, yarim oy ramzi tushirilgan hamda “Choch hukmdori” deb yozilgan turlari mavjud. Ayrim tangalarda Samarqand tamgʻasi va sugʻdiy yozuvda “Turon hukmdori hoqon” iborasining uchrashi markaziy hoqonlik hokimiyati bilan mahalliy hukmdorlar oʻrtasidagi siyosiy uygʻunlikni koʻrsatadi.
Alohida eʼtiborga molik jihat — ayrim tangalarda hoqon bilan birga ayol obrazining tasvirlanishidir. Bu qadimgi turk jamiyatida ayollarning davlat boshqaruvida muhim oʻrin tutganini tasdiqlovchi nodir tarixiy dalil hisoblanadi.


Ilmiy baholar va xulosa
Gʻaybulla Boboyorov, tarix fanlari doktori, professor:
“Numizmatik materiallar Markaziy Osiyo tarixini anglashda eng ishonchli manbalardandir. Tangalarda siyosiy hokimiyat, davlat ramzlari va jamiyat tafakkuri mujassam. Islomdan oldingi davr ekspozitsiyasida jamlangan Xorazm, Kushon va Turk hoqonligi tangalari mintaqada davlatchilik anʼanalari uzluksiz davom etganini aniq koʻrsatadi”.
Umuman olganda, islomdan oldingi davr ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan numizmatik meros Markaziy Osiyoda siyosiy hokimiyat, pul muomalasi va madaniy jarayonlar ming yillar davomida izchil rivojlanganini ishonchli dalillar asosida ochib beradi. Bu tangalar tarixni soʻzsiz, ammo ravshan tarzda hikoya qiluvchi bebaho manba boʻlib, bugungi tadqiqotchilar va kelajak avlodlar uchun mustahkam ilmiy poydevor vazifasini oʻtaydi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma