Oʻzbekistondagi mega loyihaning 6-kapsulasi sirlari

 

4000 ga yaqin hadis, 1600 dan ortiq rivoyat va noyob qoʻlyozmalari jamlangan ekspozitsiya sizni befarq qoldirmaydi.


Oʻzbekistondagi mega loyiha – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Birinchi Renessans davri” boʻlimining islom sivilizatsiyasi merosini yorituvchi ekspozitsiyalarda 6-kapsulada buyuk muhaddis, islom ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy hamda u bilan zamondosh yoki bogʻliq boʻlgan allomalar merosi jamlangan.

 

 

Islom sivilizatsiyasi tarixida hadis ilmini tizimli shaklga solgan buyuk allomalar orasida Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy nomi jahon ilmiy tafakkuri tarixida ham hurmat bilan tilga olinadi. Imom Termiziyga bagʻishlangan mazkur ekspozitsiya boʻlimi orqali IX asrdagi ilm-maʼrifat muhiti, hadis maktabining taraqqiyoti va oʻsha davr islomiy madaniyati yaxlit holda namoyon boʻladi.

 

Bu yerda jamlangan qoʻlyozma asarlar, amaliy sanʼat buyumlari va meʼmoriy yodgorlikka oid maʼlumotlar Imom Termiziy va uning atrofida shakllangan ilmiy anʼananing keng qamrovini ochib beradi.

 

Hadis ilmining yetuk namunasi


Ekspozitsiyaning markaziy oʻrnida Imom Termiziyning eng mashhur asari — “Sunani Termiziy” turadi. 926/1520 yilda koʻchirilgan ushbu nusxa arab tilida, nasx xatida, sharq qogʻoziga yozilgan. Bu asar islom olamida eʼtirof etilgan olti ishonchli hadis toʻplamidan biri boʻlib, 4000 ga yaqin hadisni oʻz ichiga oladi.

 

“Sunani Termiziy”ning ilmiy ahamiyati shundaki, unda hadislar faqat rivoyat sifatida keltirilmay, balki ularning ishonch darajasi, roviylar silsilasi, fiqhiy va maʼnaviy mazmuni ham atroflicha tahlil qilinadi. Manbalarga koʻra, asarda hadislar oʻn toʻrtga yaqin ilm sohasi yordamida tekshirilgan. Bu esa Imom Termiziyning nafaqat muhaddis, balki keng qamrovli olim boʻlganini koʻrsatadi.

 

Paygʻambar haqidagi eng qadimiy manba

 

Imom Termiziy merosida alohida oʻrin tutadigan asarlardan yana biri — “ash-Shamoil al-muhammadiyya”dir. Bu kitob Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning tashqi qiyofasi, odob-axloqi, xulqi va insoniy fazilatlarini bayon etishga bagʻishlangan.



400 dan ortiq hadisni oʻz ichiga olgan ushbu asar oʻz yoʻnalishida bizgacha yetib kelgan eng qadimiy va ishonchli manba hisoblanadi. Asrlar davomida u turli tillarga tarjima qilingan, koʻplab sharhlarga asos boʻlgan va komil inson gʻoyasini ilmiy jihatdan asoslab bergan muhim manba sifatida eʼtirof etilgan.

 

 

Hakim Termiziy va tafsir maktabining ilk namoyandasi

 

Ekspozitsiyada yana bir yirik namoyanda — Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy merosi ham keng yoritilgan. Uning “Fotiha” va “Baqara” suralarining ayrim oyatlariga bagʻishlangan tafsiri Movarounnahr hududida yaratilgan ilk yozma tafsir asarlaridan biri sifatida alohida qimmatga ega.

 

 

Asarda Qurʼoni karim oyatlari ham aqliy, ham naqliy usullar asosida talqin qilinib, ularning maʼnaviy va amaliy jihatlari ochib berilgan. Asar toʻliq yakunlanmagan boʻlsa-da, uning ilmiy salohiyati jahon miqyosida yuqori baholangan. Mazkur qoʻlyozma asosida keyinchalik “Bahrut-tafsir” nomi bilan nashr amalga oshirilgani bu merosga boʻlgan qiziqish hamon davom etayotganidan dalolat beradi. 

 

 

Hadis maʼnaviyatiga ochilgan yoʻl


Hakim Termiziy qalamiga mansub yana bir mashhur asar — “Navodir al-usul fiy maʼrifati ahodis ar-rasul” hadislarni chuqur maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan talqin qiluvchi yirik manba hisoblanadi. 1600 dan ortiq rivoyatni oʻz ichiga olgan ushbu asar hadis ilmining tashqi shakli bilan cheklanmay, uning botiniy mazmunini anglashga qaratilgani bilan ajralib turadi.


Asarning taʼsiri shu qadar kuchliki, tasavvuf tarixida Bahovuddin Naqshband hazratlari: “Bizning yoʻlimiz “Navodir”dandir”, deya taʼkidlagani manbalarda qayd etilgan.

 

Oʻrta asr amaliy sanʼati: eʼtiqod va estetika uygʻunligi


Ilmiy meros bilan birga, boʻlimda XII–XIII asrlarga mansub amaliy sanʼat namunalari ham namoyish etilgan. Xuroson va Xorazmshohlar davriga oid bronza tovoq, kalligrafik yozuvli patnis va misdan ishlangan suv idishlari oʻsha davr islomiy madaniyatida sanʼat va eʼtiqod oʻzaro uygʻun boʻlganini koʻrsatadi.

 

Bu buyumlardagi kufiy xatlarda bitilgan duo, kalima va ezgu tilaklar nafaqat bezak vazifasini bajargan, balki insonni maʼnaviy poklikka chorlovchi ramziy maʼnoga ham ega boʻlgan.

 

Imom Termiziy maqbarasi — ilmiy merosga ehtirom ramzi


Ekspozitsiyada Imom Termiziy maqbarasi haqidagi maʼlumotlar ham oʻrin olgan. X–XI asrlarga mansub ushbu meʼmoriy yodgorlik Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududida joylashgan. Asrlar davomida bir necha bor taʼmirlangan maqbara Mirzo Ulugʻbek davrida ham alohida eʼtiborga sazovor boʻlgan.

 

Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari natijasida bu maskan bugungi kunda yirik maʼnaviy ziyoratgoh va ilmiy xotira joyiga aylangan.

 

Imom Termiziyga bagʻishlangan mazkur boʻlim hadis ilmi, tafsir anʼanalari, tasavvufiy tafakkur va oʻrta asr diniy madaniyatini bir makonda mujassam etgan. Bu yerda namoyish etilgan har bir manba va ashyo buyuk allomalar merosining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan oʻrnini yanada teran anglashga xizmat qiladi.