“Markaz gadjetlar avlodi uchun ayni muddao” – “Rosatom” bosh direktori


Rossiyaning atom energiyasi boʻyicha yirik korporatsiyasi – “Rosatom” delegatsiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilgan Sharq sivilizatsiyasining oʻrta asrlardagi ilmiy-amaliy yutuqlari, mashhur qomusiy allomalarning hayoti va ijodi, qoʻlyozmalar anʼanasi hamda rangtasvir maktabi haqidagi ekspozitsiyalardan mamnun boʻlishdi.
Delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyining “Islomdan avvalgi davr” Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid ekspozitsiyalar, xususan, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek Mirzo, Abu Nasr Forobiy, Bobur Mirzo kabi buyuk mutafakkirlar merosi, ularning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi va Markazdagi interaktiv materiallar bilan yaqindan tanishdi.

Ekspozitsiyalardagi raqamli panellar, 3D rekonstruksiyalar, multimediya namoyishlari va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilgani delegatsiya aʼzolari tomonidan yuqori baholandi.
Tashrif davomida “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov Markazni “Oʻzbekistonning tarixiy merosi, madaniyati va ilm-fani yuksak darajada namoyon boʻlgan fundamental inshoot” sifatida baholar ekan, shunday dedi:
“Bu yerda nafaqat arxitektura va binoning ichki kompozitsiyasi, balki umumiy gʻoya ham Oʻzbekiston tarixi va madaniyatining qudrati haqida guvohlik berib turibdi. Markaz mustahkam ilmiy asosga ega, har bir ekspozitsiya chuqur tahlil qilingan va katta mehr bilan yaratilgan. Sharq sivilizatsiyasi, xususan, oʻzbek olimlari insoniyat ilm-faniga ulkan hissa qoʻshgan. Matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa kabi yoʻnalishlardagi asosiy bilimlar aynan shu zaminda shakllangan.
Bu muzey zamonaviy avlod uchun moslashgan — biz gadjetlar orqali tezkor maʼlumot olishga oʻrganib qolgan avlodmiz. Markaz shu talabga javob beradi, yoshlar uchun ayni muddao, yaʼni interaktivlik, shaxsiy izlanish va qiziqishni ragʻbatlantiradi. Milliy libosda virtual portret yaratish imkoniyati esa yoshlar uchun juda qiziq albatta. Oʻzbekiston bugun innovatsiyalar va ochiqlik siyosati bilan ajralib turadi. Bu yerda kelajak avlod — bilimga chanqoq, zamonaviy fikrlaydigan, Vatanini sevuvchi yoshlar tarbiyalanadi.”
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma