“Biz hali bunday muzey yarata olmadik” — Fransiyalik ekspert Oʻzbekiston tajribasi haqida

“Biz hali muzeylarimizda sunʼiy intellektni bunday darajada joriy etolmadik” — Anorbankning Fransiyalik kuzatuv kengashi aʼzosi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ana shunday baholadi. Tashqi koʻrinishi muhtasham, ichki kontenti esa sunʼiy intellekt, vizual effektlar va ovoz tizimlari bilan boyitilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Anorbank”ning xorijiy muassislari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Markazga tashrif buyurgan delegatsiya Oʻzbekistondagi mega loyihaning noyob tarixiy eksponatlari va zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan konsepsiyasi, xususan, “Islomdan avvalgi davr”, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” boʻlimlari bilan yaqindan tanishishdi.

Ekpozitsiyalarda tarixiy jarayonlarning aniq va tushunarli yoritilishi mehmonlar eʼtiborini oʻziga tortdi. Ayniqsa islomdan oldingi va keyingi davrlar oʻrtasidagi farq, meʼmorchilik va taʼlimning rivoji hamda Temuriylar Renessansi orqali butun mintaqa tarixini anglash imkoniyati delegatsiya aʼzolarini juda qiziqtirib qoʻydi.
Stefani Rivoal, “ANORBank” kuzatuv kengashi aʼzosi (Fransiya):
– Ilk daqiqalardanoq Markaz insonda juda kuchli taassurot uygʻotadi. Koʻplab muzeylarga ega mamlakatdanman. Fransiyada, jumladan, Luvr kabi juda qadimiy va boy tarixga ega muzeylarimiz bor. U yerda turli hududlar va davrlarga oid bebaho tarixiy eksponatlar jamlangan. Ammo shuni tan olish kerakki, biz hali muzeylarimizda sunʼiy intellekt, vizual va interaktiv texnologiyalarni bu darajada keng va uygʻun joriy eta olganimiz yoʻq. Chunki u muzeylar dastlab bunday texnologiyalar uchun moslab qurilmagan. Menimcha, Fransiyadagi mutaxassislar bu markazga kelib, texnologiyalarni toʻgʻri integratsiya qilish boʻyicha tajribangizdan oʻrnak olishlari kerak. Bu yerda barcha zamonaviy yechimlar Markaz konsepsiyasiga ilk bosqichdanoq mukammal singdirilgan. Bu yerga yana qaytib, barcha materiallarni batafsil oʻrganishni istardim.

Maksimilian Jonson, “ANORBank” Nazorat Kengashi aʼzosi:
– Markaz faqat bugungi Oʻzbekiston haqida emas, balki Oʻzbekiston tarixidan avvalgi davrlarni ham qamrab oladi. Menimcha, bu yer barcha avlod vakillari uchun islom dini haqida, shuningdek, Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy jihatdan dunyoga bergan yangiliklari haqida bilib olish uchun nihoyatda qiziqarli.
Ochigʻini aytsam, men bular haqida avval umuman tasavvurga ega emas edim. Bu loyiha koʻp yillar davomida rejalashtirilganini eshitganman va Prezidentingiz uni mukammal darajada amalga oshirish uchun katta qatʼiyat bilan ish olib borgan. Shu bois, markazga kelish imkoniga ega boʻlganimizdan juda xursandman. Bu yerda koʻrish kerak boʻlgan narsalar juda koʻp, shuning uchun yana kelib, koʻproq vaqt oʻtkazishni istardim.
Tashrif yakunida mehmonlar markazni yuqori baholab, uning nafaqat tarixiy, balki madaniy va ilmiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shuningdek, ular bunday innovatsion yondashuvning boshqa mamlakatlardagi muzeylar uchun ham namunali ekanini qayd etdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma