“Bu yer — Oʻzbekistonning maʼnaviy yuragi” — chechenistonlik martabali mehmon taassuroti

Possiya Federatsiyasi Checheniston Respublikasidan kelgan yuqori martabali mehmonlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, turli tarixiy davrlarni qamrab olgan boʻlimlar, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan koʻrgazmalar hamda boy ilmiy-maʼnaviy merosni oʻzida mujassam etgan noyob makon bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.

Ayniqsa, mehmonlarda Ikkinchi Renessans boʻlimi katta qiziqish uygʻotdi. Temuriylar davriga bagʻishlangan ekspozitsiya ularda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu boʻlimda Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat va davlat boshqaruvi yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtarilgan tarixiy davr zamonaviy va taʼsirchan uslubda namoyish etilgan.
Mehmonlar avval Turkiya va Misrdagi yirik muzeylarda boʻlganlarini qayd etib, har bir mamlakat oʻz tarixiy va madaniy maktabiga ega ekanini taʼkidladilar. Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmun, taqdimot uslubi va zamonaviy yondashuv jihatidan mutlaqo betakror ekanini alohida eʼtirof etdilar.
Rustam Jabrailov — Ramzan Qodirovning Orenburg viloyatidagi vakili — oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, shunday dedi:
– Taassurotlarimni soʻz bilan ifodalash qiyin. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlganman, ammo qisqa vaqt ichida qadimgi davrlardan to bugungi kungacha boʻlgan tarix shu qadar ravon, tushunarli va taʼsirli tarzda namoyish etilganini ilk bor koʻryapman. Islom sivilizatsiyasi markazi, mening nazarimda, dunyoda yagona. Ayniqsa, Qurʼon zali unutilmas taassurot qoldirdi — bu haqiqatan ham betakror maskan. Bu yerga kelishdan oldin Oʻzbekistonni boshqacha tasavvur qilgandim, ammo yoʻllar, infratuzilma, odamlar va umumiy muhit meni hayratga soldi. Islom sivilizatsiyasi markazi esa Oʻzbekistonning haqiqiy maʼnaviy yuragiga aylanadi, deb hisoblayman.”

Tashrif yakunida mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevga Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirib, ushbu majmuani noyob, goʻzal va strategik ahamiyatga ega loyiha sifatida baholadilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma