Katta Langar Qurʼoni noyob qoʻlyozmasi ilk bor toʻliq tiklanib, faksimil nashrda taqdim etildi

 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tarixiy xotirani tiklash, maʼnaviy merosni asrab-avaylash va uni ilmiy asosda oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ana shunday ezgu saʼy-harakatlar natijasida islom dunyosidagi eng qadimiy va noyob yozma manbalardan biri — Katta Langar Qurʼoni ilk bor ilmiy jihatdan toʻliq oʻrganilib, tarqoq sahifalari birlashtirildi va faksimil nashr sifatida jahon jamoatchiligiga taqdim etildi. Bu qoʻlyozmaning qayta jonlanishi nafaqat tarix, balki millat maʼnaviyati uchun ham ulkan ahamiyat kasb etadi.

 

Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tarixiy merosni tiklash, millat maʼnaviyatini yuksaltirish va maʼrifiy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan yangi bosqichni boshlab berdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan qadimiy yozma manbalarni izlash, ularni saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish milliy siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

 

Ana shunday muhim tashabbuslar doirasida dunyo Qurʼon qoʻlyozmalari orasida alohida oʻrin tutadigan Katta Langar Qurʼonining har tomonlama oʻrganilishi, tarqoq sahifalarini ilmiy asosda jamlash va faksimil nashrini tayyorlash ishlari amalga oshirildi.

 

Katta Langar Qurʼoni asrlar davomida shakllangan, turli tarixiy voqealar va taqdirlarni oʻz ichiga olgan nodir yozma manba hisoblanadi. Ilk bor yagona qoʻlyozma sifatida yaratilgan bu Qurʼon keyinchalik turli mamlakat va markazlarga tarqab ketgan. Shu bois, uning har bir sahifasi alohida tarix, alohida yoʻl va taqdirni oʻzida mujassam etgan.

 

Qariyb ming yil davomida ushbu sahifalar muqaddas omonat sifatida avloddan-avlodga oʻtib kelgan. Ayrim davrlarda yoʻqolgan, ayrim hollarda esa tasodifan qayta topilgan bu varaqlar nafaqat diniy, balki xalq maʼnaviyati, islom madaniyati va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi maʼrifiy aloqalardan dalolat beruvchi tarixiy dalil sifatida baholanadi.

 

Qoʻlyozma ona qornidagi buzoq terisidan tayyorlangan pergamentga hijoziy xat uslubida bitilgan. Bu uslub islom xattotligi tarixida eng qadimiy va noyob yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. 2000 yilda Niderlandiyadagi Groningen universitetida oʻtkazilgan radiokarbon tahlillari sahifalarning milodiy 975–995 yillarga mansubligini ilmiy jihatdan tasdiqladi. Mazkur natijalar qoʻlyozmaning haqiqiyligi va tarixiy qiymatini shubhasiz asoslab berdi.

 

Qurʼonning “Katta Langar” deb nomlanishi ham bejiz emas. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan Katta Langar qishlogʻi asrlar davomida Ishqiya tariqati shayxlari faoliyat yuritgan muhim maʼnaviy markaz boʻlgan. Bu hududda ziyoratgohlar, masjid va maqbaralar joylashgan boʻlib, ular diniy-maʼrifiy hayotda katta oʻrin tutgan.

 

Tarixiy jarayonlar natijasida qoʻlyozmaning katta qismi XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi tomonidan Turkiston oʻlkasidan olib chiqilgan. Bugungi kunda Katta Langar Qurʼonining 81 sahifasi Sankt-Peterburgda, 17 sahifasi esa Toshkent, Buxoro va Samarqandda saqlanmoqda.

 


Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) mutaxassislari tomonidan ushbu sahifalar sakkiz yil davomida izlanib, oʻrganilib, suralar tartibiga muvofiq qayta jamlandi. Natijada qoʻlyozmaning ilk bor toʻliq faksimil nashri yaratildi.

 

Faksimil nashrda har bir sahifaning rangi, xat uslubi, nuqsonlari va hatto tarixiy tuzatishlari asl nusxaga maksimal darajada yaqin holda tiklangan. Shu bilan birga, oʻzbek tilidagi tarjimaning kiritilishi nashrning maʼrifiy ahamiyatini yanada oshirdi.

 

2022 yil noyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “Oʻzbekiston vohalarining moʻʼjizalari” koʻrgazmasida Katta Langar Qurʼonining tiklangan sahifalari jahon jamoatchiligiga namoyish etildi. Bu voqea Oʻzbekistonning madaniy va maʼnaviy nufuzini xalqaro miqyosda yanada yuksaltirdi.

 

Mutaxassislar taʼkidlashicha, ushbu qoʻlyozma tarix, xattotlik, tafsirshunoslik, kitobshunoslik, arxeologiya va madaniy antropologiya uchun bebaho manba hisoblanadi. Katta Langar Qurʼonining qayta tiklanishi milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash va kelajak avlodga maʼnaviy meros qoldirish yoʻlidagi amaliy qadamdir.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin