Ekspozitsiyadan oʻrin olgan Bibixonim libosi: unda qanday sirlar yashiringan?
15 nafar kanizak koʻtargan libos. Qimmatbaho toshlar bilan bezalgan bosh kiyim. Davlat qudratini ifodalagan qizil rang. Bu Temuriy malika – Bibixonim (Saroymulkxonim) saroy libosi. Ushbu tarixiy obraz bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida qayta tiklanib, oʻrta asrlar saroy madaniyatining yashirin maʼnolarini ochib bermoqda.
Saroymulkxonim Temur saltanatida oʻta yuksak mavqega ega boʻlgan. Uning kiyimidagi har bir element – mato tanlovidan tortib, to raqamning joylashuvigacha – ayolning amaliy va maʼnaviy nufuzini ifodalardi. Bibixonim libosi koʻp qavatli tuzilishi bilan ajralib, har bir qavat oʻziga xos maʼno va vazifani mujassam etgan. Avvalo, oq ipakdan tikilgan koʻylak – poklik va nasab pokligining ramzi boʻlib, ayol tanasiga eng yaqin qavat sifatida ruhiy himoya vazifasini bajargan. Uning ustiga kiyiladigan rangli, uzun koʻylak – “piroxan” saroy ayolining obroʻ-eʼtiboridan darak berib, oʻsimliksimon naqshlari hayot, barokat va yetuklik maqomining belgisi sifatida qabul qilingan.
Bibixonim libosining eng koʻzga koʻringan qismi — zarbof matodan tikilgan ustki chopon boʻlib, bu chopondagi naqshlar nafaqat estetik bezak, balki himoya, kuch-qudrat va sulola davomiyligi ramzi sifatida oʻrta asrlardagi maʼrifiy maʼnoga ega boʻlgan. Yelkaga tashlanadigan ipak shollar va yaqinlar esa nafosat, tantana va yuksak maqomni bir vaqtning oʻzida ifoda etgan.
Uning bosh kiyimi esa alohida eʼtiborga loyiq. Bibixonimning baland, silindrsimon bosh kiyimi marvarid, laʼl va feruza toshlar bilan bezalgan boʻlib, bu Temuriylar saltanatidagi “Katta xonim” maqomining eng ochiq ramzi hisoblangan. Shunday bosh kiyimni faqat Chingiziy nasabining eng yuksak vakili, saltanatda siyosiy nufuzga ega ayollargina kiyishi mumkin boʻlgan. Bosh kiyimga oʻraladigan ipak shollar va orqa tomonga tushirilgan nozik mato qatlamlari uning nafosatini yanada koʻtargan.
Texnika fanlari doktori, xalqaro moda olami vakili, professor Xolida Komilova Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi uchun Amir Temur va Bibixonim liboslari ustida ish olib bordi.
Bunda professor miniatyura va keyinchalik ishlangan rasmlardan hamda ispaniyalik sayyoh Rui Gonzales de Klavixo yozib qoldirgan manbalarga tayangani haqida toʻxtalib oʻtdi:
— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi uchun Amir Temur va Bibixonimning shohona liboslarini yaratdik. Bunda aniq asoslangan ilmiy manbalarga tayanganmiz. Unda Amir Temurning toʻni, kamari va liboslaridagi naqshlar, ular qanday maʼno anglatishini bilishimiz kerak edi. Shularni inobatga olgan holda sanʼatshunoslar va olimlar bilan liboslar ustida ish olib bordik. Klavixoning yozishicha, Bibixonimning bosh kiyimida qimmatbaho va rangdor toshlar boʻlgan, libosi ogʻirligidan uning ortidan 15 nafar qiz koʻmaklashib yurgan. Markaz ochilgandan soʻng ham, ekspozitsiya uchun Temuriy malikalarning shu kabi koʻplab liboslarini doimiy tarzda taqdim etib boramiz. Bizning sivilizatsiyamiz yuksak. Buni keng jamoatchilikka, dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishimiz uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi minbar vazifasini oʻtashi bizni mamnun qiladi.
Bibixonim libosi matolari ham yuqori tabaqaga xos noyob toʻqimalardan tayyorlangan. Ipak, baxmal va kamka asosiy material sifatida tanlangan. Kamka – zar ip bilan toʻqilgan qimmatbaho mato boʻlib, oʻrta asrlarda faqat hukmdor va saroy aʼzolari uchun ishlatilgan. Bu matolarning har biri oʻsha davrdagi iqtisod, sanoat va hunarmandchilikning yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Libosdagi toshlar va taqinchoqlar ham katta maʼnaviy-simvolik ahamiyatga ega.
Marvarid – poklik va oliy nasab ramzi boʻlsa, laʼl kuch-qudrat va matonatni, feruza esa yomon koʻzdan himoyani anglatgan. Bibixonimning yurak ustidagi marvaridli taqinchoq, peshonasidagi laʼl va yelkasidagi feruza barchaning diqqatini tortib, uning boshqa ayollardan mutlaqo farqli maqomiga ishora qilgan.
Qizil rang esa Bibixonim libosining markaziy gʻoyaviy oʻqi. Sharq tamaddunida qizil – davlat qudrati, tantana, kuchli iroda va zafar ramzi. Shu bois Bibixonim rasmiy marosimlar va diplomatik qabullarda asosan qizil va zarbof elementli libos kiygani manbalarda qayd etiladi.
Bugun Markaz ekspozitsiyasida Bibixonim obrazining qayta tiklanishi ilmiy manbalar, “Zafarnoma” miniatyuralari, etnografik tahlillar va rangshunoslik tadqiqotlariga asoslangan holda amalga oshirilgan. Ekspozitsiyadagi qayta tiklangan libos nafaqat ayol ziynati, balki Temuriylar saroy madaniyatining ruhini jonlantiradi. Uning libosi tarixiy hujjatdek qimmatli boʻlib, har bir qatlamida sulola qudrati, madaniy meros va Bibixonimning betakror shaxsiyati oʻz ifodasini topgan.
Shu tariqa, Bibixonim libosi – bu oddiy kiyim emas, balki oʻtmishdan suhbatdek jonli, qudratli va maʼnaviy boylikka ega tarixiy merosdir. U Temuriylar davrining ziynati, saroy estetikasining yuksak namunasi va oʻzbek milliy libos madaniyatining tamal toshi sifatida yurtimiz madaniy merosida oʻchmas oʻrin tutadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma