Jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan Xorazm Maʼmun akademiyasi dunyoga yanada kengroq taqdim etilmoqda

 

 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Birinchi Renessans davri” boʻlimi, Maʼmun akademiyasi kapsulasi

 

XI asr boshlarida Xorazm zaminida shakllangan Maʼmun akademiyasi oʻrta asrlar musulmon Sharqida ilm-fan, tafakkur va kashfiyotlar markaziga aylandi. Bu yerda Beruniy va Ibn Sino kabi dunyoviy tafakkur tarixini belgilab bergan allomalar ilmiy bahslar orqali yangi gʻoyalar yaratdilar. Qisqa faoliyat davriga qaramay, jahon sivilizatsiyasi rivojida oʻchmas iz qoldirgan ana shu Xorazm Maʼmun akademiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Birinchi Renessans davri” boʻlimida alohida oʻrin tutadi. 

 

Maʼmun akademiyasi maʼrifatparvar hukmdor Abul Abbos Maʼmun II homiyligida tashkil etilib, 1004-1017 yillarda faoliyat yuritgan. Bu davrda akademiya ilm-fanning dolzarb masalalari yuzasidan tadqiqotlar olib boriladigan, ilmiy munozaralar oʻtkaziladigan yirik markazga aylangan. Xususan, Ibn Sino va Beruniyning mashhur ilmiy yozishmalari aynan shu muhitda shakllangan ilmiy bahslar natijasidir.

 

X asr oxiri – XI asr boshlarida Xorazmda davlat boshqaruvi Markaziy Osiyoning boshqa hududlaridagiga nisbatan ancha mustaqil boʻlgan. Qadimiy Afrigʻiylar sulolasi barham topgach, poytaxtni Kat shahridan Gurganjga koʻchirgan amir Abu Ali Maʼmun ibn Muhammad (995–997) oʻzini Xorazmshoh deb eʼlon qilib, Maʼmuniy xorazmshohlar sulolasiga asos solgan. Ushbu sulola atigi 22 yil hukmronlik qilgan boʻlsa-da, fan va madaniyatni qoʻllab-quvvatlagan homiylar sifatida tarixda munosib iz qoldirgan.


Maʼmuniy xorazmshohlar Abbosiylar davrida, xususan xalifa Maʼmun (813–833) davrida shakllangan ilmiy-maʼrifiy anʼanalarni davom ettirishga intilganlar. Saroyda yetuk olimlar va shoirlar jamlanib, ilmiy va adabiy ijod uchun qulay sharoit yaratilgan. Turli fan sohalariga oid boy kutubxona tashkil etilib, mahalliy va xorijdan kelgan olimlar ishtirokida ilmiy majlislar va mushoiralar oʻtkazilgan.

 

Natijada Gurganj shahrida oʻziga xos ilmiy akademiya shakllangan.


Garchi Xorazm Maʼmun akademiyasi Maʼmuniylar sulolasining qisqa hukmronligi sababli Bagʻdoddagi “Bayt ul-hikma” miqyosiga yetmagan boʻlsa-da, unda faoliyat yuritgan olimlarning ilmiy salohiyati jihatidan bu markazdan kam emas edi. Akademiyada Abu Rayhon Beruniy, uning ustozi, yirik matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq, buyuk tabib va faylasuf Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl Masihiy, Abu-l-Xayr Xammor kabi mashhur allomalar ilmiy izlanishlar olib borganlar.

 

Mazkur ilmiy muhitni shakllantirishda xorazmshohlar bilan bir qatorda ularning yaqin aʼyonlari ham muhim rol oʻynagan. Jumladan, Ali ibn Maʼmun (997–1009) davrida vazirlik qilgan Abu Husayn Ahmad Sahliy yuksak maʼrifat va falsafiy tafakkur egasi boʻlgan. Abu Ali ibn Sino kimyo va tibbiyotga oid ayrim risolalarini aynan shu vazirga bagʻishlagani bejiz emas.

 

Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat yuritgan olimlar ilmiy anʼanalarini Bagʻdoddagi “Bayt ul-hikma”da Muhammad ibn Muso Xorazmiy va boshqa markaziy osiyolik allomalar asos solgan ilmiy maktab bilan bogʻlash mumkin. Ushbu anʼanalar X–XII asrlarda Xorazmda munosib davom ettirilgan.

 

Xorazm Maʼmun akademiyasi 1017 yilda Gʻazna hukmdori Mahmud Gʻaznaviy tomonidan Xorazm egallangunga qadar faoliyat koʻrsatdi. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida bu ilmiy markaz jahon ilm-fani tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

 

 

“Tib qonunlari”ning XIV asrga oid ibroniy tilidagi tarjimasi


Akademiya faoliyati davrida yaratilgan asarlar, xususan, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” va “Kitob ash-shifo” asarlari asrlar davomida Sharq mamlakatlarida keng oʻrganilib, Yevropada bir necha bor nashr etildi.

 

 

 

1494 yilda Hirotda koʻchirilgan “Kitob ash-shifo” qoʻlyozmasi

 

Bugungi kunda ushbu asarlarning noyob qoʻlyozmalari va qadimiy nashrlari, jumladan “Tib qonunlari”ning XIV asrga oid ibroniy tilidagi tarjimasi hamda 1494 yilda Hirotda koʻchirilgan “Kitob ash-shifo” qoʻlyozmasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasining aynan Xorazm Maʼmun akademiyasi uchun tashkil etilgan alohida kapsulasida namoyish etilmoqda. Markaz ekspozitsiyasidagi bunday yondashuv esa jahon sivilizatsiyasi asosi boʻlgan Xorazm Maʼmun akademiyasi haqida butun dunyoga yanada kengroq targʻib qilishga xizmat qiladi.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin