STAR: “Yangi Oʻzbekistonning yuksalayotgan ufqi”

Turkiyadagi nufuzli “STAR” internet gazetasida Oʻzbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqovning “Yangi Oʻzbekistonning yuksalayotgan ufqi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. Unda soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida madaniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan muhim tashabbuslar va ularning ahamiyati, xususan, Oʻzbekistonda roʻyobga chiqarilgan ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi va uning faoliyatiga oid jarayonlar haqida soʻz yuritilgan.
Oʻzbekistonda taʼlim, madaniyat, ilm-fan, sanʼat va yoshlar tarbiyasi sohalarida ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun mamlakatda “Uchinchi Renessansning poydevorini yaratish” iborasi keng qoʻllaniladigan muhim tushunchaga aylandi.
Shavkat Ortiqov / TURKSOYda Oʻzbekiston Respublikasi vakili
2016 yilda Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti sifatida ish boshlashi bilan mamlakatda nafaqat siyosiy hayot yangilandi, balki xalq va davlat munosabatlari, madaniy-ruhiy muhitda ham tubdan oʻzgarishlar davri boshlandi.
Bu jarayonda Oʻzbekistonning Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va barcha turk davlatlari bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi. Turk davlatlari tashkiloti, TURKSOY va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik mustahkamlandi.
Dunyoda iqtisodiy jihatdan rivojlangan koʻplab davlatlar mavjud boʻlsa-da, maʼnaviylik, axloq va madaniy qadriyatlarni saqlash barcha mamlakatlarda bir xil darajada qadrlanavermaydi. Oʻzbekiston esa taraqqiyot faqat iqtisodiy islohotlar bilan emas, balki madaniy va maʼnaviy yuksalish bilan bogʻliq ekanini anglab yetgan.
Shu bois taʼlim, madaniyat, ilm-fan, sanʼat va yoshlar tarbiyasi yoʻnalishlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. “Uchinchi Renessansning poydevorini yaratish” tushunchasi mamlakat hayotida muhim maʼnaviy tamoyilga aylandi.
Tarix davomida Oʻzbekiston zamini ikki buyuk maʼrifat davriga – Birinchi va Ikkinchi Renessansga beshik boʻlgan. Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Margʻinoniy, Nasafiy, Ulugʻbek, Alisher Navoiy va Bobur kabi zotlar insoniyat tarixiga yoʻl koʻrsatgan ulkan shaxslardir.
Biroq asrlar davomida xalq ogʻir sinovlardan oʻtgan, madaniyati va maʼnaviyatini asrab qolish uchun kurashgan. XX asr boshidagi Jadidchilik harakati ana shu kurashning ramzi edi. Jadidlar taʼlim, ilm, sanʼat va matbuot orqali xalq ongini yuksaltirishga, erkinlikka yetishishga harakat qildilar, koʻplari bu yoʻlda hayotini fido qildi.
Bugun jadidlarning yarim yoʻlda qolgan orzulari yana tiklanmoqda.
Islom maʼrifatini munosib oʻrganish…
Xorijdan kelgan mehmonni Oʻzbekistondagi muzeylar va tarixiy shaharlar bilan tanishtirardik, biroq uch ming yillik davlatchilik tarixini yaxlit tarzda namoyon etadigan maskanga ega emas edik. 2017 yil 23 iyundagi Prezident qarori asosida qurilishi boshlangan Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu boʻshliqni toʻldirgan mega loyiha sifatida hayotga tatbiq etildi. Bu madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy madaniy-maʼrifiy maskanlar yaratish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida islom dinining insoniy, tinchlikparvar va maʼrifatli qiymatlarini butun dunyoga yetkazishni muhim vazifalardan biri sifatida taʼkidlagan. Shuningdek, Oʻzbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalarning islomning yorugʻ qiyofasini insoniyatga namoyon etishdagi oʻrnini alohida uqtirgan.
2018 yil Ramazon hayiti kuni markazning poydevoriga tamal toshi qoʻyildi. Marosimda Prezident shunday degan edi: “Bu markazni barpo etishdan maqsad — islom maʼrifatini munosib oʻrganish, ajdodlarimizning buyuk merosini xalqimizga va jahon jamoatchiligiga yetkazishdir.”
Sakkiz yil davomida ulkan bino va infratuzilma qurilishi olib borildi. Prezident loyihani shaxsan oʻn marta koʻzdan kechirdi va uni takomillashtirish uchun oʻndan ortiq qaror va farmoyish qabul qilindi.
Bino 161 metr uzunlikda, 118 metr kenglikda, uch qavatli holda qadimiy meʼmoriy anʼanalar va milliy naqshlar uygʻunligida barpo etilgan. Dahlizlar 34 metr balandlikda, markazdagi asosiy gumbaz esa 65 metrga yetadi. Markazning yuragi — Qurʼoni Karim zali boʻlib, bu yerda Islom olamining eng qadimiy muqaddas yodgorliklaridan biri — Usmon mushafining noyob nusxasi namoyish etiladi. Shu bilan birga, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davriga oid muqaddas qoʻlyozmalar, turkiy tildagi tarjimalar va noyob Qurʼon yozma nusxalari ham joy oladi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston jahon muzeylari va xususiy kolleksiyalarida saqlanayotgan tarixiy merosini qaytarish boʻyicha keng qamrovli dasturni amalga oshirdi.
Maxsus ishchi guruh Saudiya Arabistoni, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Malayziya, Pokiston, Kuvayt, Eron kabi davlatlarida yuzdan ortiq kutubxona va muzeylardagi oʻzbek merosini oʻrgandi. Sotheby’s va Christie’s auksion uylaridan hamda xususiy toʻplamlardan 580 dan ortiq noyob eksponatlar sotib olindi.
2025 yil may oyida Christie’s savdosida Saljuqiylar davriga oid 35 ta buyum ham Oʻzbekistonga qaytarildi. Temuriylar davriga oid eksponatlar jahon antik bozorlarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Xususan, Mirzo Shohrux davriga tegishli “Meʼrojnoma” asarining birgina sahifasi juda yuqori baholangan.
Oʻzbekiston, shuningdek, Amir Temur amri bilan koʻchirilgan ulkan Qurʼon nusxasining bir qismi, Ibn Sinoning “Kitob ush-shifo” asari, Boburiylar davridan qoʻlyozmalar va miniatyuralarni ham vataniga qaytardi.
Ilm, sanʼat va iymon bir yerda
Markazda islomgacha boʻlgan sivilizatsiyadan boshlab Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va Yangi Oʻzbekiston davrigacha boʻlgan tarixiy yoʻl bir butun tarzda namoyish etiladi.
Afrosiyob va Dalvarzintepadan topilgan shaxmat toshlari Oʻzbekistonning shaxmat paydo boʻlgan hududlardan biri ekanini koʻrsatadi. Urgutning Moʻminobod qishlogʻida topilgan 3300 yillik nay esa bu zaminda musiqa sanʼati necha ming yillik anʼanaga ega ekanini isbotlaydi.
Kutubxonalar, ustaxonalar va xalqaro hamkorlik
Markazning uchinchi qavatida 350 ming bosma kitob va 5 million raqamli manbadan iborat zamonaviy kutubxona joylashgan. YuNESKO, TURKSOY, ISESCO, IRCICA va dunyoning koʻplab ilmiy markazlarining ofislari ham shu yerda faoliyat yuritadi. Bolalar uchun maxsus interaktiv zonalar tashkil etilgan.
2023 yilda oʻtkazilgan Birinchi Olimlar forumida 500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi, 600 dan ortiq taklif oʻrganildi. Keyin tashkil etilgan Ilmiy kengash 40 ga yaqin yigʻilish oʻtkazib, 200 dan ortiq masalani koʻrib chiqdi.
2024 yil avgust oyida Toshkent va Samarqandda oʻtkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi — Uchinchi Renessans poydevori” xalqaro kongressiga 40 dan ortiq davlatdan 350 olim qatnashdi. 170 ta loyiha va 200 ta taklif qabul qilindi.
Markaz BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, ISESCO Bosh direktori Salim al-Malik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich va Islom dunyoning nufuzli arboblarini qabul qildi. Prezident Mirziyoyev BMTning 80-sessiyasida Islom sivilizatsiyasi markazi tez orada ochilishini eʼlon qildi.
Markaz 13-15 noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros — umumiy kelajak” nomli yirik xalqaro kongressga ham mezbonlik qildi. Tadbir ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoʻllagan tabriknomada markazning kelajakdagi asosiy vazifalari belgilab berildi.
Prezident Mirziyoyev taʼkidladi:
“Xalqaro hamkorlarimiz bilan maʼnaviy-maʼrifiy merosni asrash borasida tajriba va fikr almashish, qoʻshma tadqiqot va loyihalarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash doimiy eʼtiborimizda boʻladi. Sizlarning ishtirokingiz bilan Islom sivilizatsiyasining jahon maʼrifat taraqqiyoti va ilm-fanga qoʻshgan hissasiga doir BMT Bosh Assambleyasining maxsus qaror loyihasini tayyorlash muhim amaliy qadam boʻladi. Keyingi yili BMT Bosh qarorgohida ajdodlarimizning boy ilm-maʼrifat merosiga bagʻishlangan maxsus tadbir oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Markaziy Osiyoning qadimiy ilmiy-maʼrifiy markazi sifatidagi nufuzini kuchaytirishda birgalikda samarali ishlar amalga oshirishimiz zarur.”
Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qilgan har bir kishi bu zaminning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasini kashf etar ekan, chuqur hurmat va hayrat tuygʻularini his etadi. Bu markaz nafaqat meʼmoriy inshoot, balki Yangi Oʻzbekistonning ruhi, maqsadi va yangilanish irodasini ifoda etuvchi madaniy loyihadir.
Oʻzbek xalqi bunday noyob markazga ega boʻlgani bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma