Imom Moturidiy ilmiy merosi va uning islom taʼlimotidagi oʻrni muzey ekspozitsiyasida aks ettirildi
Markaziy Osiyo Birinchi Renessans davrida islom tafakkurida yangi davr boshlandi. Ana shu ilmiy va maʼnaviy yuksalish jarayonida aql va eʼtiqod uygʻunligini ilmiy asoslagan, sunniy aqidaning nazariy poydevorini mustahkamlagan buyuk mutafakkir — samarqandlik Imom Abu Mansur Moturidiy islom sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻrin tutadi.
Imom Moturidiyning ilmiy merosi islom ilohiyotining shakllanishiga beqiyos taʼsir koʻrsatdi. U eʼtiqodni aql-zakovat asosida anglash, aql va vahiy oʻrtasidagi uygʻunlikni asoslab berish orqali sunniy aqidaning mustahkam nazariy poydevorini yaratdi. Joriy yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanayotgani uning merosi bugun ham dolzarb ekanidan dalolatdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi allomaning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, shuningdek, dunyo ilohiyotshunoslari oʻrtasida samarali ilmiy muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Abu Mansur Moturidiy hozirgi Samarqand viloyati Jomboy tumani tarkibidagi Moturid qishlogʻida tavallud topgan. Umrining oxirigacha shu hududda yashab, vafotidan soʻng Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Uning ilmiy shakllanishiga Samarqanddagi Iyoziya aqidaviy maktabi va mahalliy hanafiy ulamolar katta taʼsir koʻrsatgan.
Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn Husayn Iyoziy, Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy kabi oʻz davrining mashhur olimlaridan taʼlim olib, keyinchalik oʻzi ham fiqh va kalom ilmlaridan dars bergan.
Abdurasul Yaxshiboyev, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi:
“Abu Mansur Moturidiy “Kitob at-tavhid” va “Taʼvilot ahl as-sunna” kabi fundamental asarlar muallifidir. “Kitob at-tavhid” musulmon ilohiyotshunosligida bilish nazariyasi mufassal bayon qilingan dastlabki asarlardan biri sanaladi. Unda sof diniy chegaradan chiqmagan holda aql-idrok ulugʻlanadi, mantiqan asoslangan bilimning ahamiyati eʼtirof etiladi. Asarda aqidaviy masalalarda adashgan firqalarning qarashlariga ilmiy va asosli raddiyalar berilgan. Olimning asosan, shu asarida moturidiy taʼlimoti yoritib berilgan va bugungi kunga qadar uning gʻoyalari hanafiy mazhabi vakillarining aqidaviy dasturi sifatida xizmat qiladi. “Kitob ut-tavhid” keyingi davrlarda yirik olimlar tomonidan sharhlandi. Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asari shular jumlasidan.
Abu Mansur Moturidiyning “Taʼvilot ahli-s-sunna” asari har tomonlama mukammal, ilmiy, fasohat jihatidan kuchli uslubga ega boʻlgan tafsir hisoblanadi. Ushbu asarni oʻrganish davomida Moturidiy uslubidagi baʼzi umumiy yoʻnalishlar bilan bir qatorda faqat allomaning oʻziga xos, boshqalardan ajralib turadigan tafsir uslublarini ham koʻrish mumkin. Bir jumla bilan aytganda keng qamrovliligi va oyatlarning har tomonlama chuqur oʻrganilishi bilan bu tafsir boshqalardan ajralib turadi.
Shuningdek, Imom Moturidiy “Maʼaxiz ash-sharoiʼ”, “Kitob al-usul”, “Kitob al-jadal” kabi asarlarida muhim aqidaviy masalalarni chuqur tahlil qilgan. U Imom Abu Hanifaning qarashlarini sharhlab, ularni yanada rivojlantirdi. Moturidiy taʼlimoti mintaqaning ilmiy-madaniy yuksalishiga mustahkam zamin yaratdi.”
Alloma islom dini asoslarini mantiqan tushuntirish, insonning tanlov huquqi, dinlararo bagʻrikenglik va ijtimoiy hamjihatlik gʻoyalarini ilgari surishi bilan ajralib turadi. Moturidiy ilmiy merosining mustaqil taʼlimot sifatida shakllanishida uning shogirdlari va izdoshlarining hissasi beqiyosdir.
Xususan, Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat al-adilla”, Umar Nasafiyning “al-Aqoid an-nasafiya”, Alouddin Usmandiyning “Lubob al-kalom”, Nuriddin Sobuniyning “al-Bidoya fi usul ad-din”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxis al-adilla” hamda Abul Barakot Nasafiyning “Umda al-aqoid” asarlari moturidiylik taʼlimotining ilmiy-nazariy asoslarini mustahkamlovchi muhim manbalar hisoblanadi.
Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik taʼlimoti Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mintaqalarida keng yoyilib, asrlar davomida eʼtiqod masalalarida bagʻrikenglik, moʻʼtadillik va maʼrifat ramzi boʻlib kelmoqda. Yurtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Moturidiy va Abul Muin Nasafiy ziyoratgohlari tubdan taʼmirlanib, obod va muqaddas maskanlarga aylantirildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Birinchi Renessans davri boʻlimi 5-kapsulasida Moturidiylik taʼlimotining dunyo boʻylab tarqalishi xaritasi, Abu Mansur Moturidiy maqbarasi maketi, Abu Mansur Moturidiy ilmiy ishlari, izdoshlari, aqida ilmi, Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor mavzularida devoriy matn pannolari, mutafakkirning XIV asrda koʻchirilgan “Tavilot ahli as-sunna” asari qoʻlyozmasi, 1737 yilda koʻchirilgan Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” asari qoʻlyozmasining asl nusxasi qoʻyildi.
Shuningdek, islomning 5 rukni, Moturidiy ilmiy faoliyati, Moturidiy maktabi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Imom Moturidiyga boʻlgan eʼtirof soʻzlari roliklari qoʻyilgan. Ekspozitsiyada kufiy xatidagi aqidaga oid matnlar tushirilgan sopol idishlar joylashtirilgan.
Imom Moturidiy merosi bugungi kunda ham islom ilohiy tafakkurining muhim tayanchi boʻlib, insonparvarlik, aql va eʼtiqod uygʻunligi gʻoyalarini targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma