La Gazzetta dello Sport nashri vakili: “Oʻzbekiston dunyo xaritasida yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda”
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muallifligida 2017 yil 23 iyuldagi qarorga asosan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari xalqaro mehmonlarning diqqatini tortishda davom etmoqda. Markazga tashrif buyurgan Setanta Sports Uzbekistan platformasi hamda La Gazzetta dello Sport nashri vakili, gruziyalik Lasha Machavariani markaz ekspozitsiyalarida tarixning turli davrlari yagona tizimda taqdim etilganini, ilmiy-maʼrifiy konsepsiyasi va ekspozitsiya yechimlarini yuqori baholadi.
Tashrif doirasida mehmonlar markazning asosiy kirish zalini koʻzdan kechirdi. Ushbu zalda allomalar hayoti va ularning kashfiyotlari aks etgan mozaikali ravoqlar bilan yaqindan tanishdi. Avatarlar yordamida allomalar kashfiyotini oʻz tilidan eshitish mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Markaz muzeyining toʻrt boʻlimdan iborat ekspozitsiyalarida qadimgi davrlardan to hozirgi zamongacha boʻlgan sivilizatsiya jarayoni izchil va tizimli tarzda yoritilgan.
IX-XIII asrlarni qamrab olgan Birinchi Renessans davri boʻlimida tarixiy shaxslar, ularning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni, arxitektura va ilm-fan sohalaridagi yutuqlari videomateriallar, fotosuratlar va real eksponatlar orqali namoyish etildi. Bu mehmonlarga oʻsha davr muhitini yaqindan his qilish imkonini berdi. Barcha kapsulalar bilan yaqindan tanishib katta qiziqish bildirishdi.
Muzeyning Ikkinchi Renessans davri boʻlimida XIV-XIX asrlarda hukmronlik qilgan Temuriylar va xonliklar davri tarixiy bosqichlariga oid noyob eksponatlar bilan tanishdi. Xususan, Amir Temur davrida sohibqiron tashabbusi bilan koʻchirilgan Qurʼoni karim, tarixiy vaqf hujjatlari, Ulugʻbek rasadxonasiga oid ilmiy meros hamda xonliklar davriga mansub qilich eksponatlari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Markazni barpo etishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va loyihaning yuqori professional darajada amalga oshirilgani alohida eʼtirof etildi.
– Bu juda buyuk va ajoyib gʻoya. Shu tashabbus uchun Prezidentingizga chuqur hurmatimni bildiraman. Markaz Oʻzbekistonni dunyo xaritasida yanada yaqqol namoyon qilmoqda va mamlakat turizmi uchun katta turtki boʻladi. Bu uzoqni koʻzlagan, dadil va strategik tashabbus. Islom dunyosi juda keng ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Shunday ulkan Markazning aynan Oʻzbekistonda, Toshkent shahrida joylashgani mamlakat turizmi uchun katta turtki boʻlishiga ishonchim komil. Shu bois, bu mamlakatga sayohat qilish yanada qiziqarli va jozibador boʻladi. Albatta, bu yurtga kelish uchun koʻplab sabablar bor, ammo Islom sivilizatsiyasi markazi ham sayyohlarni bu yerga jalb qiladigan muhim omillardan biri, deb oʻylayman.
Faqat islom olamidan emas, balki boshqa din vakillari — masalan, biz kabi nasroniylar, pravoslavlar va katoliklar uchun ham islom dunyosi juda qiziq. Chunki biz uning dunyo boʻylab qanday tarqalganini, madaniyat va tarixda qanday oʻrin tutganini yaxshiroq tushunishni istaymiz. Shu sababli Toshkentga kelib, bularning barchasini oʻz koʻzimiz bilan koʻrish biz uchun ham juda qiziqarli tajriba boʻladi, —
dedi Lasha Machavariani.
Shuningdek, Markazning “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimi bilan ham tanishib, Oʻzbekistonning turizm salohiyati, madaniy rivojlanishi va xalqaro maydondagi oʻrniga oid maʼlumot oldi. Zamonaviy multimedia yechimlari va ilmiy-maʼrifiy ishlanmalar mehmonlarda alohida qiziqish uygʻotdi.
Shu bilan birga, mehmon Oʻzbekistonda sport sohasining rivojlanishiga ham alohida eʼtibor qaratib, sportni qoʻllab-quvvatlash va La Gazzetta dello Sport’ning oʻzbekcha nashrini yoʻlga qoʻyish orqali bu jarayonga hissa qoʻshish niyatida ekanini bildirdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma