Oʻzbekiston Prezidentining mualliflik loyihasi “Kelajak muzeyi” deya eʼtirof etilmoqda

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari xalqaro miqyosda turli davlatlar, ilmiy va diniy doiralar vakillarining yuksak eʼtiborini tortmoqda. Zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va interaktiv yechimlar orqali islom sivilizatsiyasining koʻp asrlik tarixi yangicha talqinda namoyon etilgan ushbu maskan mehmonlar tomonidan “kelajak muzeyi” sifatida baholanmoqda.

 

 

 

Xususan, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Afgʻoniston Islom Amirligi Mudofaa vazirligi delegatsiyasi yaratilgan ekspozitsiyalar, islomiy-maʼnaviy merosning zamonaviy texnologiyalar asosida taqdim etilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya aʼzolarida Qurʼoni Karim zalining ulugʻvor muhiti hamda Qurʼon ilmlarining chuqur maʼnaviy-falsafiy talqinda yoritilgani mehmonlarni chin maʼnoda hayratga soldi.

 

 

Shuningdek, islom dini tarixi, uning ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi oʻrnini chuqurroq oʻrganish maqsadida tashrif buyurgan Oʻzbekiston Xalqaro Islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchilari va talabalari Markazda interaktiv oʻyinlar orqali ham ilm berishga qaratilgan yondashuv, har bir ekspozitsiyaning maʼrifiy mazmunga egaligidan katta taassurot olishdi. Xususan, har bir ekspozitsiyada oʻziga xos interaktiv yechimlar mavjudligi, buyuk allomalar bilan virtual muloqot qilish imkoniyati, shuningdek, “Shon-sharaf zali”dagi allomalar haqida oʻndan ortiq tilda maʼlumot berilishi yoshlar va ilmiy doira vakillarida alohida qiziqish uygʻotdi.

 

 

 

Bundan tashqari, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti, Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi aʼzosi Gao Syan boshchiligidagi delegatsiya ham Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Xitoylik mehmonlar Markazning ayniqsa Islomdan avvalgi davr boʻlimida Buyuk Ipak yoʻlining aniq va mukammal tasviri, har bir detalga ilmiy asoslangan yondashuvni yuqori baholashdi. Sunʼiy intellekt asosida yaratilgan Sharq bozori tasviri delegatsiya aʼzolarini eng koʻp qiziqtirgan ekspozitsiyadan biri boʻldi.

 

 

 

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan tadbirkorlar delegatsiyasi “Yangi Oʻzbekiston” boʻlimida taqdim etilgan Humo AI bilan muloqot qilish orqali oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatini yuksak baholadilar. 


Mehmonlarning taʼkidlashicha, ular bu paytga qadar Birlashgan Arab Amirliklarida ham, Turkiyada ham bu darajada islom sivilizatsiyasiga bagʻishlangan muzey yoki markazni uchratmagan. Ularning fikricha, yaqin kelajakda ham dunyoning boshqa hududlarida ushbu loyihaga teng keladigan majmua paydo boʻlishi qiyin.


Shuningdek, mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazini haqiqiy maʼnoda “kelajak muzeyi” sifatida baholashdi.

 

Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri masjidlari din ulamolarini esa Markazning Qurʼoni karim zalida namoyish etilgan Usmon mushafi eng koʻp hayratga soldi. Ulamolar ushbu nodir yodgorlikning nafaqat tarixiy, balki maʼnaviy ahamiyati, uning zamonaviy ekspozitsiya konsepsiyasi orqali keng jamoatchilikka taqdim etilganini alohida eʼtirof etdilar.

 

 

 

Shuningdek, Markazga qoʻshni davlatlar delegatsiyalarining tashriflari ham amalga oshirilmoqda. Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Ijodiy Ilhom” markazi ommaviy tomoshalar rejissyori Bahriddin Rajabov boshchiligidagi delegatsiya Markazga tashrif buyurdi. 


Delegatsiya vakili Bahriddin Rajabovning qayd etishicha, ekspozitsiyalarni toʻliq anglash uchun har bir eksponat oldida toʻxtab, mazmun-mohiyatiga chuqur nazar tashlash zarur.


Shuningdek, mazkur ekspozitsiyalar xalqlarning mushtarak tarixi va maʼnaviy yaqinligini yaqqol namoyon etadi. Turli til va madaniyatga mansub boʻlishiga qaramasdan, Markazda aks ettirilgan tarixiy manzaralar Markaziy Osiyo xalqlarining oʻzaro bogʻliq ekanini, ularni ajratib boʻlmas umumiy ildizlar birlashtirib turishini anglatadi. Bu esa mintaqadagi doʻstlik, oʻzaro anglashuv va hamjihatlik gʻoyalarini yanada mustahkamlaydi.

 

Tashrif buyurgan turli mamlakat vakillarining yakdil fikricha, Markazdagi ekspozitsiya yechimlari “bu meniki” yoki “uniki” degan tor qarashdan yiroq boʻlib, aksincha, barchani birlashtiruvchi umumiy tarixiy va maʼnaviy meros gʻoyasini ilgari suradi. Bu makonga tashrif buyurgan har bir inson oʻz tarixini boshqalar tarixi bilan uygʻun holda his etish, uni chuqurroq anglash imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Markaz har bir tashrif buyuruvchida faqatgina kuchli taassurot qoldirish bilan cheklanmay, uni chuqur tafakkurga, tarixiy xotirani anglashga va oʻz maʼnaviy merosi bilan faxrlanishga undamoqda. Turli millat vakillarini bir makonda jamlab, umumiy qadriyatlar atrofida birlashtirayotgan ushbu maskan haqiqiy maʼnoda xalqlar doʻstligi va sivilizatsiyalar muloqotining zamonaviy ramzi sifatida namoyon boʻlmoqda.