Fargʻoniy, Xorazmiy va Ibn Sino haqidagi yangi videoroliklar Euronews va CNN telekanallari orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etildi



«Maʼrifat aks-sadosi» hujjatli filmlar turkumi doirasida, «Oskar» mukofoti sohibi, jahonga mashhur britaniyalik aktyor Ben Kingsli ishtirokida suratga olingan Fargʻoniy, Xorazmiy va Ibn Sinoga bagʻishlangan videoroliklar yetakchi xalqaro telekanallar — Euronews va CNN efirlarida namoyish etildi.
Ushbu videomateriallar Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli medialoyihaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Sharq Uygʻonishi davrining buyuk mutafakkirlari qoldirgan ilmiy va maʼnaviy meros xalqaro auditoriyaga zamonaviy, taʼsirchan vizual formatda taqdim etilmoqda. Videoroliklar islom sivilizatsiyasi bagʻrida shakllangan ilm-fan, tafakkur va maʼnaviyat anʼanalari bilan jahon jamoatchiligini tanishtirishga qaratilgan.
Loyihada ser Ben Kingsli ishtirok etmoqda. U Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek Mirzo, Alisher Navoiy va Amir Temur kabi buyuk shaxslarning hayoti, ilmiy merosi hamda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida hikoya qiladi.
«Maʼrifat aks-sadosi» loyihasi doirasida tarix, madaniyat va ilm-fan rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatgan mashhur olim va mutafakkirlarning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan oʻndan ortiq qisqametrajli hujjatli filmlar yaratish rejalashtirilgan. Ushbu filmlar xalqaro auditoriyaga moʻljallangan boʻlib, dunyoning yetakchi mediaplatformalarida namoyish etiladi.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari doirasida amalga oshirilmoqda hamda mamlakatning boy ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib etish, xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekistonni qadimgi sivilizatsiyalar beshigi va jahon ilm-fan hamda maʼrifat markazlaridan biri sifatida namoyon etishga qaratilgan.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma