Ming yillik bahs: Ibn Sino va Beruniyning oʻzaro yozishmalari ilk bora jamoatchilikka taqdim etilmoqda


Insoniyat tafakkuri tarixida shunday ilmiy muloqotlar borki, ular asrlar osha oʻz qimmatini yoʻqotmaydi. Xorazm va Buxoro zaminidan yetishib chiqqan ikki buyuk alloma — Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy oʻrtasidagi ilmiy savol-javoblar ana shunday noyob maʼnaviy-ilmiy merosdir. Astronomiya, fizika va falsafaga oid bu yozishmalar nafaqat oʻsha davr ilm-fani darajasini, balki Sharq uygʻonish davrida tanqidiy fikrlash madaniyati nechogʻli yuksak boʻlganini ham yaqqol namoyon etadi. Bugun esa fan tarixida ilk intellektual munozaralar aks etgan ushbu nodir qoʻlyozmalardan biri Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi orqali keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

 

Abu Ali ibn Sino oxirgi ming yil davomida jahon ilm-fani tarixida tengi yoʻq alloma sifatida eʼtirof etilib kelinmoqda. Shu bilan birga, Abu Rayhon Beruniy ham ilmiy salohiyati, qomusiy bilimlari va tadqiqotlari bilan Ibn Sinodan kam boʻlmagan darajada mashhurlikka erishgan. Hatto fan tarixi boʻyicha taniqli olim Jorj Sarton XI asrni “Beruniy asri” deb atab, uning ilm-fan taraqqiyotidagi oʻrniga yuksak baho bergan.

 

Xorazm va Buxoro zaminidan yetishib chiqqan bu ikki buyuk alloma bir davrda yashab ijod qilgan. Shu bois, ularning oʻzaro munosabatlari, ilmiy muloqotlari va bahslari bugungi kunda ham tadqiqotchilarni qiziqtirib keladi. Bir asrda yashagan ushbu ikki buyuk tafakkur sohiblarining oʻzaro ilmiy muloqotlari haqida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratilgan. 

 

X asr oxirlarida Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy oʻrtasida olib borilgan ilmiy yozishmalar oʻsha davrda astronomiya, falsafa va fizika sohalarida shakllangan qarashlar haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Ushbu yozishmalarda Beruniy tomonidan qoʻyilgan savollarga Ibn Sino batafsil javoblar yoʻllagan.

 

Manbalarga koʻra, Ibn Sino Beruniyning deyarli barcha savollariga javob bergan boʻlsa-da, Beruniy yozishmalarning birinchi qismidagi oltinchi va sakkizinchi, shuningdek, ikkinchi qismdagi sakkizinchi javobdan tashqari, qolgan javoblarga eʼtiroz bildirgan. Ushbu eʼtirozlarga Ibn Sinoning shogirdi boʻlgan Abu Abdulloh Maʼsumiy javob yozib, ustozining fikrlarini himoya qilgan va mustahkamlagan. Maʼsumiy Ibn Sinoning yaqin shogirdlaridan boʻlib, buyuk alloma oʻzining mashhur “Kitob ul-ishq” asarini aynan unga bagʻishlagan.

 

 

Mazkur yozishmalarning qoʻlyozmalari bugungi kunda jahonning turli ilmiy fondlari va kutubxonalarida saqlanadi. Risola ilk bor 1917 yilda Qohirada chop etilgan “Jomiʼ ul-badoiʼ” toʻplamida nashr qilingan. Shuningdek, 1953 yilda Istanbul universiteti tomonidan eʼlon qilingan “Ibn Sino risolalari” (ikki jildlik) asarining ikkinchi jildidan ham oʻrin olgan. Ushbu yozishmalarni ilmiy jihatdan chuqur oʻrganish asosan XX asrning birinchi yarmidan keyin boshlangan.
“Beruniy va Ibn Sinoning savol-javoblari” nomi bilan tanilgan risola ilk bor 1950 yilda alohida kitob holida oʻzbek, arab va rus tillarida nashr etilgan boʻlib, u jami 18 ta savol-javobdan iborat.

 

Yozishmalarning dastlabki oʻnta savoli Aristotelning “Osmon haqida kitob” asariga oid masalalarni qamrab oladi. Ularda osmon sferasining tabiati, harakati, abadiyligi, jismlarning shakli va boʻlinishi, Quyosh nuri va issiqlikning tarqalishi kabi muhim masalalar muhokama qilingan.

 

Qolgan sakkizta savol esa Aristotelning «Fizika» asariga taalluqli boʻlib, ular orasida yorugʻlikning sinishi, jismlarning kengayishi va torayishi, muzning suv yuzasida suzishi, boʻshliq masalasi, shuningdek, Yer va tabiat hodisalari bilan bogʻliq ilmiy muammolar mavjud.

 

Mazkur savol-javoblar ikki buyuk allomaning dunyoqarashi, mantiqiy tafakkuri va ilmiy bahs yuritish madaniyatini yaqqol namoyon etadi. Ular Sharq ilm-fanida tanqidiy fikrlash va dalillarga asoslangan munozara anʼanasi naqadar rivojlanganini koʻrsatadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ushbu noyob yozishmalar alohida oʻrin egallagan. Beruniy va Ibn Sino ilmiy yozishmalarining qoʻlyozma faksimil nashri markazning Birinchi Renessans davri boʻlimi ekspozitsiyasiga kiritilgan.

 

Rahmonova Shahnoza

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin