Jahonga mashhur aviatsiya mutaxassislari Islom sivilizatsiyasi markazida: mehmonlarni nima hayratga soldi?

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga jahon aviatsiya sohasida yetakchi kompaniyalar — DC Aviation va Bombardier Aviation vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, boy tarixiy-maʼnaviy merosning zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun holda namoyish etilayotganiga yuksak baho berdilar.
Delegatsiya safari Markazning Shon-sharaf zalidan boshlandi. Bu yerda joylashgan 14 ta ravoqdagi mikromozaika usulida ishlangan monumental kompozitsiyalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu asarlarda Markaziy Osiyo tarixidagi buyuk shaxslar va sivilizatsion rivojlanish ramziy obrazlar orqali ifodalangan.

“Islomdan avvalgi davr” boʻlimida mehmonlar interaktiv ekranlar orqali turli sivilizatsiyalar davriga oid yozuvlarni zamonaviy alifboda kiritib, ularning qadimgi toshbitik shaklidagi koʻrinishini sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu innovatsion yechim ekspozitsiyaning ilmiy-ommabop ahamiyatini yanada oshirib, delegatsiya aʼzolarida alohida qiziqish uygʻotdi.

Sugʻd sivilizatsiyasi boʻlimida esa maxsus ekranlar orqali qadimiy liboslarni virtual tarzda “kiyib koʻrish” imkoniyati yaratilgani mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Umuman olganda, ekspozitsiyalarda interaktiv texnologiyalar va sunʼiy intellekt yechimlarining keng qoʻllangani zamonaviy muzeyshunoslikning ilgʻor namunasi sifatida baholandi.
“Birinchi Renessans davri” boʻlimida delegatsiya immersiv xona orqali ushbu davrda yashab ijod qilgan buyuk allomalar, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti bilan tanishdi. “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimida esa Ulugʻbek madrasasi va oʻsha davrda amalga oshirilgan astronomik tadqiqotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Qoʻqon xoniga tegishli original qilich ekspozitsiyaning eng qiziqarli eksponatlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.


“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimida mehmonlar mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va istiqbolni aks ettiruvchi maxsus videorolikni tomosha qildilar. Bayroq installyatsiyasi va undagi ramziy maʼnolar ham delegatsiya eʼtiborini tortdi. Gid tomonidan berilgan batafsil sharhlar ekspozitsiya mazmunini yanada boyitdi.
Tashrif davomida mehmonlar Humo AI sunʼiy intellekt tizimi bilan muloqot qilib, oʻzlarini qiziqtirgan huquqiy savollarga javob oldilar. Xalqaro aloqalarga bagʻishlangan boʻlimda esa turli davlatlar rahbarlari va taniqli shaxslarning hayoti hamda faoliyatiga oid nashrlar bilan tanishdilar.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskanning ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Mehmonlar Markazdan katta bilim, chuqur taassurot va yuksak baholar bilan chiqayotganliklarini taʼkidlab, bunday maskanning barpo etilgani tarixiy ahamiyatga ega tashabbus ekanini alohida qayd etdilar.
Bombardier Aviation kompaniyasining mintaqaviy vitse-prezidenti Ettore Rodaro oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, quyidagilarni taʼkidladi:
“Avvalo, Markazning miqyosi, goʻzalligi va meʼmoriy yechimlari nihoyatda hayratga soldi. Uning mazmuni esa bundan-da chuqur va taʼsirli. Bu maskan butun dunyoga islomning asl mohiyati — tinchlik, ilm-maʼrifat va taraqqiyot dini ekanini anglatishda beqiyos ahamiyatga ega. Oʻzbekistonga ilk bor kelishim. Sizlarning boy tarixingiz va uni zamonaviy usullar bilan dunyoga yetkazish yondashuvi meni chinakam lol qoldirdi. Bu Markaz kelajak avlodlar uchun ham nihoyatda muhim va foydali boʻlishiga ishonaman.”
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma