Erondan Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxonning tarixiy farmoni nusxasi Oʻzbekistonga qanday qaytarildi?

Sakkiz yil davomida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat ulkan meʼmoriy majmua, balki bir necha yuzlab olimlar mehnati mujassam boʻlgan ilmiy-maʼrifiy makon sifatida eʼtiborni tortmoqda. Markaz muzeyi ekspozitsiyalaridagi tarixiy merosimizning noyob ashyolari, nodir artefaktlar esa bu qiziqishni kuchaytirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi – 8 yil davomida 4000 ga yaqin quruvchilar ishtiroki bilan qurilib, 800 ga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar, shuningdek, sanʼatshunoslar, hunarmandlar, dizaynerlar kabi bir necha soha mutaxassislari tomonidan islomdan avvalgi davrdan boshlab bugungi Yangi Oʻzbekistongacha taraqqiyot jarayonlari shakllantirilgan, eng muhimi, joriy yilda ochilishi kutilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Ushbu Markaz muzeyining tashqi mahobatidan tashqari ichki mazmuni ham keng qamrovliligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, muzey ekspozitsiyasining “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimining “Oʻzbek xonliklari”ga bagʻishlangan qismida jamlangan ekspozitsiyalar orqali inson oʻzbek davlatchiligining ildizlari, milliy til va maʼnaviyat taraqqiyoti qanday shakllanganini yaqqol his qiladi.
Ushbu sektorda Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Qoʻngʻirotlar, Mangʻitlar va Minglar sulolalari tarixi izchil tarzda yoritilgan. Ekspozitsiya orqali XV–XIX asrlarda Markaziy Osiyoda mavjud boʻlgan siyosiy jarayonlar, davlat boshqaruvi tizimi, madaniy muhit haqida keng tasavvur hosil qilish mumkin.
Ayniqsa, Shayboniylar va Ashtarxoniylar davriga oid nodir qoʻlyozmalar, rasmiy hujjatlar, farmonlar alohida eʼtiborni tortadi. Ular orasida buyuk Xiva xoni, tarixchi va mutafakkir Abulgʻozi Bahodirxonga tegishli turkiy tilda yozilgan farmon ekspozitsiyaning eng qimmatli durdonalaridan biri sanaladi.
Mazkur farmonning asl nusxasi hozirda Eron Islom Respublikasining Mashhad shahrida joylashgan Ostoni Quddusi Razaviy kutubxonasida saqlanmoqda. 2025 yilda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan ushbu islom mamlakatiga amalga oshirilgan ilmiy safar davomida bunga guvoh boʻlishdi. Bu esa noyob artefaktning faksimeli nusxasini yaratishga sabab boʻldi. Markaz ekspozitsiyasidan oʻrin olgan Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon tarixiy farmonining nusxasi mashhur xattot Habibulloh Solih tomonidan koʻchirildi.
Bugun ushbu tarixiy hujjat, nodir artefakt oʻzbek davlatchiligi va siyosiy madaniyatining yorqin namunasi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Bu jarayon muzey ekspozitsiyasining ilmiy asoslanganligini yana bir bor namoyon etadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma